Kapalak

Date:

Shahar har kungidek ulkan g‘ala-g‘ovur og‘ushida. Asabbuzar avtolar ko‘chalarni battar shovqin-suronga to‘ldirib yuborgan. Odamlar na g‘ala-g‘ovurlarga, na shovqinlarga aslo parvo qilmay, shoshgani-shoshgan. Shovqin allaqachon ularning kundalik hayotiga singib ketgan.
Baqir-chaqirdan odamlarning quloqlari qomatga kelgan. Asabiy, telba-teskari suhbatlar avj pardalarga ko‘tariladi:
– Yo‘l bersangiz-chi, angraymay!
– Muncha hovliqasiz?..
– He, og‘zingizni yuming.
– Siz ham og‘zingizga qarang.
– Og‘izdan oldin ko‘zga qarash kerak, galvars!
– Ko‘rib-ko‘rmaslikka oladi-ya.
– Hozir hamma shunaqa…
– Qulog‘iyam karga o‘xshaydi.
– Faqat meniki emas.
Yana avtolar faryodi. Baqir-chaqir avjida. Shahar shovqinga g‘arq bo‘lgan. Qaysidir ko‘chada vodoprovod quvuri yorilgan shekilli, buldozer hayqirib yer kovlayapti. Yana bir ko‘chada ola-tasir asfalt yotqizilyapti… Tirband ko‘chadan tobut ko‘tarib borishyapti.
«Bir tekis ko‘taringlar», – degan shovqin eshitiladi.
Musiqani vadavang qo‘yib, qiy-chuv qilib ketayotgan to‘y mashinalari tobut ko‘targanlarni quvib o‘tmoqchi…
Yo‘lak chetidagi turfa gullar qiyg‘os ochilib yotgan kichik gulzorda bir beozor kapalak ohista uchib yuribdi. U shovqinga ham, baqir-chaqirga ham parvo qilmay mayin qanot qoqadi. Zavqlanib uchadi. Ana, kapalak bir gulga qo‘nib, uning hididan mast bo‘lib, boshqa guldan zavq olish uchun yana qanot qoqdi. U guldan-gulga qo‘nib, ulardan bo‘sa olayotganga, gullar bilan sirlashayotganga o‘xshaydi… Uning shovqinzor bilan aslo ishi yo‘q…

A.Jo‘rayev

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Oʻquvchilarga quvonch ulashildi

​Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi bayrami arafasida yurtimiz boʻylab...

Finalchilar kutib olindi

Termiz shahrida sport ixlosmandlari uchun muhim musobaqalardan biri —...

Kitob bilan ulg‘aygan oila

Surxondaryoda oilaviy kitobxonlikni targ‘ib etishga qaratilgan “Biz — kitobxon...

Muhim kelishuvga erishildi

Xalqaro forum doirasida erishilgan kelishuvlarni amaliyotga tatbiq etish maqsadida...
KunTun
KunTun