Xalqimizning sevimli filmi — “Suyunchi”da Anzirat buvi obrazi orqali mahallaning asl mohiyati, uning odamlar hayotidagi o‘rni chuqur va ta’sirchan ifodalanadi. Anzirat buvi uchun mahalla — bu shunchaki qo‘ni-qo‘shnilar yig‘indisi emas, balki bir-biriga suyanch bo‘ladigan, yaxshi kunda ham, yomon kunda ham yonma-yon turadigan katta oila. Demakki, xalqimiz tafakkurida mahalla nafaqat huquqiy yoki ijtimoiy institut, balki hayot maktabi sifatida ham qaraladi.
Anzirat buvi obrazi orqali oddiy, ammo chuqur bir haqiqat ochiladi: jamiyat qanchalik rivojlanmasin, texnologiyalar qanchalik yuksalmasin, inson qalbiga eng yaqin, eng ta’sirchan tarbiya manbayi — bu mahalladir. Anzirat buvi mahallani qonun bilan emas, vijdon bilan boshqariladigan makon sifatida ko‘radi.
Bugungi islohotlar mohiyatiga nazar tashlasak, davlatimiz tomonidan mahallaga berilayotgan vakolat va imkoniyatlar aslida ana shu xalqona falsafaning zamonaviy davomidir. Endi mahalla nafaqat mehr va maslahat maskani, balki muammo yechiladigan, adolat qaror topadigan, inson ulug‘lanadigan makonga aylanmoqda.
Elning kayfiyati — faoliyatning sifati
Bugun O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning natijasi qayerda yaqqolroq sezilmoqda, degan savolga ko‘pchilik ikkilanmasdan: mahallada, deb javob beradi. Chunki xalqning kayfiyati, turmush darajasi, ertangi kunga ishonchi, eng avvalo, o‘z yashab turgan mahallasidagi muhit orqali namoyon bo‘ladi. Shu bois mahalla bugun shunchaki hududiy birlik emas, balki jamiyat vijdonining ko‘zgusiga aylanib bormoqda.
So‘nggi yillarda Prezidentimiz boshchiligida olib borilayotgan davlat siyosatida mahalla institutiga alohida e’tibor qaratilayotgani bejiz emas. Zero, davlat bilan xalqni bog‘lab turadigan eng quyi, ammo eng muhim bo‘g‘in aynan mahalladir. Bugun mahallaga faqat o‘zini o‘zi boshqarish organi sifatida emas, balki inson taqdiri, oilalar farovonligi va jamiyat barqarorligini ta’minlovchi qudratli ijtimoiy institut sifatida qaralmoqda.
— Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida “inson qadri uchun” tamoyili ustuvor etib belgilangan bo‘lsa, uning amaliy ifodasi aynan mahallalarda namoyon bo‘lmoqda, — deydi Termiz tumani, “Istiqlol” MFYda kompleks ijtimoiy xizmat ko‘rsatuvchi xodim Jumanazar Choriyev. — Chunki inson muammosi qog‘ozda emas, u yashayotgan xonadonda, ko‘chada, qo‘ni-qo‘shni orasida hal bo‘ladi. Shu ma’noda, mahallani davlat organi sifatida emas, balki fuqarolik jamiyati instituti sifatida e’tirof etish bugungi islohotlarning eng muhim natijalaridan biridir. Bugungi kunda mahallamizda 80 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi, jumladan,
12 nafar kambag‘allik reyestridagi fuqaro, 68 nafar yagona reyestrdagi oila istiqomat qiladi. Demakki, bu mahallamiz faqatgina ijrochi emas, balki tashabbuskor subyektga aylanishi lozimligini anglatadi. Mahalla raislari va faollari bugun har bir oilaning ahvolidan xabardor bo‘lish, ehtiyojmandlarga manzilli yordam ko‘rsatish, yoshlarni kasbga yo‘naltirish, xotin-qizlar bandligini ta’minlash, tadbirkorlikni rivojlantirish kabi mas’uliyatli vazifalarni zimmasiga olmoqda.
