Har bir hududning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti evaziga aholi turmush darajasini yuksaltirish, mahallalarni obod qilish va zamonaviy infratuzilma bilan ta’minlash borasida izchil islohotlar samara berayotir. Ayniqsa, Prezidentimizning Namangan viloyatiga tashrifi chog‘ida mahallalarni obod qilish borasida ilgari surilgan tashabbusi qizg‘in kutib olindi. Yangi dastur har bir hududning o‘ziga xos imkoniyatlaridan to‘liq foydalanishga, aholining bandligi va farovonligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Shu ma’noda, “Taraqqiyot va yetakchilik maskani” dasturi mamlakatimiz taraqqiyotida muhim qadam ekanligini e’tirof etmoq lozim. Ushbu dasturga Farg‘ona, Samarqand va Toshkent viloyatlaridan 4 tadan, qolgan hududlardan esa ikkitadan tuman hamda respublika bo‘yicha eng “og‘ir” deb topilgan 328 ta mahalla kiritiladi. Eng yaxshi namuna ko‘rsatib, aholisini rozi qilgan hududlarga “Prezident tumani” va “Prezident mahallasi” maqomi berilib, ularga qo‘shimcha imkoniyatlar taqdim etiladi.
Mazkur dastur doirasida Surxondaryo viloyatidan Muzrabot va Qiziriq tumanlari tanlab olingan bo‘lib, belgilangan vazifalarni amalga oshirish yo‘nalishlari va chora-tadbirlari ishlab chiqildi. Shu maqsadda viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov Muzrabot tumanida bo‘lib, “Yangidiyor” hamda “Yo‘lchi” mahallalari bilan bog‘liq kelgusi rejalar taqdimoti bilan tanishdi. Shuningdek, tuman miqyosida amalga oshirilajak bunyodkorlik ishlari xususida axborotlar tinglandi.
Loyihaga muvofiq, lider tadbirkorlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ish o‘rinlari yaratish va infratuzilmani rivojlantirish orqali Muzrabot tumanida 3,5 mingta yangi ish o‘rni tashkil etilishi rejalashtirilgan. Buning natijasida ishsizlik darajasi 4,2 foizga, kambag‘allik ko‘rsatkichi esa 5,1 foizga tushishi kutilmoqda. Shuningdek, sanoat ishlab chiqarish hajmi 715 milliard so‘mga ortib, tuman 4-toifadan 3-toifaga o‘tadi. Bu esa tadbirkorlikni rivojlantirish va aholi turmush darajasini oshirishga xizmat qiladi.
Viloyat hokimi taqdimotlar hamda hududlarning mavjud holati bilan tanishar ekan, loyihalarni yanada takomillashtirish, infratuzilma ishlarini puxta rejalashtirish va amalga oshiriladigan ishlar manzilli hamda sifatli bo‘lishini ta’minlash vazifalarini belgilab berdi.