Prezidentimiz “O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Ushbu muhim, tarixiy hujjat bilan Fanlar akademiyasining asosiy maqsad va ustuvor yo‘nalishlari belgilandi. Ushbu qarorga muvofiq, Fanlar akademiyasining 2030-yilga qadar belgilangan ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib boriladi. Xususan, Namangan, Samarqand va Termiz shaharlarida akademiyaning hududiy bo‘limlari tashkil etilishi hududlarda ilmiy salohiyatni mustahkamlash, mahalliy muammolarga ilmiy yondashuv asosida yechimlar ishlab chiqish uchun mustahkam zamin yaratadi.
Termiz shahrida hududiy bo‘limning ochilishi viloyatda ilm-fanni yangi bosqichga olib chiqish, oliy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot institutlari va ishlab chiqarish o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirish, iqtidorli yoshlarni ilmga jalb etishga, ilmiy salohiyatni oshirish, innovatsion g‘oyalar va zamonaviy yechimlar asosida hudud taraqqiyotini ta’minlashga xizmat qiladi.
Shuningdek, qaror bilan ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash, yosh olimlarni rag‘batlantirish hamda strategik ahamiyatga ega ilmiy yo‘nalishlarni barqaror moliyalashtirish maqsadida Fanlar akademiyasi jamg‘armasi tashkil etilib, davlat budjetidan har yili 80 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi belgilandi.

