Surxondaryo viloyatiga amaliy tashrif bilan kelgan Xitoy Xalqaro kommunikatsiya markazi raisi Long Yuysyan hamda “JDB Group Limited” kompaniyasi raisi Chen Xung To boshchiligidagi delegatsiya viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov hamrohligida Termiz xalqaro savdo markazi faoliyati bilan tanishdi.
Uchrashuv davomida mehmonlarga viloyatning investitsiyaviy salohiyati, geoiqtisodiy joylashuvi, foydalanilmayotgan resurslari va tashqi bozorlar bilan hamkorlik istiqbollari taqdim etildi. Xususan, Surxondaryoda yetishtirilayotgan eksportbop qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini Gonkong bozorlariga chiqarish bo‘yicha qo‘shma loyihalar taklif qilindi.
Delegatsiya Termiz xalqaro savdo markazining mintaqaviy logistika habiga aylanish imkoniyatlarini yuqori baholab, Gonkonglik investorlarni hududga jalb etishda hamkorlikka tayyor ekanini bildirdi. Tashrif yakunida mehmonlar Termiz xalqaro aeroportidan kuzatib qo‘yildi.

