Seuldan Surxondaryoga: tajriba, taassurotva yangi g‘oyalar

Date:

Ta’limda yangilikka intilish, zamonaviy bilim va tajribalarni o‘zlashtirish bugungi pedagog uchun shunchaki kasbiy talab emas, balki zaruratga aylanib bormoqda. Chunki zamon o‘zgargani sari o‘quvchining dunyoqarashi, axborot olish imkoniyatlari va ta’limga bo‘lgan talabi ham o‘zgaradi. Demak, o‘qituvchi ham doimo izlanishda, o‘rganishda va o‘z ustida ishlashda davom etishi kerak.
Yaqinda Janubiy Koreyaning go‘zal Seul shahrida bo‘lib, o‘z kasbiy mahoratimni oshirib qaytdim. Ushbu safar men uchun nafaqat yangi bilim va tajriba, balki unutilmas taassurotlar manbai ham bo‘ldi.
Seulga ilk bor borar ekanman, avvalo, bu shaharning zamonaviy qiyofasi, tartib-intizomi va o‘ziga xos muhitiga e’tibor berdim. Safar davomida Koreyaning boy madaniyati, muazzam Seul ko‘chalari, xushmanzara tabiati bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldim. Madaniy maskanlar, dengiz bo‘yidagi go‘zal go‘shalar o‘zgacha taassurot qoldirdi. Bu yurtning zamonaviylik va an’analarni uyg‘unlashtira olgani ham kishini o‘ylantiradi.
Ammo men uchun safarning eng muhim jihati, albatta, kasbiy tajriba bo‘ldi.
Malaka oshirish kurslari davomida zamonaviy ta’lim metodikasi, sun’iy intellekt imkoniyatlari hamda axborot texnologiyalarini ta’lim jarayonida qo‘llashning yangi yondashuvlari bilan tanishdim. Nazariy bilimlardan ko‘ra, ularning amaliyotda qanday qo‘llanayotganini ko‘rish men uchun ayniqsa qiziqarli bo‘ldi.
Koreya ta’lim tajribasini kuzatar ekanman, bir jihatga alohida e’tibor berdim: bu yerda ta’lim mamlakat taraqqiyotining muhim omillaridan biri sifatida qaraladi. Ta’lim, texnologiya, iqtisodiyot va kelajak kasblari o‘rtasidagi bog‘liqlikni ko‘rish mumkin.
Men uchun bundan chiqarilgan eng muhim xulosa shuki, zamonaviy ta’lim avvalo zamonaviy pedagogni talab qiladi.
Bugungi o‘quvchi kechagi o‘quvchidan farq qiladi. U axborotni tez topadi, turli raqamli vositalardan foydalanadi, dunyoda ro‘y berayotgan yangiliklardan tez xabardor bo‘ladi. Shunday ekan, o‘qituvchi ham bu jarayondan ortda qolmasligi kerak.
Menimcha, pedagog faqat bilim beruvchi emas, balki o‘quvchini katta axborot oqimida to‘g‘ri yo‘naltira oladigan, uning mustaqil fikrlashi va izlanishiga yo‘l ochadigan zamonaviy mutaxassis bo‘lishi lozim.
Seuldagi malaka oshirish jarayonida, ayniqsa sun’iy intellektning ta’limdagi imkoniyatlari meni qiziqtirdi. Bugun bu texnologiya hayotimizning turli sohalariga jadal kirib kelayotgan ekan, ta’lim ham bundan chetda qolmaydi.Biroq men bir narsani angladim: texno-logiyaning o‘zi maqsad emas.
Sun’iy intellekt yoki boshqa raqamli vositalardan foydalanishdan asosiy maqsad o‘quvchining bilim olish imkoniyatini kengaytirish, o‘qituvchining mehnatini samarali tashkil etish va ta’lim sifatini oshirish bo‘lishi kerak.
Shu nuqtayi nazardan, Koreya tajribasida menga yoqqan jihatlardan biri — yangilikni shunchaki yangilik uchun emas, aniq natijaga erishish uchun qo‘llashga intilishidir.
Albatta, xorij tajribasini o‘rganish degani uni to‘liq ko‘chirib olish degani emas. Har bir mamlakatning o‘ziga xos ta’lim muhiti, an’analari, imkoniyatlari va ehtiyojlari bor. Menimcha, eng muhimi — o‘rganilgan tajriba ichidan o‘zimiz uchun foydali va amaliy jihatlarni ajratib olish. Xorij tajribasining haqiqiy qiymati ham shunda.
Seul safaridan yana bir muhim xulosaga keldim, ta’lim va texnologiya, ta’lim va mehnat bozori, ta’lim va kelajak kasblari bir-biridan uzilmasligi kerak. Bugun o‘quvchiga berilayotgan bilim uning ertangi hayotiga, kasbiga va jamiyatdagi o‘rniga xizmat qilishi lozim. Bu jihatlar Surxondaryo ta’limi uchun ham muhim, deb o‘ylayman.
Viloyatimizda ham zamonaviy fikrlaydigan, yangilikka intiladigan, xorijiy tajribani o‘rganib, uni mahalliy sharoitga moslashtira oladigan pedagoglarga ehtiyoj katta. Ayniqsa, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan ta’limda oqilona foydalanish borasida hali amalga oshiriladigan ishlar ko‘p.
Men uchun Seul safari yakunlangan safar emas, aksincha, yangi izlanishlarning boshlanishi bo‘ldi. Endi asosiy vazifa — olgan bilimlarimni amaliyotga tatbiq etish. O‘rgangan yangi metod va texnologiyalarimni o‘z faoliyatimda qo‘llash, yangi loyihalar ustida ishlash, bu tajribalarni o‘quvchilarim va kasbdoshlarim bilan bo‘lishishni o‘z oldimga maqsad qilib qo‘yganman.
Chunki bir pedagogning xorijda olgan tajribasi faqat uning shaxsiy yutug‘i bo‘lib qolmasligi kerak. Agar u tajriba dars jarayoniga kirsa, o‘quvchiga yetib borsa, hamkasblar bilan o‘rtoqlashilsa va yangi tashabbuslarga asos bo‘lsa, ana shundagina uning haqiqiy qiymati namoyon bo‘ladi.
Seuldan olam-olam taassurot va yangi bilimlar bilan qaytdim. Endi bu taassurot va bilimlarni o‘z faoliyatimda, yangi loyihalarda qo‘llash, o‘quvchilarim va kasbdoshlarim bilan bo‘lishish niyatidaman.
Zero, ta’limdagi taraqqiyot birgina katta loyihadan emas, har bir pedagogning izlanishi, har bir yangi g‘oyaning amaliyotga kirib borishi va har bir o‘quvchining zamonaviy bilimlarni egallashidan boshlanadi.

Safar Sultonov,
viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi AKT sho‘basi boshlig‘i

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Taraqqiyot poydevori

Respublikamiz mustaqillikka erishganidan buyon o‘tgan 35 yil davomida barcha...

EKRAN ORTIDAGI XAVF: QANDAY ALDANAMIZ?

Raqamli texnologiyalar hayotimizni yengillashtirdi. Bir necha daqiqada pul o‘tkazish,...

Seuldan Surxondaryoga: tajriba, taassurotva yangi g‘oyalar

Ta’limda yangilikka intilish, zamonaviy bilim va tajribalarni o‘zlashtirish bugungi...

Islohotlar: muammolardan zamonaviy xizmatgacha

O‘tgan davrlarda ayrim hududlardagi oilaviy poliklinikalar faoliyatida qator muammolar...
KunTun
KunTun