Zamonaviy avtobuslar xizmatga yo‘l oldi

Date:

Shahar infratuzilmasini rivojlantirish, aholiga qulay va xavfsiz jamoat transporti xizmatini yaratish bugungi kunda eng muhim vazifalardan biri hisoblanadi. Aholi sonining ortishi, shahar hududining kengayishi va yo‘lovchi oqimining ko‘payishi transport tizimini zamonaviylashtirishni talab etmoqda.

Shu maqsadda Termiz shahrida jamoat transporti tizimini yangilash bo‘yicha amaliy ishlar izchil davom ettirilmoqda.

Mazkur yo‘nalishdagi keyingi qadam sifatida Xitoyning “Zhong Thong Bus” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan 15 ta zamonaviy avtobus Termiz shahriga olib kelindi. Ushbu avtobuslarni qabul qilish jarayonida viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov ishtirok etib, transport vositalarining texnik imkoniyatlari, yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish darajasi hamda ekspluatatsiya sharoitlari bilan yaqindan tanishdi.

Ta’kidlash joizki, mazkur avtobuslar “brutto” tizimi asosida xizmat ko‘rsatadi. Loyiha “Best logistictrans Termez” MCHJ tomonidan amalga oshirilib, avtobuslar shaharning aholiga eng ko‘p xizmat ko‘rsatiladigan asosiy yo‘nalishlaridan biriga yo‘naltiriladi. Ushbu tashabbus doirasida 35 ta yangi ish o‘rni yaratildi, bu esa nafaqat transport tizimini yaxshilash, balki bandlikni ta’minlashga ham xizmat qiladi.

Zamonaviy avtobuslar ekologik talablarga to‘liq javob beradi. Ular isitish va sovitish tizimlari bilan jihozlangan bo‘lib, yilning har qanday faslida yo‘lovchilarga qulay sharoit yaratadi. Eng muhimi, transport vositalarida imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun ham maxsus moslashtirilgan kirish va harakatlanish sharoitlari yaratilgan.

Viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov ushbu jarayonlarni ko‘zdan kechirar ekan, jamoat transportiini modernizatsiya qilish aholiga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirishning muhim omili ekanini ta’kidladi.

— Avtobuslar juda qulay va shinam, — deydi mehnat faxriysi A. Hasanova. — Oldingiga qaraganda ancha salqin, yozning jazirama issig‘ida ham ichida bemalol o‘tirib borasan. Eng yaxshi tomoni — manzilga tez yetkazib qo‘yadi. Hozir shaharda yurish ancha yengillashdi, jonga ora kiryapti desam to‘g‘ri bo‘ladi.

Termiz shahrida jamoat transportiini modernizatsiya qilish yo‘lida amalga oshirilayotgan bunday loyihalar shahar hayotini yanada qulay, ekologik va samarali qilishga xizmat qilmoqda. Ushbu zamonaviy avtobuslarning harakatlanishi nafaqat yo‘lovchilarga qulaylik yaratadi, balki transport tizimida raqobat va sifatni ham yangi bosqichga olib chiqadi.

Shaxrizoda JUMANAZAROVA

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Har bir tomchi suv — hosil va samaradorlik garovi

Muzrabot tumanida qishloq xo‘jaligida suv resurslaridan oqilona foydalanish va...

Bayramga munosib tuhfa

Jarqo‘rg‘on tumanidagi Navro‘z mahallasida obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlari keng...

Tantanalar etadi davom

O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Uzun...

Jarqo‘rg‘onda Mustaqillik shukuhi

Mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan “Yagona vatan, yagona xalq...
KunTun
KunTun