Sangardak sharsharasi Sariosiyo tumani hududida, Denov shahridan 30 kilometr, Termiz shahridan esa 205 kilometr uzoqlikda joylashgan. Sharshar joylashgan hudud o‘zining ichki kontinental subtropik iqlimi bilan mashhur bo‘lib, ushbu iqlim, hududda o‘ziga xos betakror mikroiqlim yaratadi. Bu joylardagi adirlar va tepaliklar yam-yashil o‘simliklar bilan qoplangan. Tuman hududi bo‘ylab Hisor tog‘ tizmasi cho‘zilgan. Undan Surxondaryo, To‘palangdaryo, Obizarang va boshqa tog‘ daryolari oqib tushadi. Dam olish kuni munosabati bilan Jarqo‘rg‘on tumanida joylashgan harbiy qism harbiy xizmatchilarining oila a’zolari va farzandlari bilan birgalikda Sangardak sharsharasiga sayohat uyushtirildi. Ular tabiat manzaralaridan bahramand bo‘lib, bahri dili ochildi, mazmunli dam olishdi.
Sangardak darasidan kirib kelaverishda, sharsharaning tovushi ancha uzoqdan eshitila boshlaydi. Unga yetib borganingizdan so‘ng esa ushbu joylar tabiatining bor go‘zalligi va jozibasini his qilasiz. Ha, sharshara shunday g‘aroyib xususiyatga ega. Sharshara, tog‘ daryosidan hosil bo‘lmaydi, u g‘orlar, karst daryolaridan kelib chiqadi deb hisoblanadi. Pastga oqib tushayotgan suv, qoyalar va suv o‘simliklari orasidan 20 metrlik balandlikdan sharshara oqib tushadi.
Sharshara doim odamlarning diqqatini jalb qilib kelgan va tabiatning mo‘jizasi hisoblangan. Shuning uchun ham Sangardak yaqinida, o‘z afsonasiga ega bo‘lgan ziyoratgoh bor. Sariosiyoning Sangardak deb ataluvchi go‘zal va shiddatli, betakror oqimi, hozirgacha mamlakatimiz bo‘ylab minglab sayyohlarni o‘ziga jalb qilmoqda. Bu yerdagi eng manzarali joylarda turli xil o‘simlik va hayvonot dunyosi vakillarini uchratish mumkin. Tog‘ hududida jayron, bo‘ri, tulki, quyon, qor qoplonlari va hatto malla ayiq ham yashaydi. Hudud tabiatida archa, pista, bodom, yong‘oq, olma daraxti, zirk, na’matak va boshqa o‘simliklar keng tarqalgan.
JAVLONBEK MEYLOYEV,
harbiy xizmatchi