Sohibqiron kelinini jazolaganmi?!

Date:

Dunyo tarixida yirik davlat arbobi va zabardast sarkarda sifatida nom qoldirgan Amir Temur nafaqat jang maydonida, balki oila va avlod tarbiyasida ham o‘ziga xos qat’iy tamoyillarga ega bo‘lgan. Uning nazarida farzand tarbiyasi va sulola davomiyligi davlat boshqaruvi bilan teng darajadagi mas’uliyatli vazifa edi.

Sohibqiron ikki qiz va to‘rt o‘g‘ilni voyaga yetkazgan. Ularning tarbiyasida jismoniy chiniqish, harbiy mahorat, ilm-fan va yuksak axloqiy fazilatlar uyg‘un holda shakllantirilgan. Shahzodalar yoshligidan chavandozlik, jang san’ati bilan birga tarix, matematika, astronomiya kabi fanlarni o‘rgangan, Qur’on va hadis ilmlari orqali esa insof, adolat, sabr kabi fazilatlar singdirilgan. Eng muhimi, ular nazariy bilim bilan cheklanmay, davlat boshqaruvi va harbiy yurishlarda bevosita qatnashib, amaliy tajriba orttirgan.
Amir Temur uchun oila qurish masalasi ham oddiy shaxsiy tanlov emas, balki davlat ahamiyatiga ega qaror bo‘lgan. U kelin tanlashda nasl-nasab, sog‘liq, odob-axloq kabi jihatlarni chuqur o‘rganishni shart deb bilgan. Bu haqda uning o‘zi shunday deydi: kelinning yetti pushti, sog‘ligi va fazilatlari sinchiklab tekshirilgachgina nikohga ruxsat berilgan. Hatto ayrim rivoyatlarda u kelinlarning mahoratini oddiy hayotiy sinovlar orqali ham baholagani aytiladi. Biroq hayot faqat qat’iy qoidalardan iborat emas. Sohibqironning suyukli nabirasi Xalil Sulton bu tartiblarga zid ravishda o‘z muhabbatini tanlaydi. U Samarqandlik hunarmand qizi Shodimulk Begim bilan yashirin nikoh quradi. Bu xabar Amir Temurni qattiq g‘azablantiradi. Hatto u kelinni jazolashga hukm qiladi. Ammo bu keskin qaror oldini oqila va dono ayol — Saroymulk Xonim (Bibixonim) oladi. U vaziyatni yumshatib, Sohibqironni kechirim sari undaydi. Natijada, Amir Temur nabirasiga bo‘lgan mehrini ustun qo‘yib, qarorini o‘zgartiradi. Bu voqea Sohibqiron hayotidagi muhim jihat — qat’iyat bilan birga insoniylik, qonun bilan birga mehr ham muhimligini ko‘rsatadi. U o‘z tamoyillaridan chekinmagan holda ham ba’zan qalb ovoziga quloq tutishni bilgan.
Amir Temur davridagi bu qarashlar bugungi jamiyat uchun ham dolzarbligicha qolmoqda. Farzand tarbiyasida ilm, axloq va jismoniy sog‘lomlik uyg‘unligi, oila masalasida esa mas’uliyatli yondashuv har qachongidan muhim. Shu bilan birga, zamonaviy jamiyat bizdan faqat qat’iylikni emas, balki tushunish, muloqot va mehrni ham talab qiladi. Zero, sog‘lom oila — sog‘lom jamiyatning asosi.

Marg‘iyona Abdiyeva,
talaba

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Ayrim maktablarda ingliz tilida ta’lim beriladi

Ayrim maktablarda fanlarni ingliz tilida o‘qitish tajribasini yo‘lga qo‘yish...

Shamsiddin Vohidov — ikki karra Olimpiada chempioni

Xalqaro maydonlarda O‘zbekiston sharafini munosib himoya qilib kelayotgan surxondaryolik...

39 xonadonga tomorqadan daromad olish imkoniyati yaratildi

Bandixon tumanida aholini kambag‘allikdan chiqarish, bandligini ta’minlash va oilalar...

Tadbirkorlar bilan ochiq muloqot

Tadbirkorlikni rivojlantirish, ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash hamda tadbirkorlarning qonuniy...
KunTun
KunTun