Mehnat insonni ulug‘laydi, yuzini issiq qilib, qilgan amallarini esa yuzaga chiqaradi. Afgʻoniston fuqarolarini oʻqitish taʼlim markazi tikuvchilik va kashtachilik to‘garagi rahbari Osiyo Xonimqulovada ham xuddi shunday bo‘ldi. U bir necha yilki, markazda faoliyat yuritib, o‘quvchi-yoshlarga tikuvchilik va kashtachilik sirlarini o‘rgatib keladi.
To‘garakka kelgan yosh balki, birinchi bor qo‘llariga igna-ip olib, kashta solgandir. Ammo, qisqa vaqt ichida ayni ustozining undovi, mehribonlik bilan o‘rgatishlari sabab qo‘llari kelishib ketadi. Oppoq matoga kashta solinadi-da, ish tugallangach, ramkaga joylashtiriladi. Qarabsizki, san’at asari tayyor. Uni xonangizning devoriga ilib qo‘ysangiz, estetik zavq olasiz. Sotsangiz, daromad ko‘rasiz. Qiziqish ortidan o‘rgangan hunaringiz esa sizga ana shunday ikki tomonlama naf keltiradi. Ayniqsa, kashta solishni bilganingizdan keyin, har bir asaringiz uchun o‘z fantaziyalaringizni ishga solsangiz kifoya.
Buning barchasida esa to‘garak rahbari Osiyo Xonimqulovaning xizmati bor ekanini unutmaslik kerak. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov Surxondaryo viloyati hokimi oʻrinbosari Ilhom Saparov hamrohligida Afgʻoniston fuqarolarini oʻqitish taʼlim markazi faoliyati bilan tanishish uchun markazda bo‘lishdi. U yerda faoliyat olib borayotgan yoshlar bilan uchrashdi, ularning rejalari bilan o‘rtoqlashdi.
Tanishuv davomida esa vazir I.Abduraxmonov tikuvchilik va kashtachilik to‘garagida faoliyat olib borayotgan ustoz Osiyo Xonimqulovaning ijodiy ishlari e’tiborini tortdi va yosh ustozning faoliyatiga ijobiy baho berdi. Unga planshet sovg‘a qilishini ta’kidladi. Kuni kecha esa vazir sovgʻasi Osiyo Xonimqulovaga topshirildi.
Sohibjamol