Ko‘cha bedarvoza emas. Qonunni xatlab o‘tmoqchi bo‘lganlarga huquq va majburiyatlarini tushuntirib qo‘yish tegishli organ tashkilotlarining zimmasida. Ammo, shunga qaramay oson yo‘l bilan boyishni kasb qilganlar har qadamda va har sohada uchrashi achinarli. Raqamlarga e’tibor beradigan bo‘lsak, byudjet mablag‘larini talon-taroj qilish va ulardan maqsadsiz foydalanish bilan bog‘liq 42 ta jinoyat va 36 ta ma’muriy ishlarning qo‘zg‘atilgani, aniqlangan qonunbuzarliklar bo‘yicha davlat va jamiyat manfaatlariga yetkazilgan 7,1 milliard so‘m miqdoridagi moddiy zararning 4,5 milliard so‘mi javobgar shaxslardan undirilishiga erishilgani bu yo‘ldagi harakatlarning amaldagi ifodasi deyish mumkin. Amalga oshirilgan islohotlar ba’zi kimsalarga saboq bo‘lishi, bildirilgan ishonch va huquqlarni poymol etmaslikka qaratilgan. Termiz shahridagi Matbuot uyida Surxondaryo viloyati axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi, viloyat prokuraturasi hamda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining viloyat boshqarmasi hamkorligida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ayni shu borada so‘z bordi. Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti viloyat boshqarmasi tomonidan joriy yil 4 oyida amalga oshirilgan ishlari haqidagi axborot tinglandi. O‘tgan muddat ichida asosiy e’tibor islohotlar sharoitida profilaktika, qonunchilik targ‘iboti ishlarini kuchaytirish, tadbirkorlarning faoliyatiga noqonuniy aralashuvlarning oldini olish, turli to‘siq va suiiste’molchiliklar, korrupsiya holatlariga barham berishga qaratilgan.

Shuningdek, Tadbirda viloyat prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i Abbos Roziqov sudlarda iqtisodiy, ma’muriy va jinoiy ishlari ko‘rilishida prokuror ishtiroki to‘g‘risida ma’lumot berdi. Korrupsiyaga qarshi kurashish va xizmat vakolatini suiiste’mol qilish bilan bog‘liq 115 ta, shundan korrupsiyaning eng ijtimoiy xavfli ko‘rinishi – poraxo‘rlikka qarshi kurashish bo‘yicha 50 ta holatda mansabdor shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Bank-kredit, xorijiy valyuta mablag‘larini noqonuniy muomalaga kiritish, dori va tibbiyot buyumlarining noqonuniy savdosini fosh etish yuzasidan aniqlangan qonun buzilish holatlari haqida ham atroflicha ma’lumot berildi.
Matbuot anjumanida ommaviy axborot vositalari xodimlari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.
S.Normurodova