Maktabda maslahatlashamiz yoxud yoshlar kelajagini shakllantirayotgan yangi tizim

Date:

Ba’zan insonni ortga tortayotgan narsa iste’dodsizlik emas, aksincha, o‘z imkoniyatlarining haddan ortiqligidir. Maqsuda ham ana shunday yoshlardan edi. U bilimli, izlanuvchan, fikrlashi teran o‘quvchilardan biri bo‘lib, maktabdagi turli tanlov va loyihalarda doim faol qatnashardi.Fanlarni yaxshi o‘zlashtirar, nutqi ravonligi va keng dunyoqarashi bilan tengdoshlari orasida ajralib turardi. Unda deyarli har bir sohada o‘zini sinab ko‘rishga yetadigan salohiyat bor edi. Biroq vaqt o‘tib, Maqsuda muhim bir haqiqat qarshisida qoldi: ko‘p narsaga qiziqish har doim ham aniq yo‘l tanlashga yordam bermas ekan. Maktabni tamomlash arafasida u qalbida tobora kuchayib borayotgan savolni his qildi: “Men aslida kim bo‘lishni istayman?” Chunki insonning imkoniyatlari ko‘p bo‘lgani sari tanlov qilish ham qiyinlashadi. Har bir yo‘nalish jozibador tuyuladi, ammo ulardan biri insonning haqiqiy maqsadiga aylanishi kerak bo‘ladi.
Shu paytda maktab maslahatchisi Maqsudaning ichki ikkilanishlarini sezdi. U qizning yutuqlaridan ko‘ra, nimaga mehr qo‘yishini, qaysi ish unga chinakam zavq berishini tushunishga harakat qildi. Chunki muvaffaqiyat ko‘pincha barcha narsani uddalashda emas, balki inson o‘z yo‘lini aniq topa olishida namoyon bo‘ladi.
Maqsuda ham asta-sekin o‘zi uchun eng muhim haqiqatni angladi: aniq maqsadsiz iste’dod insonni uzoqqa olib bora olmaydi. Qalb istagan yo‘l topilgandagina bilim va salohiyat to‘liq namoyon bo‘ladi. “Alkimyogar” asarida aytilganidek, “Agar inson nimani-dir chin yurakdan istasa, butun olam unga yordam beradi”. Endi Maqsuda o‘z oldiga aniq maqsad qo‘ya oldi — qaysi sohada kuchli mutaxassis bo‘lishini va kelajakda qaysi xalqaro oliygohda tahsil olishni aniq belgiladi. Shu sabab uning oldidagi yo‘l ham avvalgidan ravshanroq ko‘rina boshladi.
Bugungi kunda mamlakatimizda yoshlar ta’limi va tarbiyasiga qaratilayotgan e’tibor yangi bosqichga
ko‘tarilmoqda. Ayniqsa, yoshlar-ning qiziqishi va iste’dodini erta aniqlab, ularni aniq maqsad sari
yo‘naltirish masalasi davlat siyo-satining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Prezidentimizning 2025-yil 8-sentyabrdagi “Maktab-dan tashqari ta’lim tizimini yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-277-son qarori asosida umumta’lim maktablarida “maktab maslahatchisi” lavozimining joriy etilishi ana shu yondashuvning amaliy ifodasidir.
Mazkur tizim orqali o‘quvchilarning qiziqishi, qobiliyati va ichki salohiyatini yuzaga chiqarish, ularni zamonaviy kasblar hamda kelajakdagi aniq maqsad sari yo‘naltirish ko‘zda tutilgan. Shu bois ushbu lavozimga nomzodlar saralanib, bilimli, tashabbuskor va fidoyi mutaxassislar faoliyatga jalb etildi. E’tiborlisi, maktab maslahatchisi maqomining maktab direktori o‘rinbosariga tenglashtirilgani bu tizimga qaratilayotgan ishonch va mas’uliyat naqadar yuqori ekanini ko‘rsatadi.
Ayni vaqtda Surxondaryo viloyatining 166 ta maktabida maktab maslahatchilari faoliyat olib bormoqda. Endilikda bu tizim bosqichma-bosqich boshqa ta’lim muassasalarida ham joriy etilmoqda. Ana shunday faol va tashabbuskor mutaxassislardan biri — Termiz shahridagi 26-umumta’lim maktabi maslahatchisi Adolat Mo‘minovadir.
Unga bu yo‘nalishda jurnalist kasbi, matbuot sohasida ishlab tajriba to‘plagani, turli kasb egalari hayoti bilan tanish bo‘lgani qo‘l kelmoqda. U faoliyat yuritayotgan maktabda o‘quvchilarning qiziqishi va moyilligidan kelib chiqib turli to‘garak hamda loyihalar yo‘lga qo‘yilgan. AT, tikuvchilik, qandolatchilik, duradgorlik, kitobxonlik, “Iqtidor”, “Turon”, “Jadidlar” kabi to‘garaklar nafaqat o‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etmoqda, balki ularni kelajak kasbiga yaqinlashtirmoqda. Ba’zi o‘quvchilar dasturlashga qiziqib ilk loyihalarini yaratishni boshlagan bo‘lsa, yana kimdir qo‘l mehnati yoki ijodiy yo‘nalishlarda o‘z qobiliyatini kashf etmoqda.
Maktabda “Kelajak markazi” bilan hamkorlikda seminar-treninglar, uchrashuvlar va motivatsion master-klasslar muntazam tashkil etiladi. Ayniqsa, Prezidentimiz tashabbusi bilan ilgari surilgan “Prezident iqtidorli farzandlari” milliy dasturi doirasidagi targ‘ibot ishlari o‘quvchilarda katta qiziqish uyg‘otmoqda. Ular xalqaro universitetlarga tayyorgarlik ko‘rish, grant yutish, xorijiy tillarni o‘rganish hamda zamonaviy kasblarni egallash bo‘yicha zarur tavsiya va yo‘l-yo‘riqlarga ega bo‘lmoqda. Eng muhimi, bu uchrashuv va suhbatlar yoshlarning dunyoqarashini o‘zgartirmoqda. Avvallari chet el universitetida o‘qishni uzoq orzu deb bilgan ayrim o‘quvchilar bugun o‘z oldiga aniq maqsad qo‘ya boshlagan. Yetuk mutaxassislar, xalqaro grant sohiblari va muvaffaqiyatga erishgan yoshlar bilan uchrashuvlar esa ularda “men ham uddalay olaman” degan ishonchni shakllantirmoqda.

