Umrning har fasli go‘zal, har faslining esda qolarli, xotiralarda muhrlanuvchi voqealari, damlari bo‘ladi. Ammo yoshlik — bahorga mengzaladi. Bu bejiz emas. Jo‘shqinlik, yoniq qalblarning ishtiyoqini, harakatlarini kuzatsak, zavq-shavq tuyamiz. Har birimizning ayni damlarga qaytgimiz keladi, yosh bo‘lsak, bu davrdan bahra olishga tutinsak, ulg‘ayish pillapoyalaridan yuqoriga odimlagan sayin yoshlikka qaytgimiz kelaveradi.
Ha, nima bo‘lganda ham ortga qaraganimizda o‘tkazgan vaqtimizga achinmasligimiz, oltinga teng har soniyamizdan unumli foydalanib, sevimli mashg‘ulotlar, kerakli yumushlar, kelajakka daxldor, ertamizni nurli etishiga zamin hozirlaydigan loyihalar ustida bosh qotirmog‘imiz shart va zarur. Termiz shahrida Surxondaryo tajribasi sifatida bo‘lib o‘tgan “Yoshlar va talabalar” festivali esa har bir yoshga vaqtning qiymatini, yoshlikning g‘animat ekanini anglatgandek bo‘ldi.
Munosiblar munosib bahoni oldi
Festival yoshlarga ma’rifat, ma’naviyat nurlarini ulashib, ong-u shuurini, ichki olamini yortigandek bo‘ldi. Adib Sobir Termiziy nomidagi viloyat axborot kutubxona markazida festival “Kitobxon talaba” tanlovi bilan boshlandi. Ikki shart asosida kitobxon yoshlarning bilimi, dunyoqarashi obdan sinovdan o‘tkazildi. Tavsiya etilgan adabiyotlar asosida tuzilgan test sinovlaridan o‘tgan ishtirokchilar, keyingi shartda savollarga tezkorlik ila javob qaytarishdi.
Bu kabi tanlov-u tadbirlardan ko‘zlangan maqsad bor. Albatta, tajriba asosidagi ishlar yanada oshirilishi, kelgusi mavsumlarda yangiliklar kiritilib, tadbirlar rejasi yanada puxta ishlab chiqilishi, kamchiliklar to‘ldirilishi ko‘zda tutiladi. Muhimi, birinchi qadamni tashlash, tashabbus ko‘rsatishdir. Ayni qadam tashlanib, yangidan yangi iqtidorlar, salohiyatli kitobxon yoshlar kashf etildi. Faqat ishtirokchilarning kichik e’tirozlari ham yo‘q emas. Zero, bu e’tirozga-da jon bordek.
800 dan ortiq jahon va o‘zbek badiiy adabiyotini o‘qib chiqqan Termiz davlat pedagogika institutining 3-bosqich talabasi Xurshida Tojimurodova ham ishtirokchilar orasida edi. O‘tkir Hoshimovning “Ikki eshik orasi” asaridan bir insonning xatti-harakatlari butun bir jamiyatga qanday ta’sir etishini anglab, Jek Londonning “Martin Iden”idan ilm olishning ahamiyatini uqqan, o‘z oldiga aniq maqsad qo‘yib, to‘xtab qolmaslik lozimligi kuch berganidan ilhomlangan Xurshidaning dunyoqarashi keng, fikrlari teran. Savol bersangiz, javobini maroq ila tinglashingizning o‘zi esa unga qo‘ygan bahoyingizni ochiqlab qo‘yadi. Ammo tanlovda ishtirokchilarning hammasini ana shunday mezon asosida bilib bo‘lmadi. Shunchaki xotirasi sinovdan o‘tdi.
— Tanlovda uchinchi shart sifatida badiiy adabiyotlar sharhi ham berilganida
edi, bizning dunyoqarashimiz, asarlarni o‘qib, qanday uqqanimiz, taassurotlarimizni ham bilib olish mumkin edi, — deydi tanlovning birinchi o‘rin sohibasi Xurshida Tojimurodova.
Nima bo‘lganda ham tanlovda kitobxon yoshlarning bilimlari sinaldi. Munosiblar munosib bahoni oldi.
Murosasiz bahslarga boy musobaqalar…
Kitobxonlar kashf etilgan bir paytda festival doirasida sport musobaqalari ham o‘tkazildi. Sportsevar yoshlarni qamrab olgan musobaqalar qizg‘in va murosasiz bahslarga boy bo‘ldi. Voleybolchi qizlar raqobati keskin kurashlarga boy o‘tgan bo‘lsa, yigitlar ham bahsda bo‘sh kelishmadi. Shu bilan bir qatorda, yigitlar va qizlar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan basketbol musobaqalari ham esda qolarli bo‘ldi. Har ikki sport turi bo‘yicha Termiz davlat universitetining yigitlari birinchi o‘rinni egallagan bo‘lishsa, Termiz davlat pedagogika institutining qizlar jamoasiga teng keladigani topilmagani ayni haqiqat.
Katta sport arenalarida, yashil maydon uzra to‘p surishning gashti bo‘lakcha. Raqibni dog‘da qoldirib, darvozasi tomon urilgan to‘pdan so‘ng, tomoshabinlarning “gol” degan hayqiriqlari futbolchining shijoatini oshiradi. Bu safar ham futbolchi yoshlar mini futbol musobaqasida mana shunday taassurotlar og‘ushida bo‘ldilar.
Termiz shahridagi “Alpomish” arenasida g‘oliblik uchun kurashgan jamoalarning o‘yinini kuzatish tomoshabinlarga ham ko‘tarinkilik ulashdi. Natija esa g‘oliblar uchun ham, mag‘lublar uchun ham to‘g‘ri xulosa chiqarishga xizmat qildi. Termiz davlat universiteti jamoasi birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Bilim va salohiyat “Zakovat”da sinashta
Ha, bugun yoshlarning kuni. Ular sevimli mashg‘u-lotlari bilan mashg‘ul bo‘ladigan dam. Festivalga kelganlar darmonda, kelmaganlar esa armonda qoladigan bo‘ldi. Har bir tanlov, tadbirning o‘z ishqibozi, intiqlik ila kutadigan ishtirokchisi bor. Shuning uchun ham festival fayzli va qiziqarli o‘tmoqda. Urinishlar hafsala bilan boshlanib, muvaffaqiyat bilan yakun-lanayotir. Jismoniy imkoniyatlar sportda sinalsa, bilim va salohiyat esa “Zakovat”da sinashta.
Shahrimizdagi Yoshlar markazi binosida bo‘lib o‘tgan “Zakovat” intellektual o‘yini ham yoshlarni befarq qoldirmadi. Allaqachon o‘z jamoalari bilan ishtiroki, zakovati bilan tanilgan jamoalar navbatdagi muvaffaqiyat uchun raundlardan mardonavor o‘tdilar. Savollarga zukkolik ila javob topildi. Har bir savol ishtirokchilarni o‘ylashga, kengroq mushohada qilishga, har tomonlama fikrlashga undadi. Yakunda esa Termiz davlat pedagogika instituti jamoasi g‘olib bo‘ldi.

Tayyorgarlik puxta, har bir shart qiziq
Yarim kun davomida talaba-yoshlar har tomonlama o‘z bilim va jismoniy imkoniyatlarini namoyon etgan bo‘lishsa, ana shunday lahzalarda ko‘ngil yengil kulgi tusashi aniq. Mana shunday istakka javoban San’at saroyi binosida talaba-yoshlar o‘rtasida “QVZ” ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi.
Kutilganidek, jamoalarning tayyorgarligi puxta, har bir shart qiziqarli bo‘ldi. Tomoshabinlar yayrab kulib, sho‘x-shodon hazillar, hayotiy misollar bilan yanada jonli kechdi. Shuningdek, jamiyat hayotimizdagi ba’zi illatlar, kamchilik va muammolar ham e’tibordan chetda qolmadi. Bir necha soatlik vaqt qanday o‘tgani sezilmadi. Termiz muhandislik va agrotexnologiyalar universitetining “Janub yulduzlari” hamda Termiz iqtisodiyot va servis universitetining “Megacity” jamoasi bir ovozdan birinchi o‘ringa munosib ko‘rildi.
