O‘qituvchi va tadbirkor xususiy kollej qurmoqchi…

Date:

Termiz shahridagi Imom Termiziy nomidagi ilmiy-tadqiqot markazi majlislar zalida viloyat hokimi T.Bobolov tadbirkorlar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Savol-javob tarzida kechgan muloqotlar jarayonida viloyatning barcha tumanlarida tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotganlar mahsulot ishlab chiqarishda to‘siq bo‘layotgan kamchiliklarni viloyat rahbariga ochiq-oshkor aytib, tegishli tashkilotlar mutaxassislari ko‘magida muammoni hal etish bo‘yicha o‘z taklif-mulohazalarini bildirdilar.

Termiz shahrida yashovchi ishbilarmon ayol, asli kasbi pedagog Muhayyo Temirovaning so‘zlaridan ma’lum bo‘lishicha, u o‘z sarmoyasini juda ulug‘ ish — yosh avlod ta’lim-tarbiyasiga sarflamoqda. O‘qituvchi va tadbirkorning shahar hududida 3 ta xususiy maktabgacha ta’lim muassasi bo‘lib, sharoitlari zamon talablariga mosligi va ushbu boshlang‘ich ta’lim dargohlarida eng mohir pedagoglar hamda tarbiyachilar mehnat qilayotgani tufayli bog‘chalarda mehnatkashlarning 360 nafar jajji o‘g‘il-qizi tarbiyalanmoqda.

— Aslida yosh bolani tarbiyalash, ularning xat-savodini chiqarishdan mushkul ish yo‘q, — deydi Muhayyo viloyat hokimi bilan yuzma-yuz muloqotda. — Bog‘chamizda tarbiyalangan bolalar o‘zimizda ta’lim olishni davom ettirish imkoniyati yo‘qligi uchun maktablarga borib o‘qishni davom ettiradi. Mening niyatim xususiy zamonaviy kasb-hunar kolleji qurib, bog‘chalarimizda tarbiyalanayotgan o‘g‘il-qizlarning eng iqtidorlilarini saralab olib, ta’lim-tarbiya berib, mustaqil vatanimiz taraqqiyotiga xizmat qiladigan barkamol avlodni voyaga yetkazish. Zamonaviy kollej qurish uchun mablag‘imiz yetarli, faqat bizga bino qurish uchun yer ajratilsa. O‘zimizning 4 xonadan iborat binomiz bor, lekin bu kamlik qiladi. Yer ajratish imkoni bo‘lmasa, shaharda bo‘sh turgan binolardan birini nol qiymatda berishsa ham o‘zimiz kapital ta’mirlab, o‘quv binolariga moslashtiramiz.
Tadbirkor va pedagogning mulohazalarini obdon tinglagan viloyat hokimi bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlashini bildirib, muammoni ijobiy hal etishini bildirdi.

— Vodiy tomonlarga yo‘lingiz tushsa, har bir xonadonda hunarmandlar mahsido‘zlik, do‘ppido‘zlik, oyoq kiyimlar ishlab chiqarish bilan band. Shuning uchun Andijon, Farg‘ona, Namangan viloyatlari bozorlarida bunday mahsulot xilma-xil va juda ko‘p, narxi esa arzon, — deydi uchrashuvda o‘zini qiynayotgan muammoga yechim topish uchun viloyat hokimi bilan uchrashuvga kelgan boysunlik tadbirkor. — Boysun tumanidagi “Ariq usti” mahallasi hududida “Barodaron” MCHJ tashkil qilgan to‘rt aka-uka ishbilarmonlarning sardori Bobur Azizov. – Bu korxonani ukalarim – Jasur, Komil va akam Baxtiyor bilan o‘zaro maslahatlashib, shaxsiy jamg‘armamiz hisobiga tashkil etgandik. Bugungi kunda korxonamizda uch nafar erkak va to‘qqiz nafar ayol hunarmand mehnati evaziga kuniga 25 juft erkaklar va bolalar poyafzali tayyorlab, sotuvga chiqarayapmiz.

Tadbirkorning ta’kidlashicha, investitsiya dasturiga asosan korxonada ishlab chiqarish faoliyatini yurgizish uchun biznes-rejaga asosan 1 milliard so‘m kredit ajratilishi belgilangan. 700 million so‘m kredit berilgan va bu sarmoyani aka-uka tadbirkorlar Xitoy va Rossiya davlatlaridan texnologiya keltirish va xomashyo sotib olishga sarflashgan. Tadbirkorlar ishlab topilgan daromaddan 120 million so‘mni kredit foizi sifatida bankka qaytarishgan. Ayni paytda korxona sexlarida takror ishlab chiqarishini yo‘lga qo‘yish va ish o‘rinlarini ko‘paytirish uchun bankdan ajratilmay qolgan 300 million so‘m kredit berilsa, xususiy korxonada poyafzal ishlab chiqarish davom etadi, aksincha bo‘lsa, korxonada ish to‘xtab qoladi.
Aka-uka hunarmandlar muammosini yechish masalasi “Agro bank” viloyat filiali mutasaddilari zimmasiga yuklatildi.

Hokim bilan tadbirkorlar uchrashuvida 100 nafardan ziyod ishbilarmon korxonalarida ishlab chiqarishni tashkil etishda to‘siq bo‘layotgan muammolarga yechim topish yuzasidan o‘z mulohazalarini bildirdi. Yer ajratish bo‘yicha murojaat qilganlarga zamin auksion savdosi orqali hal qilinishi tushuntirildi, kredit ajratish masalasida banklarning mutasaddilariga topshiriqlar berildi. Yechimi vaqt talab qiladigan muammolarni keyinroq ijobiy hal qilishga kelishildi.

Dinara Qo‘zimurodova

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

“Tadbirkor qizlar” biznes marafoni start oldi

Xotin-qizlarni biznesga qiziqtirish, jamiyatda o‘z o‘rnini topishlari uchun yetarlicha...

Yangi imkoniyatlar…

Surxondaryo viloyatida nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyati jamiyat hayotining deyarli...

Surxondaryo delegatsiyasi Tojikistonda

Yurtimiz Mustaqilligining 33 yillik shodiyonalari hali tugagagni yo‘q. xalqimiz...

«Qo‘mondonlik kubogi» musobaqasida

Sport birdamlikka, sport jismoniy chiniqish-u muvaffaqiyatga boshlaydi. Yoshlarimizni sportga...
KunTun
KunTun