Insoniyat tarixi davomida jismoniy yoki ruhiy imkoniyatlari cheklangan shaxslarga bo‘lgan munosabat jamiyat taraqqiyoti bilan birga o‘zgarib borgan. Turli davrlarda bu masalaga turlicha yondashilgan bo‘lsa-da, qadimdan mutafakkirlar ushbu toifadagi insonlarning hayoti, ularni qo‘llab-quvvatlash va jamiyatga moslashtirish masalalariga befarq bo‘lmagan. Xususan, Aristotel, Seneka hamda Sitseron asarlarida jamiyat va nogironligi bo‘lgan shaxslar o‘rtasidagi munosabatlar muhokama qilingan.
Tarixiy manbalarga ko‘ra, nogironlik holatlari, ayniqsa, urushlardan keyin keskin ko‘paygan. Shu bois dastlab davlat e’tibori asosan harbiy xizmat davomida jarohatlanganlarga qaratilgan va ular “invalid” atamasi bilan yuritilgan. Vaqt o‘tishi bilan bu toifa harbiy jarohat olganlar hamda tug‘ma yoki hayot davomida nogironlik orttirgan shaxslarga ajratila boshlandi.
Qadimgi Yunon va Rim jamiyatlarida harbiy nogironlar davlat himoyasiga olinib, ularga yer, moddiy yordam va ijtimoiy imtiyozlar berilgan. Boshqa imkoniyati cheklangan shaxslar uchun esa g‘aribxonalar va maxsus muassasalar tashkil etilgan. O‘rta asrlarda Yevropada bu vazifa asosan diniy muassasalar zimmasiga yuklatilgan bo‘lsa, keyinchalik davlat tomonidan tizimli ijtimoiy yordam va nafaqa mexanizmlari shakllana boshladi.
XVII asrga kelib, ijtimoiy himoya yangi bosqichga ko‘tarildi. 1671-yilda Parijda Hotel des Invalides muassasasining tashkil etilishi nogironlarga markazlashgan holda xizmat ko‘rsatish tizimiga asos soldi. XIX asrda esa davolash, kasbga o‘rgatish va ijtimoiy moslashtirish ishlari yanada tizimli tus oldi. Bu jarayonda Qizil Xoch jamiyati kabi xalqaro tashkilotlar muhim rol o‘ynab, tibbiy yordam, sanitariya-gigiyena va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishida keng faoliyat olib bordi.
Markaziy Osiyoda ham bu jarayonlar o‘z aksini topdi. 1890-yilda Toshkentda Qizil Xoch jamiyatining okrug boshqarmasi tashkil etilib, keyinchalik uning faoliyati kengaytirildi. Ushbu tuzilmalar orqali aholiga tibbiy yordam ko‘rsatish, epidemiyalarga qarshi kurashish va sanitariya madaniyatini oshirish ishlari yo‘lga qo‘yildi. Qishloqlarda ambulatoriyalar ochilib, hamshiralar tayyorlash kurslari tashkil etildi.
Mustaqillikdan so‘ng, O‘zbekiston Qizil Yarim Oy Jamiyati mustaqil milliy tashkilot sifatida shakllanib, 1995-yilda xalqaro harakat tarkibiga qo‘shildi. Bugungi kunda u davlat idoralari bilan hamkorlikda aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, tabiiy ofatlar oqibatlarini yumshatish, epidemiyalarga qarshi kurashish va ijtimoiy himoyani kuchaytirish yo‘nalishida faoliyat yuritmoqda.
Imkoniyati cheklangan shaxslarga munosabat evolyutsiyasi jamiyatning insonparvarlik darajasini aks ettiradi. Bugungi kunda bu masala nafaqat ijtimoiy yordam, balki teng imkoniyatlar, inklyuziv muhit va inson qadr-qimmatini ta’minlash bilan chambarchas bog‘liq. Har bir jamiyat o‘zining eng zaif qatlamiga qanday munosabatda bo‘lsa, uning haqiqiy taraqqiyot darajasi ham shunga qarab baholanadi.
Sayyora Ergasheva,
Termiz davlat universiteti katta o‘qituvchisi

