Markaziy Osiyoda eng keskin sezilayotgan muammolardan biri iqlim o‘zgarishidir. Haroratning oshishi, yog‘ingarchilikning kamayishi va suv resurslarining notekis taqsimlanishi, ayniqsa tog‘ va tog‘oldi hududlarida qishloq xo‘jaligi barqarorligiga jiddiy bosim o‘tkazmoqda.
Viloyatimiz ham ushbu muammodan xoli emas, suvga talab ortib borayotgan bir paytda, tabiiy manbalar zaiflashmoqda, yaylov va ekin maydonlarida namlik yetishmovchiligi sezilmoqda.
Ana shunday sharoitda an’anaviy yondashuvlar yetarli bo‘lmay qolayotgani yangi, innovatsion yechimlarni izlash zaruratini yuzaga chiqarmoqda. To‘palang daryosi havzasining yuqori qismida sun’iy yomg‘ir yog‘dirish va sun’iy muzliklar yaratish bo‘yicha tajriba loyihasining boshlanishi ham aynan shu ehtiyojga javob sifatida qaralmoqda.
Vazirlar Mahkamasining joriy yil 31-martdagi “Surxondaryo va Sirdaryo viloyatlarida shamol eroziyasining salbiy ta’sirini kamaytirish va ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori bilan rejalashtirilgan bo‘lib, uning asosiy maqsadi — suv tanqisligini yumshatish, shamol eroziyasining salbiy ta’sirini kamaytirish hamda “yashil belbog‘” hududlarida ekologik barqarorlikni mustahkamlashdir.
Loyihaning eng muhim jihati shundaki, u tabiatga tashqi bosimni kuchaytirish emas, balki tabiiy jarayonlarni boshqariladigan texnologiyalar orqali qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Sun’iy yomg‘ir texnologiyasi atmosferadagi namlikni ma’lum darajada kondensatsiya qilib, yog‘ingarchilikni yuzaga keltirish orqali ekinlar va ko‘chatlar uchun zarur bo‘lgan suv balansini saqlashga xizmat qiladi.
Bundan ham muhimroq yo‘nalish — sun’iy muzliklar yaratish masalasidir. Global isish natijasida tabiiy muzliklar qisqarayotgan bir sharoitda bu texnologiya tog‘ hududlarida suv zaxirasini saqlab qolish va uni mavsumiy tartibda — ayniqsa yoz oylarida — asta-sekin erib, daryo va soylarni to‘yintirish imkonini beradi. Bu, aslida, tabiatdagi “suv ombori” funksiyasini sun’iy ravishda barqarorlashtirishga urinishdir.
Shu bilan birga, loyiha faqat suv masalasini hal qilish bilan cheklanmaydi. Tog‘ va qir-adir hududlarida kuchli shamol va chang-to‘zonlar natijasida yuzaga kelayotgan shamol eroziyasi ham katta muammo bo‘lib qolmoqda. Sun’iy yomg‘ir va ekologik barqarorlashtirish ishlari esa “yashil belbog‘” hududlarida ko‘chatlarning unib chiqish darajasini oshirish, tuproq namligini saqlash va landshaftning degradatsiyasini kamaytirishga xizmat qilishi mumkin.
Albatta, bunday yirik ekologik tajribalar bir vaqtning o‘zida ehtiyotkorlikni ham talab etadi. Chunki sun’iy iqlim aralashuvi texnologiyalari har doim ham bir xil natija bermaydi — ularning samaradorligi geografik sharoit, atmosfera holati va ilmiy boshqaruv sifatiga bevosita bog‘liq. Shu sababli loyiha faqat texnik yechim emas, balki ilmiy asoslangan monitoring tizimi bilan birga yuritilishi muhim.
To‘palang daryosi havzasidagi ushbu tashabbus oddiy tajriba emas — u suv tanqisligi, ekologik degradatsiya va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda yangi bosqichni sinovdan o‘tkazuvchi amaliy maydondir. Agar u o‘zini oqlasa, bu model kelajakda nafaqat Surxondaryo, balki butun tog‘li hududlar uchun yangi ekologik strategiyaning boshlanish nuqtasiga aylanishi mumkin.

