“Yashil” energiya – davr talabi

Date:

Insoniyatning birinchi galdagi vazifasi kelgusi avlodga munosib yashash sharoiti yaratishdan iborat. Tabiiy resurslardan bugungi kun darajasida foydalanadigan bo‘lsak, o‘zimizdan yaxshi kelajak qoldira olamizmi, bu butun insoniyat muammosidir.
Shu bois, ushbu muammolarning oldini olish maqsadida rivojlangan davlatlar “yashil” energiyadan foydalanishayotir. Xususan, Yaponiya va Xitoy davlatlari quyosh fotoelektrostansiyalari, shamol generatorlari orqali elektr energiyasi olishmoqda. Prezidentimizning 2023-yil 16-fevraldagi “2023-yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energotejamkor texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan “Yashil energiya” MCHJ tashkil etilgan edi.
Hozirda O‘zbekistonning 7 ta viloyatida umumiy quvvati 2,7 GVt bo‘lgan 9 ta quyosh fotoelektrostansiyasi hamda bitta shamol elektrostansiyasi “yashil” energiya ishlab chiqarayotir. Joriy yil boshidan buyon quyosh va shamol elektrostansiyalari tomonidan 4 milliard kVt soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan.
Buning natijasida 1,2 milliard kub metr tabiiy gaz tejalishiga erishilgan. Atmosferaga 1 million 680 ming tonna zararli gazlar chiqishining oldi olingan. Ta’kidlanishicha, mazkur hajmdagi elektr energiyasi 2 million xonadonning 10 oylik yoki 1 million 666 mingta xonadonning bir yillik ijtimoiy normasini tashkil qiladi.
Yashil energiya — bu qayta tiklanadigan va atrof-muhitga zarar keltirmaydigan tabiiy manbalardan olinadigan energiya. Bu insonlar hayoti uchun zarur bo‘lgan energiyani tabiatning kuchidan foydalangan holatda olishdir. Bu manbalarga quyosh nuri, shamol, yomg‘ir, suv toshqini, to‘lqinlar va geotermal issiqlik kiradi.
O‘zbekiston Energetika vazirligi tizimida faoliyat yuritayotgan “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati o‘z tasarrufidagi 78 ta yuqori kuchlanishli podstansiya hamda 10 ming kilometrdan ziyod uzunlikka ega 220-500 kVli elektr energiyasini Markaziy Osiyo hamda mintaqadagi boshqa chegaradosh davlatlar bilan elektr energiyasi importi va eksporti amaliyotlarini bajaradi. Strategik ahamiyatga ega korxonalar qatorida faoliyat yuritayotgan tashkilotda mehnat faoliyati olib borayotgan qariyb 5 ming ishchi-xodimdan iborat jamoa, shuningdek, yuzlab og‘ir va yengil avtomobil hamda mexanizmlar tun-u kun iqtisodiy-ijtimoiy taraqqiyot negizi bo‘lgan elektr energiyasi ta’minoti bilan mashg‘ul. “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati Matbuot xizmati taqdim etgan ma’lumotlarga qaraganda, mustaqillikning dastlabki yillarida gidroenergetikaning elektr energiyasi ishlab chiqarishdagi ulushi
10 foizga ham yetmagan. O‘zbekiston gidroelektr inshootlari tomonidan o‘tgan davr mobaynida, aniqrog‘i, 2017-yilda 7 milliard 947 million kVt soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan bo‘lsa, 2018-yilda bu ko‘rsatkich 6 milliard 126 million kVt soatni tashkil etgan. 2019-yilda esa ishlab chiqarilgan 6 milliard 513 million kVt soat elektr energiyasi umumtizim orqali iste’molchilarga yetkazib berilgan. Ushbu ko‘rsatkich mamlakatimizda ishlab chiqariladigan jami elektrenergiyasining 13 foizini tashkil etmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, O‘zbekistonning tabiiy suv resurslaridan samarali foydalanilib, aholini qayta tiklanadigan, ekologik toza va arzon elektr energiyasi bilan ta’minlanayotganligini anglatadi. “O‘zbekgidro-energo” AJ ma’lumotlarini keltirayotganda yildan-yilga suv omborlaridagi suv sathining pasayib ketayotganiga alohida e’tibor berishimiz zarur. Ekotizimga ko‘rsatilayotgan salbiy ta’sir nafaqat O‘zbekistonda, balki butun Markaziy Osiyo davlatlarida kuzatilmoqda. Joriy yilda gidroenergetika imkoniyatlaridan keng foydalanadigan qo‘shni Tojikiston energetiklarining bu yilgi havzalardagi suv sathining avvalgi yillarga nisbatan keskin kamaygani haqidagi bayonotlari yuqoridagi fikrlarning tasdig‘idir.
2017-yilda 52 142,1 million kVt soat elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun mamlakatimizda mavjud issiqlik elektrostansiyalari tomonidan 15,21 milliard metr/kub tabiiy gaz, 268,3 million metr/kub yerosti gazi, 148,6 ming tonna mazut, 3,31 million tonnadan ziyod ko‘mir, 13,7 ming tonna neft iqtisod qilingan.
