Inson huquq va erkinliklarini ta’minlash har qanday demokratik davlatning asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi. Ana shunday fundamental huquqlardan biri vijdon erkinligi bo‘lib, u har bir insonning o‘z diniga e’tiqod qilish, istalgan dinga e’tiqod qilmaslik yoki diniy qarashlarini erkin ifoda etish huquqini anglatadi.
Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng qamrovli demokratik islohotlarda ham vijdon erkinligini ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan.
O‘zbekiston davlatchiligi uch ming yillik boy tarixga ega. Bu tarix davomida mamlakatimiz hududi turli dinlar, madaniyatlar va sivilizatsiyalar chorrahasi sifatida shakllangan. Qadimgi Baqtriya davlatida zardushtiylik, buddaviylik va mahalliy e’tiqodlar o‘zaro bag‘rikenglik asosida mavjud bo‘lgan. Keyinchalik Kushon imperiyasi davrida ham buddaviylik, zardushtiylik, yunon diniy qarashlari hamda ilk nasroniylikning ayrim yo‘nalishlariga aholi e’tiqod qilgan. Ayniqsa, Kushon hukmdori Kanishka davrida turli diniy konfessiyalarga nisbatan bag‘rikenglik munosabati davlat siyosatining muhim tamoyiliga aylangan.
Ilk o‘rta asrlarda Markaziy Osiyo hududida islom dini keng tarqalishi bilan bir qatorda boshqa din vakillari ham o‘z diniy urf-odatlarini saqlab qolgan. Arab xalifaligi davrida Movarounnahr hududida ahli kitob hisoblangan din vakillarining huquqlari muayyan huquqiy meyorlar asosida himoya qilingan. Keyingi davrlarda Qoraxoniylar, Saljuqiylar va boshqa turkiy davlatlar davrida ham diniy bag‘rikenglik an’analari davom etgan.
Amir Temur va temuriylar davrida diniy bag‘rikenglik davlat boshqaruvining muhim tamoyillaridan biri bo‘lgan. Amir Temur turli millat va din vakillarining e’tiqodiga hurmat bilan yondashgan. “Temur tuzuklari”da adolat, bag‘rikenglik va aholining turli qatlamlari manfaatlarini himoya qilish davlat boshqaruvining muhim asosi sifatida belgilangan. Samarqandda musulmonlar bilan bir qatorda nasroniy, yahudiy va boshqa din vakillarining ham erkin e’tiqod qilgani tarixiy manbalarda qayd etilgan.
Tarixiy taraqqiyot davomida shakllangan ana shu bag‘rikenglik an’analari bugungi kunda ham O‘zbekistonda milliy qadriyat sifatida davom ettirilmoqda. Jumladan, Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 35-moddasida har kimning vijdon erkinligi kafolatlangani, har kim istalgan dinga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik huquqiga egaligi belgilangan.
Shuningdek, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi Qonun mamlakatimizda diniy munosabatlarni tartibga soluvchi asosiy huquqiy hujjat hisoblanadi. Unda barcha diniy konfessiyalarning qonun oldida tengligi, diniy adovatga yo‘l qo‘yilmasligi, diniy tashkilotlarning huquq va majburiyatlari aniq belgilab berilgan.
Mamlakatimizda 16 ta diniy konfessiyalarga mansub 2 373 ta diniy tashkilotlar erkin faoliyat yuritmoqda. Ular uchun ibodat qilish, diniy ta’lim berish, xayriya ishlarini amalga oshirish hamda milliy va diniy bayramlarni nishonlash uchun barcha huquqiy sharoitlar yaratilgan.
Surxondaryo viloyati qadimdan turli madaniyatlar va dinlar chorrahasi bo‘lib kelgan. Termiz shahri va uning atrofidagi Qoratepa, Fayoztepa, Zurmala kabi buddaviylik yodgorliklari bu yerda turli dinga e’tiqod qiluvchilar asrlar davomida tinch-totuv yashaganining yorqin dalilidir.
Bugungi kunda Surxondaryo viloyatida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi 135 ta jome’ va mahalla masjidlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular orqali aholiga ma’rifiy targ‘ibot ishlari olib borilmoqda, yoshlarni vatanparvarlik, ma’naviy barkamollik va bag‘rikenglik ruhida tarbiyalashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Joylarda diniy bag‘rikenglik, qonunlarga hurmat, oila muqaddasligi, ekstremizm va terrorizmning zararli oqibatlari haqida tushuntirish ishlari muntazam amalga oshirilmoqda.
Viloyatda faoliyat yuritayotgan Termiz shahridagi Aleksandr Nevskiy pravoslav cherkovi ham mamlakatimizdagi konfessiyalararo totuvlikning amaliy namunasidir. Unda din vakillari o‘z diniy marosimlarini erkin ado etib kelmoqda. Cherkovda diniy bayramlar o‘tkazilishi, ibodatlarni tashkil etish va jamoatchilik bilan ishlash uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilgan.
Viloyatda O‘zbekiston musulmonlari idorasi viloyat vakilligi, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita hududiy bo‘linmalari bilan hamkorlikda diniy-ma’rifiy tadbirlar, davra suhbatlari, uchrashuvlar va targ‘ibot ishlari tizimli ravishda tashkil etilmoqda. Ayniqsa, mahallalarda, ta’lim muassasalarida, mehnat jamoalarida “Jaholatga qarshi ma’rifat” tamoyili asosida o‘tkazilayotgan tadbirlar yoshlarni turli buzg‘unchi g‘oyalar ta’siridan asrashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Xulosa qilib aytganda, vijdon erkinligi O‘zbekistonda nafaqat Konstitutsiya va qonunlar bilan kafolatlangan huquq, balki xalqimizning ko‘p asrlik milliy qadriyati hisoblanadi. Qadimgi davrdan zamonamizga qadar davom etgan diniy bag‘rikenglik an’analari bugun Yangi O‘zbekistonda yangi mazmun bilan davom ettirilmoqda.
Surxondaryo viloyatida amalga oshirilayotgan ma’rifiy ishlar, masjidlar va pravoslav cherkovining erkin faoliyati, millatlararo totuvlik muhitini mustahkamlashga qaratilgan chora-tadbirlar mamlakatimizda inson huquqlari va vijdon erkinligini ta’minlash borasida olib borilayotgan davlat siyosatining amaliy ifodasi hisoblanadi.
Bu esa yurtimizda tinchlik, millatlararo hamjihatlik va diniy bag‘rikenglikni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Zebuniso Alimardonova,
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi
Surxondaryo viloyati hududiy bo‘linmasi rahbari

