Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimovning Boysun tumaniga tashrifi davomida bergan topshiriqlariga muvofiq, tumandagi 41 nafar ishsiz yoshning Termiz davlat universitetiga tashrifi tashkil etildi. Mazkur tashrif yoshlarning bilim olishga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ularni zamonaviy kasblarga yo‘naltirish hamda bandligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Tashrifning ilk kunida yoshlar universitetda talabalar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar. Jumladan, zamonaviy kutubxona, undagi muzey va axborot-kutubxona markazi faoliyati ko‘zdan kechirildi. Yoshlar uchun yaratilgan imkoniyatlar ularda katta qiziqish uyg‘otdi. Kun yakunida esa universitet sport zalida voleybol o‘yini tashkil etilib, ishtirokchilar bo‘sh vaqtlarini mazmunli va maroqli o‘tkazdilar.
Tashrif doirasida yoshlar uchun amaliy mashg‘ulotlar ham rejalashtirilgan. Xususan, sun’iy intellekt asoslari bo‘yicha darslar, kompyuter grafika va video montaj yo‘nalishlarida master-klasslar tashkil etilishi ko‘zda tutilgan. Bu mashg‘ulotlar yoshlarning zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallashiga, kelgusida o‘z kasbiy yo‘lini belgilashiga muhim turtki bo‘lishi kutilmoqda.
Mazkur tashabbus yoshlarning salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ularni ilm-fan va innovatsiyaga yaqinlashtirish hamda kelajakda munosib kasb egasi bo‘lib yetishishiga xizmat qiladi.

