Sovuq kunlarda isitish moslamalaridan foydalanish ortishi bilan yong‘in va is gazidan zaharlanish xavfi ham kuchayadi. Shu bois kuz-qish mavsumida xonadonlarda xavfsizlik talablariga rioya etish, isitish tizimlari va gaz jihozlarining sozligini tekshirish muhim ahamiyatga ega.
Favqulodda vaziyatlar vaziri o‘rinbosari N. Qodirov boshchiligidagi maxsus brigadalar tomonidan Sho‘rchi tumanida aholi xonadonlarida o‘rganish ishlari olib borilmoqda. Jarayonda isitish moslamalari, gaz jihozlari va mo‘rilarning holati ko‘zdan kechirilib, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tushuntirishlar berilmoqda.
Shuningdek, fuqarolarga gaz jihozlaridan to‘g‘ri foydalanish, isitish moslamalarini xavfsiz ishlatish va yong‘in xavfsizligi qoidalariga amal qilish yuzasidan tavsiyalar berilmoqda.
Bunday profilaktik tadbirlarning ahamiyati faqat kamchiliklarni aniqlash bilan cheklanmaydi. Eng muhimi, xavfli holatlarning oldini olish, fuqarolarning hayoti va salomatligini asrash hamda qish mavsumini xavfsiz o‘tkazish uchun zarur sharoit yaratishdir.

