G‘alla — rizq-ro‘zimiz. Xalqimizning non va non mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida tinmay mehnat qilayotgan fermerlarimiz, agroklasterlar g‘allani parvarishlash jarayonida asosiy ofat bo‘lgan “zang kasalligi”dan hosilni himoya qilishlari lozim. Agarda kasallikka qarshi o‘z vaqtida kurash choralari olib borilmasa, hosilning 30-40 foizi nobud bo‘lishi isbotlangan.
Respublikamiz bo‘yicha bu yil ham 1 million gektardan ko‘proq maydonda g‘alla ekinlari yetishtirilmoqda. Har yilgidek g‘alla hosili bo‘yicha mamlakatimiz miqyosida yuqori marralar ko‘zlangan. Joriy yilda viloyatimizning g‘alla ekin maydonlari jami 89 325 gektar bo‘lib, yalpi hosil rejasi 665 000 tonnadan iborat. Viloyat bo‘yicha g‘alla maydonlarida 3 xil ko‘rinishdagi zang, ya’ni poya, sariq va qo‘ng‘ir zang kasalliklari erta bahorda ko‘p tarqalishi mumkin va katta zarar keltirishi ehtimoldan xoli emas.
Amaliy tajribalardan ma’lumki, zang kasalliklari bahorda yog‘ingarchiliklar ko‘p, sernam va harorat past bo‘lgan yillari 30-40 foizgacha hosilni nobud qilishi mumkinligi kuzatilgan. Zang kasalligi epifitotiysi sharoitida 50-60 foiz va undan ham ko‘p miqdorda hosil nobud bo‘lgan. Hozirgi vaqtda zangga qarshi 2 xil usul yordamida, ya’ni yetishti-rilayotgan bug‘doy navlarining kasallikka qarshi chidamliligini oshirish maqsadida agrotexnik chora-tadbirlar va kasallikning oldini olish (profilaktika) hamda zang paydo bo‘lgan maydonlarda kasallikni to‘liq yo‘q qilish maqsadida kimyoviy usuldan foydalanish tavsiya etiladi.
Zang kasalliklariga qarshi agrotexnik kurash choralari: G‘allani yuqori agrotexnika sharoitida parvarishlash, o‘z vaqtida o‘g‘itlash, sharbat suvi berish va bargidan suspenziya qilish, dala ichidagi va chetlaridagi boshoqdosh va boshqa turdagi begona o‘tlarni yo‘qotishni tashkillashtirish maqsadga muvofiqdir. Bargidan suspenziya usulida oziqlantirish jahon g‘allachiligi amaliyotida foydali tadbir sifatida ko‘p qo‘llaniladi. Bu usulda oziqlantirish bug‘doy o‘simligining fotosintez va moddalar almashinuv jarayonini jadallashtiradi, bargda organik moddalar ko‘payadi va yashillik uzoq muddat saqlanadi, barg plastinkasining qalinlashishi esa g‘allaning bardoshliligini oshishiga olib keladi. Natijada, bug‘doy o‘simligining o‘sishi va rivojlanishi tezlashadi, hosil to‘plashi uchun energiyasi kuchayadi. Suspenziya usulida bargi orqali oziqlantirish har 15-20 kunda mart oyida 1 marta, aprel oyida esa imkoni boricha 2 marta o‘tkazilsa, yuqori samarador-likka erishiladi. Bu esa, o‘z navbatida, g‘alla hosilini gektariga 2-3 sentnerga, don tarkibidagi oqsil miqdorini esa 1,5-2 foizgacha oshishini ta’minlaydi.
A.Qo‘chqorov,
Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti dotsenti v.b, biologiya fanlari nomzodi