Muzrabot tumanida ta’lim va tibbiyot muassasalarini kuz-qish mavsumiga tayyorlash, ularda barqaror issiqlik ta’minotini yo‘lga qo‘yish ishlari davom etmoqda. Jumladan, “NUR SIFAT INSHOOT” ko‘p tarmoqli xususiy korxonasi tomonidan autsorsing asosida maktablar, maktabgacha ta’lim tashkilotlari va tibbiyot muassasalariga zamonaviy isitish tizimlari o‘rnatilmoqda. Shu maqsadda korxona tomonidan yana 15 ta yangi, aqlli boshqaruv tizimiga ega isitish qozoni olib kelindi.
Tuman hokimi Abdulla Mamatqulov yangi uskunalarni ko‘zdan kechirib, ularning texnik imkoniyatlari va o‘rnatish jarayoni bilan tanishdi. Mas’ullarga ishlarni sifatli tashkil etish, qozonlarni belgilangan muddatlarda ishga tushirish hamda ijtimoiy soha obyektlarida me’yoriy haroratni ta’minlash yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.
Yangi isitish uskunalarining o‘rnatilishi ta’lim va tibbiyot muassasalarida qish mavsumini barqaror va xavfsiz o‘tkazish imkoniyatlarini kengaytiradi.