Ta’kidlash o‘rinliki, Termiz tumani, “Istiqlol” MFYda o‘tgan yilning 1-oktyabr holatiga ko‘ra ijtimoiy himoya reyestridagi fuqarolar soni 113 nafar bo‘lgan bo‘lsa, shundan 74 nafari yagona reyestrda, 39 nafari esa kambag‘allik reyestriga kiritilgan edi. Kambag‘allik reyestridagi fuqarolarga ko‘rsatilgan amaliy ko‘mak evaziga mazkur raqam joriy yilning ilk oyida olingan statistik hisobga ko‘ra 3 barobarga qisqarganligini kuzatish mumkin.
Konstitutsiyaviy kafolat — mahallaning mustahkam tayanchi
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz mahallalarga mutlaqo yangi imkoniyatlar eshigini ochdi. Endilikda mahallalar o‘z hududini mustaqil boshqarish, aholi manfaatlaridan kelib chiqib davlat bilan sheriklik asosida muammolarni hal etish, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni ta’minlash hamda samarali jamoatchilik nazoratini amalga oshirish huquqiga ega bo‘ldi.
Mahalla raislarining vakolat muddati 3 yildan 5 yilga uzaytirilishi, “yettilik” vertikal tizimining joriy etilishi joylarda ishni samarali tashkil etish uchun muhim omil bo‘ldi. Endilikda kredit, subsidiya, kompensatsiya, moddiy yordam kabi yuzdan ortiq xizmatlar bevosita mahalla darajasida ko‘rsatilmoqda. Bu esa muammolarni yuqori idoralarga chiqarmasdan, joyida hal etish imkonini bermoqda.
Natijada millionlab fuqarolar real yordamni o‘z vaqtida ola boshladi. Kambag‘allikni qisqartirish, bandlikni ta’minlash, yoshlar va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash borasida mahallalar muhim tayanchga aylandi.
Shu bilan birga, ochiq tan olish kerak: hamma mahallalarda ham ish bir xil darajada emas. Ayrim hududlarda tashabbus yetishmasligi, jamoa bo‘lib ishlashda sustkashlik, mavjud imkoniyatlardan to‘liq foydalanmaslik holatlari ham uchrab turibdi. Bu esa mahallani faqat yordam kutuvchi emas, balki imkoniyat yaratuvchi institut sifatida shakllantirish zarurligini ko‘rsatmoqda.
Ana shunday sharoitda ilg‘or tajribalarni ommalashtirish, faol mahallalarni boshqalarga namuna sifatida ko‘rsatish muhim ahamiyat kasb etadi.
— Mahallamizda o‘z o‘rniga ega oilalardan biri “Ibratli oila” ko‘krak nishoniga sazovor bo‘ldi. Bu yuksak e’tirof sizning oilangizning jamiyatga qo‘shayotgan beqiyos hissasining, mustahkam oilaviy qadriyatlarga sodiqligining yorqin dalilidir, — deydi Termiz shahri, “Bog‘zor” MFY yoshlar yetakchisi Laylo Mengto‘rayeva. — “Ibratli oila” bu nafaqat unvon, balki ulkan mas’uliyat hamdir. Zero, oila — jamiyatning asosiy bo‘g‘ini, kelajak poydevoridir. Bu oila vakilasi Sayyora Nazarovaning faoliyatini yoshlarga o‘rnak qilish maqsadida mahallamiz hududida tashkil etilgan kutubxonada uchrashuvlar tashkil etmoqdamiz. Ularning oilasida mehr-muhabbat, o‘zaro hurmat va yuksak insoniy fazilatlar hukmron. Bunday oilalar ko‘payishi mahalla osoyishtaligida asosiy jihatdir.
CHEGARADA — BARQARORLIK, MARKAZDA — MAS’ULIYAT
Termiz shahri mahallalari bugun nafaqat viloyat, balki mamlakat miqyosida ijtimoiy barqarorlik va fuqarolik faolligi namunasiga aylanib bormoqda. Chegaradosh hududda joylashganiga qaramay, Termiz mahallalarida tinchlik, hamjihatlik va jamoatchilik nazorati ustuvor qadriyat sifatida qaror topgan.
