Sud zali… jarayonda qachonlardir bir-birining ko‘zlariga boqib to‘ymayotgan nigohlarni endi ko‘rishga ko‘zi yo‘q. Bir-birlariga kurakka kelmaydigan so‘zlarni yog‘dirib, nafratlarini namoyish etishyapti. Bu ajrim talab qilib kelgan er va xotinning sudi. Zarar ko‘radiganlar ham o‘zlari va norasida farzandi aslida.
Murosa qilishlari uchun muddat ham tugagan, navbat farzandning otasi yo onasini tanlashiga qolgan. Ota-ona esa bola tanlaydigan variantga o‘rin qoldirishmadi…
Afsuski, jamiyat hayotida, sud zalida mana shunday voqealar tez-tez sodir bo‘lib turadi. Oilalarda o‘zaro munosabatlarni saqlash, tomonlar o‘z huquqlarini bilmasligi ularga jabr bo‘lishi bilan tugaydi. Ba’zan ajrim uchun sudga borishga hojat ham qolmaydi. Qonuniy nikohdan o‘tmagani ayolning huquqlarini poymol bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Qonuniy nikohdan o‘tish bilan birga tomonlar o‘zlarining mulk huquqlarini ham kafolatlagan bo‘ladi. Huquqlarning buzilishi mulk oldi-sotdisida ham va boshqa munosabatlarda ham kuzatilishi mumkin. Huquqiy demokratik davlatda har bir fuqaro o‘z huquqlarini bilishi va huquqiy madaniyatini shakllantirib borishi shart. Ayni shu maqsadda “Yuksalish” umummilliy harakati hamda O‘zbekiston Notarial palatasi o‘rtasida tuzilgan hamkorlik memorondumi doirasida milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi hamda O‘zbekiston yoshlar ishlari agentligi ishtirokida “Nikoh shartnomasi – mulk huquqi kafolati” shiori ostida ijtimoiy aksiya tashkil etildi.
Mavzuga oid videorolik namoyishi o‘rtaga tashlangan muammoning nechog‘lik dolzarbligini tomoshabinlarga anglatib qo‘ydi. Shundan so‘ng, viloyatda xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi 4 nafar notarius Termiz shahri va tumanlardan kelgan 150 ga yaqin fuqaroga bepul huquqiy maslahatlar berishdi.
Aksiya doirasida mutaxassislar tomonidan fuqarolarga turli huquqiy muammoli masalalarda, nikoh, ko‘chmas mulklarni boshqa shaxsga o‘tkazish bilan bog‘liq (hadya, oldi – sotdi shartnomalari, ayriboshlash shartnomalari), hujjatlar tarjimasini bir tildan boshqa tilga o‘girish, yaqin qarindoshlar o‘rtasida avtomototransport vositalarini rasmiylashtrish, uy-joy bo‘yicha ishonchnoma maslahati, sudga ishonchnoma berish, garov shartnomasini rasmiylashtirish, kafillik xati berish va meros masalalari yuzasidan yuridik yordam ko‘rsatildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 9-yanvardagi “Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosini ta’minlash, shuningdek fuqarolarning huquqiy ongi va madaniyatini oshirish, xalq bilan o‘zaro aloqalar mexanizmini yaratish, huquqni qo‘llash sohasida mavjud muammo va kamchiliklarni aniqlash hamda ularni bartaraf etishga qaratilgan taklif hamda tavsiyalar ishlab chiqish maqsadida tashkil etilgan aksiyada fuqarolarni qiynayotgan muammolarga oydinlik kiritildi. Kerakli yo‘l-yo‘riqni qo‘llash bo‘yicha munosib yechimni topa olishadi.
Aksiyada ishtirok eta olmagan fuqarolarga-da huquqiy yordam berishni maqsad qilgan tashkilotchilar aksiyani davom ettirishga kelishib olishdi.
S.Normurodova