Qahramon ayolning qaramog‘ida qadr topayotgan kelajak

Date:

Oilada ota or, ona nomus, opa-singillar sha’n, aka-ukalar esa g‘urur sanaladi. Qarindosh-urug‘lar kishiga tirgak va madadkordir. To‘la-to‘kis oilada voyaga yetayotgan farzandlar ana shunday hislarni qalbida tuyib, mehr quchog‘ida ulg‘ayadi.

Biroq ota diydoridan, ona mehridan, yaqinlar quchog‘idan olisda, ularning mehridan mosuvo yashayotgan go‘daklar uchun esa bundayin ulug‘ ne’matlarning qadri bo‘lakcha. Oramizda ota-onasidan ayrilgan kemtik ko‘ngillar ham o‘sib ulg‘aymoqda. Bu norasidalarning ham oila deb atalmish muqaddas qo‘rg‘onda tarbiya topib, ota-ona quchog‘ida ulg‘ayishga, ularning mehrini his qilib yashashga haqqi bor, aslida. 

10 nafar bolani o‘z qaramog‘iga olib, ularga oilasidan joy berib, qalb qo‘ri, butun mehrini baxshida etayotgan ayolni Yurtboshimiz: “qahramon ayol, jasorat timsoli”, deya ta’riflagani bejiz emas. Denovlik Ozoda Jo‘rayeva II guruh

nogironi. 3 nafar farzandi yoniga yana 10 nafar yetim qolgan bolani o‘z qaramog‘iga olgan qahramonimizning yurish imkoniyati cheklangandi. O‘n uch jonni oq yuvib, oq taradi, hech kimdan kam qilmaslik, ularning jon-jigardek bo‘lishi uchun  anchagina harakat qildi.

—  Va nihoyat, 2021-yil 31-avgust kuni Denov tumanidagi 1-oilaviy bolalar uyini ochdim, — deydi Ozoda Jo‘rayeva. — Birovning bolasiga onalik qilish, uning qalbidan joy olish oson emasligini bilardim, biroq bundan bir necha yil muqaddam oyog‘im lat yeb to‘shakka mixlanib qolganimda shunday narsalarni his qildimki, demak, inson boshi yostiqqa tekkanida ko‘ziga dunyo boshqacha ko‘rina boshlar ekan. Hayotning, odamlarning qadrini bilarkansan kishi. Men ana shu vaqtlari ko‘nglimga tukkandim. Yetim qolgan, mehrga muhtoj bolalarni o‘z qaramog‘imga olaman, ularning ham oila davrasida, yaqinlari bilan yashashga haqqi bor-ku! Kishiga hayot bir marta beriladi, berilgan umrni ezgu ishlarga, odamlarga yaxshilik qilishga baxshida qilish mumkin-ku, deya o‘zimga o‘zim qat’iy qaror qilgandim. Asta-sekin tuzala boshlagach, qo‘ltiqtayoqda bo‘lsa-da, “Mehribonlik uyi”ga bordim. 10 nafar bola asrab olmoqchiman desam, ular menga: “Opa, o‘zi uch nafar farzandingiz bor ekan, qolaversa, imkoniyatingiz cheklangan, qanday boqasiz, qanday tarbiyalaysiz. Ularni issiq joyidan qo‘zg‘amang, uch nafar bolani asrab olsangiz bo‘ladi”, deya ruxsat berishmadi. Biroq men fikrimdan qaytmadim. Ming shukrki, o‘n nafar bolajonni bag‘rimga oldim. Nafaqat bag‘rim, balki hovlim ham to‘ldi.

Ozoda opani “imkoniyating yetmaydi”, deya fikridan qaytarishga uringan kishilar ham bo‘ldi, biroq qahramonimiz: “Har bir bolaning o‘z rizqi, o‘z taqdiri bor. Agar ularni oilamga olsam, qiynalib qolmayman, chunki Prezidentimiz bor, qolaversa, siyosatimiz ham insonlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan”, dedi-yu hech ikkilanmadi.  Oilaviy bolalar uyining tashkil etilishi va bolalarning turli xildagi ijtimoiy xizmat va imtiyozlardan foydalanishida, ko‘mak ko‘rsatilishida Denov tumani “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi mas’ullari Ozoda opani qo‘llab-quvvatlashdi. Bolalarning o‘qib o‘rganishi, to‘garaklarda faol bo‘lishida ham ushbu markazning hissasi katta.

Ortda qolgan besh yil bolalar hayotida tamomila boshqa dunyoni ochib berdi. Bolajonlardan birining aytishicha: “Mehribonlik uyi”dagi tartib-qoidadan ko‘ra, oila bag‘rida emin-erkin ulg‘ayish, ota-ona, aka-ukalar bilan munosabatda bo‘lish qandayligini bilmasdik. Xola, amaki, tog‘alarning o‘rni, ahamiyati oilada alohida ekan. Bundayin gavjumlikda, qarindosh-urug‘lar davrasida ulg‘ayishning gashti bo‘lakcha, rosti”. 

