Ba’zan chiqindi tashish xizmati uchun asossiz hisoblangan qarzdorlik, internet tarmog‘ining yaxshi ishlamasligi, abonent raqamiga xato o‘tkazilgan to‘lov yoki savdo shoxobchasidagi noto‘g‘ri hisob-kitob fuqarolarning haqli e’tiroziga sabab bo‘ladi.
Ammo ko‘pchilik iste’molchilar “summa katta emas”, “shuncha pul uchun ovora bo‘lib yurmayman” yoki “baribir foydasi yo‘q” degan qarash bilan o‘z huquqini talab qilmaydi. Aslida esa masalaning mohiyati undirilgan mablag‘ miqdorida emas, qonuniylik tamoyilida. Chunki bitta iste’molchidan asossiz undirilgan kichik summa yuzlab, hatto minglab iste’molchilar misolida katta miqdorni tashkil etishi mumkin. Shu bois bu holatda “kichik masala” degan tushuncha bo‘lmasligi kerak. Huquqni himoya qilish — adolatli bozorni shakllantirishning eng muhim shartlaridan biridir.
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining 2025-yil yakunlariga oid ma’lumotlariga ko‘ra, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish yo‘nalishida
53 mingdan ortiq murojaat ko‘rib chiqilgan hamda qariyb 46 milliard so‘mlik zarar iste’molchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilingan. Bu raqamlarning o‘ziyoq iste’molchilar bilan bog‘liq nizolar amaliyotda tez-tez uchrayotgan masalalar ekanini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, onlayn savdoda mahsulotlarni almashtirish, tadbirkorlar, sotuvchilar va iste’molchilarning huquqiy madaniyatini oshirish zarurati ham dolzarb masalalardan biri sifatida qayd etilgan.
Bugungi iste’molchi huquqi endi faqat bozordagi tarozi yoki do‘kondagi narx masalasi bilan cheklanmaydi. Elektron savdo, muddatli to‘lov, bank va moliyaviy xizmatlar, internet orqali buyurtmalar, reklama, yetkazib berish xizmatlari hamda raqamli to‘lovlar iste’molchilar huquqlarini ta’minlashning muhim yo‘nalishlariga aylandi.
So‘nggi yillarda muddatli to‘lov asosida telefon, maishiy texnika, mebel va boshqa mahsulotlarni xarid qilish keng ommalashdi. Bu, albatta, aholiga zarur mahsulotni darhol xarid qilish imkonini beradi. Biroq shartnoma shartlarini o‘qimasdan imzolash, umumiy to‘lov miqdoriga e’tibor bermaslik yoki mahsulot haqida yetarli ma’lumot olmaslik keyinchalik nizolarga sabab bo‘lishi mumkin.
Jamiyatda murojaat qilayotgan fuqaroga ba’zan “norozi odam” sifatida qaraladi. Aslida esa murojaat xizmat ko‘rsatish tizimidagi kamchiliklarni ko‘rsatib beradigan muhim signal hisoblanadi. Har bir murojaat ortida insonning vaqti, mablag‘i va kundalik hayoti turadi. Shuning uchun murojaatlarni oddiy statistik ko‘rsatkich sifatida emas, balki xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilashga xizmat qiladigan muhim axborot manbayi sifatida baholash zarur.
Ravshan Sadullayev,
viloyat Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari hududiy birlashmasi raisi

