Navro‘z bu tinchlik, totuvlik, farovonlik bayrami. Millati, dinidan qat’iy nazar, shu yurtda yashayotgan barcha millatlar, elatlar uchun birdek sevimli ayyom. Ushbu ayyomda dilga orom beruvchi mumtoz navolar, folklor-etnografik jamoalar ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar, raqslar, unga hamohang tarzda o‘tmishdagi ajdodlarimizning turmush tarzi va yorug‘ orzu-umidlari, intilishlarini aks ettirgan chiqishlar barchani mahliyo etadi.
Yurtimiz bo‘ylab sharqona ruh, milliy qadriyat va qadimiy an’analar mujassam bo‘lgan umumxalq bayrami ko‘tarinki kayfiyatda keng nishonlanmoqda. Sariosiyo tumanida ham ushbu qutlug‘ ayyom munosabati bilan bayram sayllari, madaniy-ma’rifiy tadbirlar hamda xalq sayillari davom etmoqda. Mahalla va qishloqlarda bayram sayillari davom etmoqda. Joylarda yangi inshootlarga tamal toshi qo‘yilib, ulkan bunyodkorlik ishlari boshlanmoqda. Mehr-oqibat, xayr-saxovat, bag‘rikenglik singari yuksak insoniy fazilatlarimiz keng namoyish etilib, ehtiyojmand oilalarga moddiy-ma’naviy ko‘mak berilmoqda.
Sariosiyo tumanining asosiy “Navro‘z” umumxalq bayramida ishtirok etish maqsadida qo‘shni Tojikiston Respublikasidan tashrif buyurgan delegatsiya “Sariosiyo” chegara bojxona postida kutib olindi.
Bayram tadbirlarida tuman aholisi, nuroniylar, yoshlar hamda turli tashkilot va muassasalar vakillari faol ishtirok etib, milliy urf-odatlarimizni tarannum etuvchi sahna ko‘rinishlari, kuy-qo‘shiqlar va folklor chiqishlari namoyish etilmoqda. Ayniqsa, milliy taomlar ko‘rgazmalari, sport musobaqalari hamda hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmalari bayramga alohida fayz bag‘ishlamoqda.
Tadbir davomida yurtimizda hukm surayotgan tinchlik-osoyishtalik, xalqimizning hamjihatligi va mehr-oqibati yana bir bor namoyon bo‘ldi. Bayram shukuhi ostida barcha ishtirokchilar bir-birlarini qutlab, ezgu tilaklar bildirmoqda.
Tumanda o‘tkazilgan bayramning konsert dasturida O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti Mahmud Nomozov hamda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Hosila Rahimova barchaga bayramona kayfiyat ulashdi.