Qisqa muddat ichida oiladagi uch nafar yosh imtihonlarni a’lo baholarga topshirib, talaba bo‘lishdi, Ikki nafari esa o‘qishga tayyorlanish bilan band. Bolalar bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida sport to‘garaklariga borishadi. Musobaqalarda faol ishtirok etib, onajoni berayotgan nasihat-u ishonchni oqlayotganidan xushnud.

Chunki Ozoda opa doimo bolalarga: “Ilm olishingiz kerak, o‘qib o‘rgansangiz, dunyo eshiklari, imkoniyatlari siz uchun ochiladi. Ilm olganning yuzi yorug‘, qo‘li uzun bo‘ladi”, deya o‘qishga, qolaversa, hunar o‘rganishga sharoit yaratib bergan. Mahalla ahlini o‘ylab, bolalarining mehnatga oshno bo‘lib ulg‘ayishini maqsad qilib, hududda bo‘sh yotgan eski maktabning tashlandiq binosini ijaraga olib, non sexi tashkil etishdi. Va bu yerda bolalarga bosh bo‘lib, Ozoda opaning o‘zi shirmoy nonlarni qiyomiga yetkazib pishiradi. Pishirgan nonlari mahalladan ortmaydi, bordi-yu ortib qolsa, tuman markazidagi bozorda tashkil etilgan yarmarkada sotib, daromad ko‘rishadi. Ha aytgancha, mehnati mahsulidan tuman ahli bahramand bo‘lishi uchun ushbu oilaga alohida joy berishgan.

Bir dasturxon atrofida jam bo‘lib, oilaviy gurunglar qilishadi. Xonadonda bolalarning dars tayyorlashi, dam olishi, maqsadlari yo‘lida o‘z ustida ishlashlari uchun barcha sharoit muhayyo. Oilada nimaiki masala bo‘lsa, birgalikda hal qilishadi. 

Aslida bularning bari arzimasdek tuyulishi mumkin. Ammo oilasi bo‘lishini yillar davomida orzu qilib, umri to‘rt devor orasida, dars-mashg‘ulotlar va rejimga asoslangan turmush tarzi bilan o‘tgan bolalar uchun bu chinakam baxt qo‘rg‘oni, haqiqiy oila demakdir. Qolaversa, ota-onaning mehr-muhabbati, oila davrasida olingan ta’lim-tarbiya va baxt, quvonchli onlar bolaning jamiyatdagi o‘rnini belgilashda muhim omil hisoblanadi. Shuningdek,  bolajonlar oila bag‘rida kamol topishi bilan bir qatorda, davlat tomonidan doimiy nazoratga olinganki, ularning oilaga moslashishi, jamiyatda o‘z o‘rnini topishi, ta’lim-tarbiyasi bilan mas’ul shaxslar muntazam shug‘ullanib, ular har tomonlama qo‘llab-quvvatlanib, munosib shart-sharoit yaratilib kelinmoqda.

Ozoda Jo‘rayevaning kamtarona mehnatlari, qilgan ezgu tashabbusi va bolajonlarga nisbatan ko‘rsatayotgan g‘amxo‘rligi alohida e’tirof etilib, Prezidentimiz tomonidan “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi. Bu ulkan e’tibor va e’tirofdan kuch olgan qahramonimiz tag‘in bir ezgu ishga qo‘l urmoqchi. Hududdagi keksa yoshli yoinki qarovchisi yo‘q, farzandlari xorijda ishlaydigan, uyida o‘tirib qolgan otaxon-u onaxonlar uchun markaz tashkil etib, ularni parvarishlash, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishni o‘z oldiga maqsad qilgani quvonarli.

Amalga oshirilayotgan bu kabi ezguliklari ortidan hech bir tama, moddiy daromadni ko‘zlamagan qahramonimizning sa’y-harakatlarini mas’ullar har qachon qo‘llab-quvvatlashga shay. Bu esa mehnati va tashabbusi bilan jamiyatga beminnat hissa qo‘shishga chog‘langan, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish yo‘lida, aholi bandligini ta’minlash borasidagi mehnat va mashaqqat hech qachon e’tiborsiz qolmasligidan dalolat.

Ishonamizki, ushbu oilada kamolga yetayotgan 13 nafar o‘g‘il-qiz hayotda o‘z o‘rnini topib, jamiyat, onalari uchun munosib inson bo‘lib voyaga yetishadi va albatta,

13 ta oila degan mustahkam qo‘rg‘onlarni qurishib, Ozoda opaning berayotgan tarbiyasi va ularga bildirayotgan ishonchini oqlab, el ichida yorug‘ yuz bilan yashashadi.

Adolat MO‘MINOVA

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Rahbarlar kitob ulashdi

“O'zbеkiston – kitobxonlar yurti” shiori ostidagi V Rеspublika...

“Chashma”dan birgalikda foydalanamiz

Oʻzbеkiston va Qirgʻiziston “Chashma” bulogʻidan birgalikda foydalanish boʻyicha kеlishuvga...

Milliy liboslar namoyish etildi

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Z.Mahkamova raisligida 2025-yil 19-mart...

Mehnati muvaffaqiyat keltirdi

“Yilning eng yaxshi tarbiyachisi - 2025” kasbiy ko‘rik-tanlovining respublika...
KunTun
KunTun