Prezident qarori bilan harbiy xizmatchilarni ijtimoiy himoya qilish kuchaytirilishi belgilandi. Jumladan, Prezidentning ayrim qarorlariga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalarga koʻra, 2025-yil 1-martdan harbiy xizmatchilarga turar joyni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun toʻlanadigan har oylik pul kompensatsiyasi miqdori 20 foizga oshiriladi.
1-iyundan esa qonunchilik hujjatlariga muvofiq tasdiqlanadigan ipoteka kreditlarini ajratish koʻrsatkichlari asosida uy-joy bilan taʼminlanadigan, kalendar hisobida 10 yildan ortiq harbiy xizmatni oʻtagan harbiy xizmatchilarga turarjoy sotib olish (qurish) uchun ipoteka krediti olinishida ajratiladigan dastlabki badal miqdori uy-joy hisoblangan qiymatining 35 foizi miqdorida belgilanadi.
Bundan tashqari, Prezidentining 2005-yil 30-iyundagi PQ–112-son qaroriga kiritilgan oʻzgartirishlarga binoan Qurolli Kuchlarning kontrakt boʻyicha xizmat qilayotgan, amaldagi sarf-xarajatlar doirasida turarjoy bilan taʼminlanmagan oddiy askar, serjant va ofitserlar tarkibidagi harbiy xizmatchilariga turarjoyni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun har oylik pul kompensatsiyasi toʻlovlari quyidagicha tartibda toʻlanadi:
Toshkent shahrida – BHMning 4,8 baravarigacha miqdorda;
Nukus shahri va viloyatlar markazlarida – BHMning 3,6 baravarigacha miqdorda;
boshqa shaharlar, tuman markazlari va aholi punktlarida – BHMning 2,4 baravarigacha miqdorda.
Mazkur tartib 2025-yil 1-martdan yil yakunigacha amal qiladi. Shuningdek, oila aʼzolari 3 kishi va undan ortiq boʻlgan taqdirda harbiy xizmatchilarning ushbu pul kompensatsiyasi miqdorlari 50 foizga oshiriladi.
Hujjatda keltirilishicha, 2026-yildan har yili har oylik pul kompensatsiyasi toʻlovlari miqdori hududlar kesimida turarjoy ijarasining bozor narxlaridan kelib chiqqan holda, Hukumat qarori bilan belgilab boriladi.
Ijtimoiy himoyasi kuchaytiriladi
Date: