Mustaqillik – xalqning ozodligi, hurligini qaytarga qudrat. Bu kun har bir davlatning tarix zarvaraqlariga oltin harflar bilan bitiladigan muhim sana va muhim qarordir. Aynan milliy mustaqillik el-yurt uchun jahon hamjamiyatidan munosib o‘rin egallab, huquqiy demokratik davlat va erkin fuqarolik jamiyatini qurish, shu jumladan, hayotning turli soha va tarmoqlarida keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirish uchun mustahkam zamin yaratib, erishayotgan barcha yutuq va marralarimizning asosiy manbai bo‘lib kelmoqda.
Buyuk istiqlolimizning xalqimiz, ayniqsa, yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘ularini kamol toptirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Davlat Mustaqilligining o‘ttiz bir yilligini munosib kutib olish va yuksak darajada nishonlash har birimizning burchimizdir. Ayni kunlarda respublikamizning barcha hududlarida aholining keng qatlamlari o‘rtasida Mustaqillik bayramiga bag‘ishlab, taniqli ilm-fan namoyandalari, ijodkor-ziyolilar, madaniyat va san’at arboblari ishtirokida “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgan ma’rifiy uchrashuvlar, ochiq muloqot va suhbatlar, adabiy-badiiy kechalar, madaniy-sport tadbirlari tashkil etilib kelinmoqda.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Surxondaryo viloyati tashabbusi bilan “Amudaryo” bolalarni sog‘lomlashtirish oromgohida tashkil etilgan sportning stritbol, valeybol, banminton va stol tennisi turlari bo‘yicha tashkil etilgan “Salomatlik spartakiadasi” ham shular jumlasidandir. Musobaqa mehnat jamoalari o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilib, jismoniy tarbiya va sportning inson va oila hayotidagi, shaxsning jismoniy va ma’naviy sog‘lom bo‘lishidagi hamda yoshlarni turli zararli odatlardan asrash yo‘lida munosib targ‘ibot deyish mumkin. Zero sport tinchlik, do‘stlik elchisidir.
Musobaqa 3 bosqichda tashkil etilib, birinchi – tuman bosqichida hududlardagi korxona tashkilot va muassasalarda mehnat qilib kelayotgan bir yarim mingga yaqin xodim ishtirok etgan bo‘lsa, musobaqaning viloyat bosqichida hududlardan saralanib kelgan 70 dan ortiq sportchi sportning yuqoridagi 4 turi bo‘yicha bellashdilar.
Qizg‘in kurashlarga boy o‘tgan sport musobaqalarida sportning stretbol turi bo‘yicha 1-o‘rin Qumqo‘rg‘on tuman jamoasiga nasib etgan bo‘lsa, ayollar o‘rtasida o‘tkazilgan valeybol musobaqasida 1-o‘rinni Muzrabot tuman jamoasi qo‘lga kiritdi.
Stol tennisi bo‘yicha bo‘yicha esa ayollar o‘rtasida Termiz shahri 1-o‘rinni egalladi. Banmintonda musobaqalari ham ayollar va erkaklar o‘rtasida tashkil etilib, musobaqa yakunlariga ko‘ra erkaklar o‘rtasida 1-o‘rin Uzun tumani, ayollar o‘rtasida esa qumqo‘rg‘onlik ilg‘orlik qilishdi.
Qizg‘in va murosasiz kurashlarga boy tarzda o‘tgan musobaqalar yakunida g‘olib va sovrindorlarga O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasining Surxondaryo viloyat Kengashining I, II, III darajali diplomlari, medallar hamda kuboklar topshirildi.
Sharofiddin TURDIYEV,
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasichning
Surxondaryo viloyati Kengash raisining Yoshlar masalalari
bo‘yicha maslahatchisi