Shahardagi mahallalarda yoshlar bandligini ta’minlash, ijtimoiy muhitni sog‘lomlashtirish, huquqbuzarliklarning oldini olishda “mahalla yettiligi” tizimi samarali ishlamoqda. Ayniqsa, ta’lim muassasalari, sport to‘garaklari va madaniyat maskanlari bilan hamkorlikda olib borilayotgan ishlar yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga xizmat qilmoqda.
Bugun Termiz mahallalarida har bir oila holati alohida o‘rganilib, muammolar “yuqoriga chiqarmasdan”, joyida hal etilayotgani odamlarning mahallaga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlamoqda. Bu esa Termizni “mahalla orqali boshqarilayotgan shahar” sifatida namoyon qilmoqda. “Do‘stlik” ordeni sohibasi — “Namuna” MFY raisi Dilbar Muxammatova faoliyatini alohida ta’kidlash mumkinki, u rahbarlik qilgan jamoa inson qadrining ulug‘ligini namoyon etuvchi amaliyotga ega. Mahalla bugungi kunda haqiqiy namunali hududga aylangan. Uning izchil islohotlarga kamarbasta olib borgan faoliyati esa natijador, samarali.
Kechadan kuch olgan, ertasi erkin
Mahalla institutining bugungi qudratini tushunish uchun uning tarixiga nazar tashlash kifoya. “Mahalla” atamasi ilk bor Mahmud Koshg‘ariyning “Devonu lug‘otit turk” asarida uchraydi. Yusuf Xos Hojib “Qutadg‘u bilig”da mahalliy boshqaruvning jamiyat hayotidagi o‘rni haqida chuqur mulohazalar yuritadi. IX asr tarixchisi Narshaxiy esa “Buxoro tarixi” asarida bundan qariyb 1100 yil avval ham Buxoroda mahalla va guzarlar mavjud bo‘lganini qayd etadi.
Alisher Navoiy ijodida ham mahallaning jamiyat hayotidagi nufuzi yuksak baholanadi. Uning “Majolis un-nafois” asaridagi ma’lumotlar mahalladoshlar o‘rtasidagi hurmat, ahillik va hamjihatlik qadimdan qadrlanganini ko‘rsatadi. Bu tarixiy dalillar mahalla xalqimiz hayotida tasodifiy emas, balki ijtimoiy zarurat sifatida shakllanganini anglatadi.
Mahalla — bu faqat hududiy birlik emas, balki xalqimizning ko‘p asrlik ma’naviy tajribasi, hayot falsafasi va axloqiy mezonlari mujassam bo‘lgan ijtimoiy makondir. Mehr-oqibat, kattaga hurmat, kichikka izzat, qo‘ni-qo‘shnichilik, hamjihatlik kabi fazilatlar, avvalo, mahalla muhitida shakllanib, avloddan-avlodga o‘tib kelgan.
— Xalqimizda: “Yaxshi kuningda ham, yomon kuningda ham yoningda mahalla bo‘ladi” degan gap bejiz aytilmagan, — deydi Termiz iqtisodiyot va servis universiteti o‘zbek tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori Botir Raxmonov. — To‘y-tomosha, hashar, xayriya, maraka kabi marosimlar mahalla ahli bilan maslahatlashib o‘tkazilgan. Yetim-yesirning holidan xabar olish, muhtojlarga yordam qo‘lini cho‘zish esa insoniy burch sifatida qaralgan. Shu bois “Mahalla — ham ota, ham ona” degan hikmatli ibora xalq ongida mustahkam o‘rnashgan.
Bugun globallashuv sharoitida aynan mahalla ana shu qadriyatlarni asrab-avaylash, yoshlar ongiga singdirish, jamiyatni ma’naviy jihatdan sog‘lomlashtirish vazifasini bajarmoqda. Chunki hech qaysi institut inson ruhiyatiga mahallachalik yaqin ta’sir o‘tkaza olmaydi.
