“Ham estetik, ham moliyaviy tomondan naf keltiradi…”

Date:

Xonadonidagi uzum voyishiga to‘rtovoqqa bandi qilingan bedananing ovoziga ixlosmandlar ko‘plab topiladi. Bu ovoz xordiqlarni chiqarib, ruhan dam olishga yordam beradi. Har qalay jonli ijroni eshitishga nima yetsin. Shuni ham aytish kerakki, bedana nafaqat ovozi bilan, balki boshqa jihatdan ham juda foydali. Bedananing ana shunday foydali jihatlarini Sho‘rchi tumanilik Gulshod Xasanova yaxshi biladi. Shuning uchun ham 27 million so‘mlik imtiyozli kredit oldi-da, “Quvonchbek-sayroqi-parranda” oilaviy korxonasi faoliyatini yo‘lga qo‘ydi. Avvaliga munosib joy hozirlab, so‘ng ming dona bedana parvarish qilishni boshladi.

Bitta bedananing ovoziga mahliyo bo‘lgandan ko‘ra ko‘prog‘ini parvarishlasangiz bormi, ham estetik, ham moliyaviy tomondan naf ko‘rasiz. Darrov “eplay olmasamchi, xarajatlarichi”, degan xadikka bormang. Bitta bedananing kunlik oziq miqdori 26 gramm omixta yemdan oshmasligini bilsangiz, vahimangiz ariydi va foyda haqida o‘ylay boshlaysiz. Gulshod opamiz ham buni bilgan holda bedana parvarishiga qo‘l urgan-da. Yetmaganiga har kuni beradigan tuxumi ham pul. Tuxumdan qolgan bedananing go‘shti ham daromadingizga o‘z ulushini qo‘shadi. Shu tariqa bedanachilikning hadisini olib, mitti sayroqilarni ko‘paytirishni boshlaysiz.
Gulshod Xasanova ham shunday qildi. Mablag‘ tikib, daromad olishga kelganda ko‘p kutmadi. Tezda foydaga kirdi.

– Dastavval hovlimizdagi bo‘sh turgan joyni parranda parvarish qilishga mo‘ljallab jihozladik, – deydi tadbirkor ayol. – Yangi qafaslar yasattirdik. Asosan bedana tuxumi va go‘shtini yetishtirish bo‘yicha ish olib boryapmiz. Bedanalarni jo‘jaligidan boqamiz. 40-45 kun deganda tuxumga kiradi.
Ayni paytda parvarishlanayotgan bedanalari 3 mingdan oshganidan quvongan opa bu ishga bor e’tibori va mehrini qaratgan. Ozuqasini vaqtida berib, qarovi yaxshi qilishga urinadi. Axir mahsuldorlik ham shunga mos bo‘ladi-da. Bir kunda 2 ming donadan ziyod tuxum olish imkoniga ega tadbirkor ayol kunlik tushumdan kerakli yemishlarni olib, qolganini foydaga ajratib qo‘yadi. Qarabsizki, kredit to‘lovlarida ham muammo yo‘q, bari o‘z vaqtida to‘lanib kelinmoqda.

O‘z ishini “yapon manjur” zotli ming dona bedanalarni parvarishlash va ularning go‘shti, tuxumini olish uchun parvarishlashni boshlagan tadbirkor ayol bedananing boshqa turdagilarini ham boqishni sinab ko‘rayotir. Natija esa yomon emas. Bedana go‘shti va tuxumi shifobaxshligini hisobga oladigan bo‘lsak, bu mahsulotlarning o‘z xaridorlari bor, bozorda talab ham yuqori.

Bugungi kunda har bir sohada ixtisoslashuv ketayotgan bir davrda Sho‘rchi tumanidagi “Navro‘z” mahallasi ham qisqa fursatlarda bedanachilikka ixtisoslashsa, ajab emas. Sababi Gulshod Xasanova kelgusida faoliyatini kengaytirib, mahalladoshlariga ham bedanachilikni yo‘lga qo‘yishda amaliy yordam berishni niyat qilgan. Bu reja amalga oshsa bormi, mahallada ishsizlik, bo‘sh vaqtning o‘zi bo‘lmaydi.
Qolaversa, haftalik ratsioningizga bedana go‘shti va tuxumini kiritishni unutmang. Bedana tuxumini doimiy iste’mol qilish insonning qon bosimini me’yoriga keltirib, immunitetni kuchaytirsa, yurak-qon tomir faoliyatini yaxshilashga, soch va tishlar to‘kilishining oldini olishga xizmat qiladi. Ming dardga davo bu mahsulotlar iste’molidan so‘ng taningizga biror dard yaqin yo‘lay olmaydi, dorixona-yu shifoxonalarga esa yo‘lingiz tushmaydi.

H.Baxtiyorova

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Topshiriqlar ijrosi o‘rganildi

Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov ijtimoiy sohada amalga oshirilayotgan...

Xitoyda qadimgi insonning yangi turi topildi

Inson evolyutsiyasi har doim qizg‘in bahslarga sabab bo‘lib kelgan....

Cho‘lponning yangi topilgan asari nashr etildi

Ma’rifatparvar bobolarimizning ijodiy merosi, ayniqsa, hali adabiy jamoatchilikka noma’lum...

Bayrog‘imiz jahon sahnasida

Chempionat va kurashlarda polvonlar yurtidan nomzodlar ishtirok etsa, sportchilarning...
KunTun
KunTun