Festival milliy san’atimiz, xalqimizning asrlarga tutashib ketgan xalq og‘zaki ijodi-yu qadriyatlarini yanada qadr topishiga xizmat qildi. Baxshichilik maktabida yosh baxshilar do‘mbirasini sayratib, qofiyasini kelishtirib, bor mahoratini ishga solib, Alpomish-u Kuntug‘mishdan aytib turishsa, chanqovuz sadolari esa tomoshabinlarning e’tiborini tortib, xayollarini moziy tomon yetaklagan bo‘lsa, ajab emas.
Chanqovuzni mohirlik ila chalayotgan ishtirokchilarning oddiy buyumdan sehrli ovoz, quloqqa xush yoquvchi ohang taratayotganlarining o‘zi bir mo‘jiza yanglig‘. Tomoshabin uchun har bir chiqish ana shunday e’tiborga molik. Ammo hakamlar munosib bahoni berishadi.
Do‘mbira-yu chanqovuzdan sel bo‘lgan ko‘ngillar sibizg‘a kuyini ham ana shunday hayajon bilan tinglashdi. Bu kuy kishini bepoyon kengliklar, toshqin buloqlar, osmonlarga tutashib ketgan tog‘larga yetaklagandek bo‘lganidan anglash mumkinki, bejiz sibizg‘ani cho‘pon nayi deyishmas ekan. Eng yaxshi baxshi Termiz davlat pedagogika instituti talabasi Bekzod Xomidov, “Sibizg‘a” cholg‘u yo‘nalishida Termiz davlat universiteti talabasi Shahnoza Axmatova, “Chanqovuz” cholg‘u tanlovida Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti talabasi Dostonbek Jabborovlar birinchi o‘ringa munosib topildi.

***
Kun oxirlab borayotgan bir paytda markaziy maydonda hozirlangan OTMlari pavilyonlarida jarayon qizidi, talaba-yoshlar esa do‘ppidek osh damlashga kirishib ketgan. Pavilyonlarga kelganning dimog‘iga esa milliy taomimizning yoqimli ifori uriladi. Har bir oliygoh pavilyonida talabalar hududlarga xos bo‘lgan palovxonto‘raning bir-biridan farqli turlarini qozonga osarkan, mehmonnavozlik esa o‘sha-o‘sha, Surxonga xos.
Taom tayyor bo‘lgach, hakamlar-u festival ishtirokchilari dasturxonga taklif etilib, osh tortildi. Birinchi o‘ringa Termiz iqtisodiyot va servis universiteti talabalari tomonidan tayyorlangan osh munosib ko‘rildi.
Kechki tamaddidan keyin barcha “Gala” konsert bo‘lib o‘tadigan maydondagi milliy va zamonaviy liboslar ko‘rgazmasi — “Modalar namoyishi” tomoshasida festival shukuhini teranroq tuydiki, go‘zal ohanglar fonida milliy liboslarda podiumga chiqib kelgan qizlarning egnidagi liboslarda o‘zbeklik aks etardi. Milliylik va millat madaniyati o‘z ifodasini topgan har bir libos, unga tanlangan bezaklar, dekoratsiyalar uzukka ko‘z qo‘ygandek mos va mushtaraklik hosil qilgan. O‘z milliy brendini yaratishni qalbiga tukkan dizayner-larning ishlari esa tahsinga sazovor. Albatta, qizlarimizning garderobida ham mana shunday zamonaviylik ruhi singdirilgan milliy liboslar bo‘lishini orzu qilishlari aniq.
Modalar namoyishidan keyin, festival doirasida bo‘lib o‘tgan musobaqa va tanlovlar g‘oliblarini tantanali taqdirlash marosimi poytaxti azimdan tashrif buyurgan san’atkorlar va mahalliy xonandalarning gala konserti bilan davom etdi. Vohadoshlarimizga bayramona kayfiyat ulashgan shodon kuy-qo‘shiqlarga barcha raqs tushdi.
Festival mushakbozlik va lazer shou bilan yanada esda qolarli bo‘ldi. Yorqin xotiralarga boy festivalni yoshlar ancha paytgacha unutmaydi. Qolaversa, Surxondaryodan boshlangan ezgu tashabbus tezda mamlakat bo‘ylab bo‘y ko‘rsatadi.
Sayyora ALLAYEVA