“Mening  hayotimda  sendan  oldin  bor  edi…”

Date:

Jamiyat yaralibdiki, oilani boshqarish, oilaning tinchligi, farovonligi, xotirjamligi, oila a’zolarining ahil-inoqligi, hamjihatliklari, o‘zaro aloqalari, hamkorliklari, oilaviy munosabatlarning muvozanatini saqlash muhim masala hisoblanadi. Har bir oilaning o‘z qonun-qoidalari, har bir oila boshlig‘ining boshqaruv tartib-tamoyillari bor.

Odamlar ijtimoiy hayotda, o‘zaro munosabatlarda bir-birlaridan ko‘p narsani o‘rganadilar, o‘zlashtiradilar va zarur bo‘lganda bu ko‘nikmalarni, bilim va tajribalarni, usullarni kerakli vaziyatlarda qo‘llaydilar. Hayotda tabiiy

bir haqiqat borki, dunyoda odamlar fe’l-atvor jihatdan bir xil emas, biz kimgadir yoqamiz yoki kimnidir yoqtiramiz yoinki buning aksi. Shu bois biz kimlargadir o‘z ijobiy yoki salbiy munosabatlarimizni bildiramiz, bu holatimizni xatti-harakatlarimiz, munosabatlarimiz  orqali namoyon etamiz; g‘iybat qilamiz yoki qandaydir ta’sir vositalaridan foydalanib, atrofimizdagi yaqinlarimizning “xato”sini, nuqsonlarini tuzatishga, to‘g‘rilashga intilamiz.

Shu o‘rinda bir yigitdan suhbat asnosida eshitganlarim meni hayratda qoldirdi. To‘g‘risini aytsam, yigitning falsafasiga qoyil qoldim. Hatto aytish mumkinki, turmush tarzimizda uchraydigan ayrim voqea va holatlarga yechim topishda, muammolarni hal qilishda ba’zan nafaqat keksalar o‘giti, tajribasi, balki yoshlar qo‘llayotgan usullardan ham foydalanishimiz mumkin, degan xulosaga keldim. Uning ta’kidlashicha,

deyarli barcha yangi oilalarda kelin yangi xonadon sharoitlari, yangi oila a’zolarining xarakteriga moslashguncha uncha-muncha vaqt kerak. Adaptatsiya, ya’ni moslashuv davrida oila ulug‘lari yosh oilaga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatsa yoki  oila boshlig‘i o‘z turmush o‘rtog‘iga oila a’zolariga nisbatan hurmat-ehtiromga asoslangan munosabatni risoladagidek shakllantira olsa, oilaviy barqarorlik ta’minlanadi. Yangi kelin kimlardandir noroziligini, e’tirozini, kim bilandir orasida yuzaga kelayotgan kelishmovchilikni, ya’ni “dardi”ni, dastlab, turmush o‘rtog‘iga aytadi, unga suyanadi. Bu ko‘p uchrab turadigan holat.

Uning aytishicha, o‘z oilasida xuddi shunday vaziyat yuzaga kelganda yigit yangi kelinning munosabatiga “Sen bugundan e’tiboran shuni bilib qo‘y va doimo esda tut”, deb quyidagi fikrlarni bildiribdi: “Otaonam, aka-ukalarim, opa-singillarim, qarindoshlarim, o‘rtoqlarim mening hayotimda sendan oldin  bor edi, ularning qandayligini men sendan oldinroq  bilganman va bilaman. Sen mening hayotimga ulardan keyin kelib, bu borada mening qarashlarimni, xatti-harakatlarimni o‘zgartira olmaysan. Shuning uchun ular haqida, ularga qanday muomala qilish xususida menga o‘rgatma, ularga munosabatimni o‘zgartirishni mendan talab qilma. Ular bilan meni “yaxshi-yomon” qiladigan gaplarni menga aytib, oramizdagi, oilamizdagi munosabatlar muvozanatini buzma”.

Yuqorida aytganim, meni hayratda qoldirgan gap – “Ular mening hayotimda sendan oldin ham bor edi”. Darhaqiqat, shunday. Ammo biz o‘zaro ta’sirlarimiz orqali bir-birimizni o‘zgartiramiz, dedik. Agar biz o‘z talabimiz bilan oilada, qarindoshlar o‘rtasida, do‘stlar orasida azaldan mavjud bo‘lgan mehr-oqibat rishtalarini uzilishiga olib keladigan o‘zgartirishlardan foydalanmoqchi bo‘lsak, turmush o‘rtog‘imizga shu yo‘l orqali ta’sir o‘tkazadigan bo‘lsak, bu munosabat salbiy oqibatlarni keltirib chiqarishi ehtimoldan xoli emas. Shuning uchun har birimiz yaqinlarimizdan ikki og‘iz shirin so‘zimizni, iliq munosabatimizni ayamaylik. Kimlarningdir gapiga kirib, ular bilan munosabatimizni buzmaylik. Ayollar ham bu masalaga e’tiborli bo‘lib, aql bilan ish tutishlari lozim. Binobarin, siz oila qurib yashayotgan turmush o‘rtog‘ingiz yaxshi-yu, uni dunyoga keltirib parvarishlagan, tarbiyalab, voyaga yetkazgan ota-otasini yomon desangiz, uning yoshligidan bir parcha nonni talashib, bo‘lishib yegan, bolalik zavqini tuyib, birgalikda ulg‘aygan jigarlaridan mosuvo qilishga harakat qilsangiz, oila zanjiriga putur yetkazgan bo‘lasiz.

Xalqimizda yangisini topganda, eskisini unutmaslik kerakligi uqtiriladi. Qaysidir ma’noda yangisini eski qadrdonlar munosabatlariga darz yetkazishiga yo‘l qo‘ymaslik har birimizga bog‘liq.

Shoira DAVLATOVA,

TerDU t.f.f.d

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Mehnatga munosib ehtirom

Jamiyat taraqqiyoti yo‘lida fidokorona xizmat qilgan insonlarni e’zozlash —...

Har bir topilma — tarixga qo‘shilgan yangi sahifa

Ba’zi tarixiy maskanlar o‘tmish haqida hikoya qilmaydi — ular...

Xalqaro hamkorlik ko‘lami belgilandi

Bugungi kunda universitetlar nufuzi nafaqat ichki salohiyat, balki xalqaro...

Oila qayta tiklandi

Ba’zan eng muhim natija sud qarorlari yoki ijro hujjatlari...
KunTun
KunTun