Surxondaryolik taniqli va ardoqli polvon, jismoniy tarbiya va sport sohasida keng tanilgan olim, yuzlab polvonlarning samimiy ustozi Juma Toshpo‘latovni voha ahli juda yaxshi taniydi. Jismoniy tarbiya va sport, xususan, milliy kurash bo‘yicha bir qator kitoblar, to‘plamlar, risolalar, ko‘plab maqolalar yozib chop ettirgan ustoz-olim birinchilardan bo‘lib respublikada milliy kurashning qonun-qoidalarini ishlab chiqdi. Shogirdlar va sport ixlosmandlari qalbidan o‘chmas bo‘lib joy olganligi ham ayni haqiqat.Juma Toshpo‘latovning shuhratli yigitlik yillari Toshkent davlat jismoniy tarbiya institutining 1-kurs talabasi bo‘lgan kunlaridan boshlandi. Birinchi kursdanoq alp kelbatli tog‘ yigitining jismoniy tayyorgarligi, pishiqligi, kurash tushishi e’tiborga tushdi. Uni universitetlararo Sambo kurashi bo‘yicha bo‘ladigan birinchilikka munosib nomzodlar qatorida tanlashdi. U maydonga tushib, raqibining kuragini yerga tekkazganida ustozlari alp yigitda yashiringan kuch va iste’dodni anglay olishgandi. Shundan keyin Juma Toshpo‘latovni Toshkent shahri, keyin respublika birinchiligi uchun sinashdi. Maydonga tushib, kuchli, tajribali, nomdor raqiblarga ro‘parama-ro‘para keldi.
Nomdor polvon bundan-da ko‘prog‘iga qodir ekanini ruhan his etib, vatanga, el-u xalqiga, yoshlarga yordami tegishini istadi. Polvonlik shuhrati bilan yurtga, dunyoga tanilish, Vatan iftixoriga, faxriga aylanish mumkin. Bu iftixorni faqat o‘ziniki qilishni, o‘zidan keyin “o‘lding — o‘chding” bo‘lishni istamadi. Ko‘ngil g‘alayonlarini bostirishning, taskin topishning yo‘lini esa u yaxshi bilardi. Ana shu yo‘lni tanlagani uchun ham Juma Toshpo‘latov bir paytlar nomi dong‘i ketgan polvongina emas, balki o‘zidek sportchilarni, chempionlarni yuzaga chiqargan, ko‘plab shogirdlar yetishtirgan ustoz-murabbiy sifatida ham tanildi. Ha, bu yo‘l — ilm yo‘li edi. U o‘zi bilgan kurash usullarini, bilimlarini, amaliyotda anglagan haqiqatlarning barini jam qilishni, yuragida ishtiyoqi baland yoshlarga ustozlik qilishni istadi. Termiz davlat pedagogika instituti (hozirgi TerDU)da ishlagan yillari ustoz uchun nafaqat qizg‘in faoliyat yili, balki tinimsiz izlanish, o‘rganish yili ham bo‘ldi.
Polvon maydonga tushib, raqibi bilan bellasha-bellasha jo‘shsa, vujudidagi qon ko‘pirib, zavqi kelsa, Juma polvon universitet auditoriyalarida saboq berayotib, kurash usullarini, sirlarini o‘rgatayotib, ko‘rsatayotib ham o‘zidan ana shunday qoniqish his etdi. U haqiqiy polvonni yaxshi taniydi. Iste’dodlarni payqay oladi. Ustozning ko‘zlariga boqib turgan nigohlarga qarab turib, ular orasida kimdan eng kuchli va nomdor polvon chiqajagini ayta oladi.
Ustoz bilan bir suhbatimizda:
— Gapning to‘g‘risini aytganda, men sportda bir ashaddiy muxlis, fanat edim, — deydi shiddatli kurashgan yillarini xotirlarkan Juma aka. — O‘zim tinimsiz ravishda musobaqalarga qatnashar, yoshlarni ham kurash usullariga muttasil o‘rgatar edim. Men har bir daqiqadan unumli foydalangan holda mashq qilar, o‘zimni kurashga, katta g‘alabalarga tayyorlar edim. Busiz sportda yutuqlarga erishish qiyin, albatta. El ichida mashhur polvonlar bo‘lib yetishgan Shafoat Shomurodov, Chori Boboniyozov, Sharif Abdurahmonov, Yo‘ldosh Allayorov, Juma Choriyev, Tursunali O‘rinboyev, Yo‘ldosh Normatov, Alimardon Valiyev, Xusanboy Tojiboyev, Saidahmad Ahmadqulov, Panji Choriyev kabi dovruqli polvonlarga kurash sirlarini o‘rgatganimdan o‘zimni bag‘oyat baxtli sanayman.
Abdulla Tangriyev, Rustam Ergashev, Tohir Turdiyev kabi polvonlar ham ana shunday kashfiyotlar mahsuli. Ular Juma ustozning boshlang‘ich ta’limini olib, katta sport olamiga qadam tashlashdi, nomlari el-yurtga taraldi. Shu tariqa Juma ustozning shogirdlari orasidan O‘zbekiston, Osiyo, Jahon chempionlari, xalqaro Olimpiada va paralimpiya o‘yinlarining g‘olib va ishtirokchilari yetishib chiqdi.
Ilm yo‘lidan ketayotgan polvon og‘a nima ishning boshini tutsa, albatta, ko‘zga ko‘rinmay, faollik ko‘rsatmay tura olmaydi. Uning hayot mezoni, oltin formulasi shunday. Boy tajribasini yozib qoldirsa, undan avlodlar foydalanadi. Asl polvonlikning nazariyasini o‘qib uqishadi deb o‘yladi va ko‘p yillik mehnat hamda harakatlarning mevasi o‘laroq 9 ta monografiya, 100 dan ortiq ilmiy maqolalar qoraladi. “Surxondaryoda jismoniy tarbiya va sport”, “O‘zbek kurashi”, “Chavandoz o‘zbegim yigitlari”, “Pahlavon qizlar”, “Alpomishlar afsona emas” kabi kitoblari chop etildi. Ular sport ixlosmandlari va sohada tahsil olayotgan talaba-yoshlar uchun eng yaxshi ma’lumot manbayi, sohada nazariy bilimlar beruvchi darslik bo‘lib kelayotir.
Ana shunday izlanishlar davomida ustoz 1978-yilda nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi.
1984-yilda esa dotsent, 2005-yilda sohada ilk bor professor unvonini olishga muvaffaq bo‘ldi. 2006-yilda “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.
Ustoz universitetning jismoniy tarbiya fakultetida uzoq yillar dekan lavozimida faoliyat yuritdi. Fakultet jamoasi ustozni qadrlaydi. Doimo hurmat va e’tiborda bo‘lishdi. Juma Toshpo‘latov kurashning nazariy va amaliy bilimlarini o‘zida jamlagan katta ensiklopediyaga o‘xshaydi.
Odamzod hayotdan o‘tgach, u odam haqida biror gap aytish, yo yozishdan avval hayotlik davridagi yaxshi va yomon ishlari haqida gapirishga to‘g‘ri keladi. Juma aka hayotda ham, sportda ham, olimlikda ham, rahbarlikda ham, murabbiylikda ham tengsiz inson edi. Shu bois, ustozimiz haqida bir-ikki maqola emas, qator-qator kitoblar yozsa ham kamlik qiladi.
Ro‘ziqul Mustafoqulov,
TerDU dotsenti,
filologiya fanlari nomzodi