2018-yilda esa jami 56 311,3 million kVt soat elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun bu ko‘rsatkichlar umumiy hisobda 8,7 foizga oshgan, ya’ni 16,42 milliard metr/kub tabiiy gaz, 326,6 million metr/kub yerosti gazi, 154,8 ming tonna mazut, 3,34 million tonna ko‘mirdan issiqlik energiyasi olinib, elektr energiyasiga aylantirilgan.
2019-yilda esa o‘tgan yillarga nisbatan yirik miqdorda import qilingan elektr energiyasi hajmidan tashqari 56 413,8 million kVt soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan. Buning uchun 15,81 milliard metr/kub tabiiy gaz, 269,2 million metr/kub yerosti gazi, 204,4 ming tonna mazut va 3,57 million tonna ko‘mir yoqilgan.
O‘z-o‘zidan ma’lumki, yuqorida keltirilgan raqamlar atmosferaga chiqarilgan behisob uglerod oksidi, minglab tonna kul va boshqa zararli moddalar haqida so‘zlab turibdi. Ammo nachora, dunyo miqyosidagi ekotizimga yetkazilayotgan ekologik talafotlar tarkibida bu raqamlar dengizdan tomchi…
Hukumat qarorlariga asosan Energetika vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari salmog‘ini 2030-yilgacha 25-30 foizgacha oshirish rejalashtirilgan.
QAYTA TIKLANUVCHI ENERGIYA NIMA?
Qayta tiklanuvchi energiya manbalari – atrof-muhitda tabiiy holda qayta tiklanuvchi quyosh, shamol energiyasi, yer harorati (geotermal), suv oqimlarining tabiiy harakati, biomassa energiyasi. Xullas, “yashil energiya”ning asosida yer yuzidagi hayot manbayi bo‘lgan Quyosh yotibdi. Shamol ham, suvning tabiatda erkin aylanishi va boshqa iqlim sharoiti bilan bog‘liq jarayonlarning barchasi gallaktikamizning markaziy nuqtasi – quyoshning faolligi hisobiga amalga oshadi. U qayta ishlangani uchun “qayta tiklanuvchi” deb, ekologiyaga deyarli zarari bo‘lmagani uchun “yashil energiya” deb ta’riflanadi va yuqorida ta’kidlanganidek, bugungi kunda yer yuzida, shu jumladan, O‘zbekistonda ham asosiy ishlab chiqarish neft mahsulotlari evaziga bo‘lgani uchun unga “muqobil” maqomi berilgan.
Mamlakat miqyosida olib qaraydigan bo‘lsak, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Samarqand, Navoiy, Surxondaryo, Buxoro hamda Jizzax viloyatlarining hududlarida shamol va quyoshdan quvvat olish loyihalarini BAA, Xitoy va Yevropa mamlakatlari qurib bitkazishdi. Yuqorida sanab o‘tilgan loyihalar mamlakatimizda “yashil” energiya salmog‘ini yuksaltirishga qo‘yilgan dastlabki qadamlardir. Shu o‘rinda bir narsani alohida ta’kidlash joizki, elektr energiyasi ishlab chiqarishdagi an’anaviy uslub, ya’ni neft mahsulotlarini yoqish evaziga hosil bo‘ladigan issiqlik energiyasini mexanik energiyaga, mexanik harakatni elektr energiyasiga aylantirish usuli ekomuhitga birmuncha zararli bo‘lsa-da kundan kunga, yildan yilga oshib borayotgan ehtiyojni qondirishga safarbar etilayotgan arzon va qulay ishlab chiqarish jarayoni hisoblanadi. Undan kunning istalgan paytida (ayniqsa, tonggi va kechki maksimumda) ehtiyojga qarab foydalanish, ma’lum ma’noda turli vaziyatlar uchun zaxira qilish (yoqilg‘i zaxirasi) imkoniyatlari mavjud. Biroq hozirda yirik miqdorda ishlab chiqarilib, xalq xo‘jaligi va sanoatga yo‘naltirilayotgan tabiiy gazdan oqilona foydalanish, unda kimyo sanoatida turli material va xomashyo, o‘g‘it va minerallar tayyorlash, ichki bozor ehtiyojini qondirilgan holda tayyor mahsulotlar eksportiga yo‘naltirish ham mumkin. Tabiiy gazni aholi ehtiyoji qondirish, soni yildan yilga oshib borayotgan avtomobil va mexanizmlarga yonilg‘i sifatida yetkazib berish muhim vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda. Qolaversa, neft va boshqa uglerodli qazilmalarning yerosti manbalari behisob emas. Kelajak avlodlarga tabiiy boyliklarni ma’lum ma’noda asrab qo‘yish, ulardan oqilona foydalanish ham strategik ahamiyat kasb etadi.

Alim AHMEDOV,
Termiz davlat universiteti o‘qituvchisi,
Xolmuhammad TOG‘AYMURODOV,
jurnalist

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Sanjar shohsupada

Termiz shahrida o‘tkazilgan “Muay Thai” bo‘yicha O‘zbekiston Kubogi –...

Ro‘yxatdan o‘tish majburiy

1-oktyabrdan boshlab O‘zbekistonda moped va skuterlarni boshqarish faqat A...

Tartibi aniq

Hukumatning 2025-yil 10-oktyabrdagi 637-son qarori bilan imtiyozli shartlarda pensiyaga...

 “Shymkent Cup 2025”da yorqin natija

Qozog‘istonning Shimkent shahrida bo‘lib o‘tgan nufuzli “Shymkent Cup Taekwondo...
KunTun
KunTun