“Do‘ppi tikdim “to‘rlama”

Date:

Do‘ppilar o‘zbek milliy libosining ajralmas bir qismini tashkil etadi. Hunarmandchilikning bu turi hozirgi kungacha to‘laligicha saqlanib avloddan avlodga o‘tib kelmoqda. Do‘ppini nafaqat O‘rta Osiyoda, balki Afg‘oniston va Pokistonda, Chin va Kashmirda, Eron va Saudiyada, Kavkaz va Uralda, Volgabo‘yi va Sibirda ham ardoqlab kiyishadi.Har qaysi mintaqada istiqomat qiluvchi xalqlarning, ellarning do‘ppilari o‘ziga xos kelib chiqish tarixi, tayyorlashda ishlatiladigan gazlamasining xili, tayyorlash usuli, rangi, naqshi va hatto ma’lum bir shakl-shamoyili bilan farqlanib turadi. Jazirama o‘lkalarda oq surp, doka singari namshimar gazlamalardan to‘garak shaklli oftobpana do‘ppilar tikishadi.
O‘zbek do‘ppisining tashqi bezagi va badiiy tuzilishi vaqt davomida o‘zgarib borgan. XX asrgacha do‘ppilarni shakl, rang va naqshlari har bir maktabning o‘ziga xos xususiyatlari, an’ana va ko‘rinishi jihatidan farq qilgan.
Erkaklar do‘ppini qadimda salla ostidan kiyishgan, endilikda sallasiz o‘zini kiyishadi. Yosh qizchalar va juvonlar do‘ppi kiyishga ishqiboz bo‘lib, avvaliga ustidan ro‘mol o‘rab, keyinchalik ro‘molsiz ham kiyishgan, do‘ppining bunday kiyilishi keyinchalik urfga aylanib qoladi.
Badiiy kashtachilik san’atiga bo‘lgan qiziqish va talab kuchayishi bilan do‘ppilarning uslubi, naqshi va turlanishiga ijobiy ta’sir etadi. Yangi uslubiy chiziqlar, naqshinkor elementlar va boshqa qirralar o‘zgarib, boyitilib bordi. 1930-40-yillarda xotin-qizlar “popop” mashinalarida keng miqyosda ko‘plab turli “palak”, “gulko‘rpa”, “choyshab”, “dorpech”, “zardevor” va shunga o‘xshash kashtalarni tikib sotuvga chiqara boshladilar. Naqshlar ustida ish olib borishda iste’dodli ayollar guruhi maxsus tayinlangan, ular “chizmakash” yoki “qalamkash”lar deb nom olgan edilar. Bu kashtachilik san’ati onadan qizlarga meros bo‘lib o‘tgan va har bir mahallada o‘zining chizmakash ustasi bo‘lgan.
1950-1980-yillarda do‘ppilar o‘zining ishlanishi jihatidan juda rang-barang, bezakdor va nafisligi bilan ajralgan. Ular biser, kapitel, rangli toshchalar, metalli bosmalar va bo‘rtmali naqshlar bilan kashtalangan. Bu davrda Boysunda mohir do‘ppido‘zlar qo‘l mehnati bilan tikilgan “guldo‘zi”, “bodomgul” nomli kallapo‘shlari O‘zbekiston xalq xo‘jalik yutuqlari ko‘rgazmasida namoyish etilgan. Surxon vohasining boshqa hududlarida esa kallapo‘shlarning “to‘ldirma”, “to‘rlama” kabi uslubda tikilgan nusxalari ko‘proq uchraydi. Qizig‘i esa bu haqda xalq og‘zaki ijodi namunalarida ham misollar uchraydi. Ana shunday namunalarning birida er-xotinning hazil tariqasidagi aytishuvi tasvirlanadi:
Do‘ppi tikdim “to‘rlama”,
Qarisan deb xo‘rlama…
Shuni ham ta’kidlab o‘tish lozimki, libos va bosh kiyimlarni kashta bilan bezashda so‘zana, zardevor va boshqa ro‘zg‘or ashyolarini bezashda qo‘llaniladigan naqshlardan foydalanilmagan. Bosh kiyimlar kashtachiligida asosan “tark gul” hamda “gajak gul” naqshlaridan solinadi. Ranglar odatdagidek, yorqin va o‘tkir bo‘ladi. Faqat Boysun tumanida emas, balki Sariosiyoning Dashnobod qishlog‘ida ham do‘ppido‘zlik milliy hunarmandchiligi bilan shug‘ullangan mohir tikuvchilari ham do‘ppilari bilan mashhur bo‘lgan.
Surxondaryo va Qashqadaryoda dumaloq shaklli do‘ppilar yorqin kontrast ipakli iplar bilan tikilsa, Buxoroda tilla ip bilan bezalgan. Urgut va Boysun do‘ppilari o‘zining badiiy didi va qiziqarliligi bilan xarakterli. Surxon vohasida asrlar davomida xalq badiiy hunarmandchiligining o‘ziga xos yirik markazlari shakllangan. Rangorang naqshlarga boy do‘ppilar nafaqat o‘zbek xalq an’anaviy milliy libosi, xalq san’atining ommaviy turlaridan biri, balki milliy koloritga yo‘g‘rilgan zamonaviy kiyim bosh sifatida ham yashab qoldi.

Sayyora Ergasheva,
TerDU katta o‘qituvchisi

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

“Qahramon”ning qiyofasi o‘zgarmoqda

Yurtimizda mahallalarni obod qilishga qaratilgan “Taraqqiyot va yetakchilik maskani”...

Yoshlar — ilm va innovatsiya chorrahasida

Yurtimizda Prezident tashabbusi bilan ta’lim, fan va ishlab chiqarish...

Mening hissam

Yoshlar orasida kitob o‘qish madaniyatini rivojlantirish, o‘quvchi va talabalar...

Adolat va halollik—bosh mezon

Mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosatining eng muhim yo‘nalishlaridan...
KunTun
KunTun