Har bir bola — alohida iste’dod


Maktab maslahatchisi Adolat Mo‘minovaning aytishicha, bugungi davr yoshlarning nafaqat yaxshi o‘qishini, balki o‘z yo‘lini erta topishini ham talab qilmoqda.
— Har bir bolaning qiziqishi har xil. Kimdir ATga moyil bo‘lsa, yana kimdir kitobxonlikka yoki hunarga qiziqadi. Muhimi, o‘quvchining nimaga qobiliyati borligini vaqtida sezish va uni qo‘llab-quvvatlash, — deydi u.
Maktabda kitobxonlikka ham alohida e’tibor qaratilgan. Chunki kitob o‘quvchini nafaqat bilimli, balki fikrlaydigan va maqsadini anglay oladigan insonga aylantiradi.
10-sinf o‘quvchisi Maqsuda Xo‘shboqova ana shunday izlanuvchan yoshlardan biri. U kitobxonlik yo‘nalishidagi tanlovlarda faol qatnashib, bir necha bor yuqori o‘rinlarni qo‘lga kiritgan. Hozirgacha yuzga yaqin o‘zbek va jahon adabiyoti namunalarini mutolaa qilgan Maqsudaning sumkasidan esa deyarli har kuni biror kitob chiqadi.
U, ayniqsa, bo‘sh vaqt topdimi, kutubxonaning sokin burchagida mutolaa qilishni yaxshi ko‘radi. O‘qigan kitoblaridan ta’sirlangan fikrlarini esa alohida daftariga yozib boradi. Uning aytishicha, aynan kitoblar insonning dunyoqarashini o‘zgartiradi.
— Avvallari shunchaki kitob o‘qishni yaxshi ko‘rardim. Keyinchalik o‘qigan asarlarim menga ko‘p narsani boshqacha anglatdi. Insonning maqsadi bo‘lishi, o‘z ustida ishlashi qanchalik muhimligini tushuna boshladim, — deydi Maqsuda.
Uning ta’kidlashicha, maktab maslahatchisi bilan bo‘lgan suhbatlar ham kelajak rejalari haqida jiddiy o‘ylashiga sabab bo‘lgan.
— Adolat opa bizga xalqaro universitetlar, grant dasturlari haqida ko‘p ma’lumot beradi. Shu suhbatlardan keyin men ham kelajakda xalqaro universitetlardan birida o‘qishni maqsad qildim. Hozir ingliz tilini chuqurroq o‘rganishga va o‘zim ustimda ishlashga harakat qilyapman, — deydi u.
Bugun Maqsuda kabi o‘z oldiga aniq maqsad qo‘yayotgan yoshlar safi tobora kengaymoqda. Maktab maslahatchilari faoliyati esa o‘quvchilarning iste’dodini yuzaga chiqarish, ularni zamonaviy bilim va kasblarga yo‘naltirishda muhim ko‘prik vazifasini bajarmoqda.