QOG‘OZ UCHUN EMAS, INSON UCHUN…
Prezidentimiz tashabbusi bilan Yangi O‘zbekiston qiyofasi kirib boradigan 33 ta tuman va 330 ta og‘ir mahalla belgilab olindi. Ushbu hududlarni qo‘llab-quvvatlash uchun yo‘llar, ichimlik suvi, elektr va gaz ta’minoti, maktablar, shifoxonalar, sport va madaniyat maskanlarini ta’mirlash va qurish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar rejalashtirilgan.
2026-yildan boshlab mahallalar byudjeti uchun har yili 200 milliard so‘m ajratilishi esa mahallalarning moliyaviy mustaqilligini yanada kuchaytiradi. “Tashabbusli byudjet”ning yangi mexanizmi orqali aholining o‘zi tashabbus ko‘rsatgan loyihalarga davlat tomonidan qo‘shimcha mablag‘ ajratilishi ham jamoatchilik faolligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Shuningdek, “Eng yaxshi soliq to‘lovchi mahalla” reytingining joriy etilishi, bo‘sh davlat obyektlarini auksionga chiqarish vakolatining mahallalarga berilishi joylarda iqtisodiy faollikni kuchaytirishga xizmat qilmoqda. Endilikda sotuvdan tushgan mablag‘ning katta qismi mahallaning o‘zida qolib, infratuzilmani rivojlantirishga yo‘naltiriladi.
DENOV TAJRIBASI obodlik va farovonlikni ko‘zlaydi
Viloyatning iqtisodiy jihatdan faol hududlaridan biri bo‘lgan Denov tumanida mahallalar islohotlarning eng faol ijrochisiga aylangan. Bu yerda mahalla faqat ijtimoiy masalalar bilan emas, balki bandlik va daromad manbalarini yaratish bilan ham shug‘ullanmoqda.
Denov mahallalarida tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, tomorqalardan unumli foydalanish, issiqxona xo‘jaliklarini rivojlantirish orqali minglab oilalarning daromadi oshirilmoqda. Mahalla faollari bank
va soliq idoralari bilan hamkorlikda aholiga kredit, subsidiya va maslahat xizmatlarini bevosita joyida yetkazmoqda.
Bu tajriba shuni ko‘rsatadiki, agar mahalla iqtisodiy jarayonlarga faol jalb etilsa, u kambag‘allikni qisqartirishda eng samarali bo‘g‘inga aylanadi. Denov mahallalari bugun ana shu haqiqatni amalda isbotlamoqda.
Denov tumani, “Lolazor” mahallasi tumanda olib borilayotgan keng ko‘lamli obodonlashtirish va infratuzilmani yaxshilash ishlariga hamnafas hudud. Tumandagi ichki yo‘llari ta’mirlangan 16 ta mahalladan biri sifatida bugun “Lolazor” “Obod xonadon – obod ko‘cha – obod mahalla” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi o‘laroq zamonaviy ko‘rinishga ega bo‘ldi. Mahallada ichki yo‘llar asfaltlandi, piyodalar yo‘laklari barpo etilib, simyog‘ochlar yangilandi, elektr tarmoqlari zamonaviylashtirildi.
Bugun O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning natijalari, o‘zgarishlar va xalq kayfiyati, eng avvalo, mahallada namoyon bo‘lmoqda. Qaysi mahallada birdamlik, tashabbus va mas’uliyat kuchli bo‘lsa, o‘sha yerda taraqqiyot bor.
Mahalla — bu inson dardi eshitiladigan, muammo yechim topadigan, adolat qaror topadigan maskan. Shu ma’noda, mahalla jamiyatimizning yorug‘ yuzi, taraqqiyot tayanchi va vijdon ko‘zgusidir. “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilingan 2026-yil esa “vatan ichra mo‘jaz vatanlar”ga yangicha ruhiyat va shukuh ulashadi.
Xurshid KARSHIYEV

