Ota-onaning mehr-muhabbati, oila davrasida olingan tarbiya va baxt, quvonchli onlar bolaning jamiyatdagi o‘rnini belgilashda muhim omil hisoblanadi. Ming afsuski, oramizda ota-onasidan ayrilgan, yetim go‘daklar ham o‘sib ulg‘aymoqda. Ana shunday norasidalar oila deb atalmish muqaddas qo‘rg‘onda tarbiya topib, ota-ona quchog‘ida ulg‘ayishga, ularning mehrini his qilib yashashga haqli, albatta.
2022-2030-yillar davomida Oʻzbekistonda ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni joylashtirish tizimini noinstitutsionallashtirish boʻyicha Milliy strategiya hamda uning ijrosini ta’minlash boʻyicha “Yoʻl xaritasi” loyihasi ishlab chiqilgan. Mazkur Milliy Strategiya va “Yoʻl xarita” loyihalari bugungi kunda tegishli vazirlik va idoralar hamda YUNISEF bolalar tashkiloti bilan hamkorlikda muhokamalardan oʻtkazilmoqda. Bugungi kunda mehribonlik uylarida tarbiya topayotgan bolajonlarni oilalar quchog‘iga, ota-ona qaramog‘iga berib, shu orqali ularda ham oilaga bo‘lgan mehr-muhabbat uyg‘otish, ko‘nglidagi kemtiklikni to‘ldirish, ota-ona bilan bir oila bo‘lib yashashi, to‘la-to‘kis oila quvonchini his qilishlari uchun ham oilaviy bolalar uylari tashkil etildi. Vohamizda ham mehribonlik uylarida tarbiya topayotgan bolalarni o‘z oilasiga qabul qilgan 6 ta oilaviy bolalar uylari mavjud bo‘lib, ushbu oilalar davrasida 38 nafar bola voyaga yetmoqda. Xususan, Termiz shahrida 3 ta, Denov, Termiz hamda Angor tumanlarida bittadan oilaviy bolalar uylari tashkil etilgan.
Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini oʻrganish, sohani yanada takomillashtirish yuzasidan tizimli ishlarni olib borish maqsadida tuzilgan senatorlar, tajribali psixologlar, ijtimoiy ish boʻyicha mutaxassislar, Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi, Milliy gvardiya, Ichki ishlar vazirligi vakillari hamda mahalliy Kengash deputatlaridan iborat Ishchi guruh oilaviy bolalar uylariga borib, bolajonlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishmoqda.
Fan, ta’lim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasi a’zosi, senator Baxtigul Boʻtayeva rahbarligidagi ishchi guruh “Yo‘l xaritasi”da belgilangan rejaga muvofiq, viloyatimizda mavjud oilaviy bolalar uylariga borib, bolajonlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishmoqda. Viloyatimizdagi mavjud oilaviy bolalar uylaridagi o‘rganish ishlari 15-18-may kunlari o‘tkazilishi belgilangan bo‘lib, yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini ishchi guruh bilan birgalikda borib, oilalarda tarbiya topayotgan bolalar bilan uchrashilib, suhbatlar o‘tkazilib, ularning holidan xabar olindi, yashash sharoiti o‘rganildi.
Ishchi guruh tashrif buyurgan dastlabki manzil Termiz shahri “Guliston” mahallasida istiqomat qilayotgan Muhabbat Xalikova oilaviy bolalar uyi bo‘ldi. Ushbu oilaviy bolalar uyida bolajonlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishilib, mutasaddilar o‘zlarining taklif va tavsiyalarini berishdi. Oilada mehribonlik uyidan asrab olingan 4 nafar bolajon tarbiya topmoqda. Shuningdek, bu bolajonlar oilalar bag‘rida kamol topishi bilan bir qatorda davlat tomonidan doimiy nazoratga olinganki, ularning oilaga moslashishi, jamiyatda o‘z o‘rnini topishi, ta’lim-tarbiyasi bilan mas’ul shaxslar muntazam shug‘ullanib, ularga munosib shart-sharoit yaratilib kelinmoqda.
Keying manzil Termiz tumanida tashkil etilgan oilaviy bolalar uyi bo‘ldi. Ishchi guruh ushbu xonadonda kamol topayotgan 6 nafar bolaning ta’lim-tarbiyasi, yashash sharoiti va ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish borasidagi ishlar bilan tanishdilar. Bolalar bilan dildan suhbat qurish maqsadida, ular tahsil olayotgan 17-umumta’lim maktabiga tashrif buyurdi.
Adolat MO‘MINOVA,
Naimullo MUHIBULLOYEV
(surat)