Yangi tizim — yangi imkoniyatlar


Bugungi kunda maktab maslahatchilari faoliyati faqat to‘garak tashkil etish yoki alohida tadbirlar o‘tkazish bilangina cheklanib qolmayapti. Ular o‘quvchilarning ichki salohiyatini aniqlash, ularni to‘g‘ri yo‘nalishga yo‘naltirish, zamonaviy kasb va bilimlarga tayyorlash hamda hayotda mustaqil qaror qabul qila oladigan shaxs sifatida shakllantirishda muhim o‘rin tutmoqda.
Termiz shahridagi 26-umumta’lim maktabida yo‘lga qo‘yilgan ishlar ham bu jarayonning amaliy natijalarini ko‘rsatib bermoqda. Bu yerda ta’lim jarayoni faqat sinf xonasi bilan chegaralanib qolmay, o‘quvchining qiziqishi, qobiliyati va kelajakdagi maqsad-lari bilan uzviy bog‘langan holda olib borilmoqda. Natijada o‘quvchilar nafaqat bilim olmoqda, balki o‘z kelajagi uchun aniq yo‘nalish tanlash jarayonida ham faol ishtirok etmoqda.
Shu nuqtayi nazardan qaraganda, maktab maslahat-chisi instituti ta’lim tizimida yangi yondashuvni shakllantirayotgan muhim bo‘g‘inga aylanmoqda. Bu tizim orqali maktab va hayot o‘rtasidagi masofa qisqarib, o‘quvchilarning kelajakka tayyorlik darajasi yanada mustahkamlanmoqda.
Bugungi zamon esa aniq maqsad, mustahkam bilim va tez o‘zgarayotgan sharoitga moslasha olish qobiliyatiga ega yoshlarni talab qilmoqda. Shu sabab maktab maslahatchilarining faoliyati ta’lim tizimida nafaqat qo‘llab-quvvatlovchi, balki yo‘naltiruvchi va shakllantiruvchi kuch sifatida tobora muhim ahamiyat kasb etib bormoqda.

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

“Kelajak intellekti” g‘oliblari aniqlandi

Surxondaryo viloyatida o‘tkazilgan “Kelajak intellekti” olimpiadasining viloyat bosqichi yosh...

Yosh iste’dodlar kashf etildi

“Besh tashabbus olimpiadasi” doirasidagi Bo‘zatov fest — “Yoshlar ovozi–2026”...

Chorvachilikda yangi imtiyozlar

O‘zbekistonda chorvachilikni rivojlantirish va mahsuldorlikni oshirish maqsadida yangi soliq...

Surxon bioxilma-xilligi xalqaro olimlar nigohida

Termiz davlat universiteti olimlari dunyoga mashhur malakolog va xalqaro...
KunTun
KunTun