Qizcha baqir-chaqir ovozi sababli uyqudan uyg‘onib ketdi. Ko‘zlarini ishqalab kravatidan tushdi va ovoz kelayotgan tomonga yura boshladi. Uning ota-onasi har kungidek o‘zaro janjallashishardi. Ular qizchaning uyg‘onganligiga ham e’tibor berishmasdi. Ota-onasining janjalidan qo‘rqib, bir chetda ularni kuzatib turgan yetti yoshli qizcha yig‘lab yubordi. Bir-birlarini turli odob doirasidan tashqarida bo‘lgan so‘zlar bilan haqorat qilayotgan er-xotin bolaga e’tibor berishmasdi:
— Siz men uchun nima qilib qo‘yibsizki, menga baqirasiz?
— O‘chir ovozingni, bolangni olib yo‘qol bu uydan. Menga sen ham, bolang ham kerakmas.
— Nima dediz? Hali bolamni olib yo‘qolaymi? Mayli, ketsam, o‘zim ketaman! Bu uyga yolg‘iz kelganmanmi, yolg‘iz ketaman! Bola bitta meniki emas, eplab boqing endi!
Ayol shunday dedi-da jahl bilan xonasiga kirib ketdi. Xuddi shu taxlit ota ham tashqariga chiqib ketdi. Qizcha esa hamon yig‘lardi. U hali ancha yosh bo‘lsa-da, ota-onasiga kerak emasligini, ularga ortiqchalik qilayotganligini tushunib turardi.
Chunki deyarli kun ora shunday janjallar yuz berardi. Qizaloq nima qilishni bilmas, u ham ko‘chaga chiqib ketishni va uyga hech qachon qaytmaslikni istardi.
Onasining yoniga kirmoqchi edi, yo‘qol ko‘zimdan degan javobni olgach nihoyat ko‘chaga chiqdi. Qizaloq qayerga borishni bilmas, yagona biladigan joy narigi mahalladagi buvisining uyi edi.
Qizcha buvisining uyi tomon ketarkan o‘ylardi:
“Men ota-onamga kerak emasman. Buvim meni yaxshi ko‘radi, meni haydamaydi…” Shu xayollar ichida ketayotgan qizaloq yonidan chiqib qolgan mashinani sezmay qoldi.
Qizcha yo‘l chetida holsiz yotar, kichkina yuzlariga yosh aralash boshidan qon sizardi. Og‘riq kuchli, qiz hatto ovozini chiqarib yig‘lolmasdi. Jon talvasasida o‘zining kinolarda ko‘rganidek dunyodan ko‘z yumishini taxmin qilar, lekin bundan qo‘rqmasdi. Boshidagi so‘nggi o‘ylari shunday edi: “Endi dadam bilan oyim hech qachon urushishmaydi…”
Ortiqcha yuk
Date: