Tadbirkor o‘z ishini boshlashi uchun eng avvalo kapital, yer va bo‘sh bino-inshoot kerak. Shundan so‘ng, istiqbolli rejalar amalga oshirilib, ishlar gullab-yashnaydi deyavering. Tan olish kerakki, shu vaqtgacha ayni shu yer, bino-inshoot masalasi muammo bo‘lib kelgani rost. Qulay joyda joylashgan yer maydonini tanlash uchun xarita ham, imkoniyat ham yo‘qligi tadbirkorni ovvorai sarson qilar, tegishli idora va tashkilotlarning eshigini poylash, qabullarda yer masalasi bilan qilingan murojaatlarning ijrosini kutish vaqtni behuda sarflashdan boshqa narsa emas edi. Prezidentimiz tomonidan 2019-yil 19-avgustda qabul qilingan “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan bo‘sh turgan yer uchastkalarini berish hamda arxitektura-qurilish ishlarini amalga oshirish tartiblarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi jarayonlarda yangi davrni boshlab berdi. Mazkur hujjatga ko‘ra respublikamizning barcha viloyatlarida bo‘sh turgan yer maydonlari tadbirkorlik va shaharsozlik amaliyotini amalga oshirish uchun faqat “E-auksion” savdo platformasida elektron auksion orqali beriladigan bo‘ldi.
Aytish kerakki, ushbu savdo platformasi orqali davlat aktivlarini sotish, ijraga berish, tadbirkorlik ishi, uy-joy qurish uchun yer uchastkalarini ajratish hamda ijro hujjatlarini amalga oshirishda mol-mulkni realizatsiya qilish kabi 12 yo‘nalish bo‘yicha savdolar amalga oshirilayotir. Birgina O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Surxondaryo viloyat hududiy boshqarmasi tomonidan 2022-yilda “E-auksion” savdo platformasi orqali 44 ta davlat aktivlari 163,5 milliard so‘mga savdoga chiqarilgan bo‘lib, shundan 11 tasi 531,5 milliard so‘mga sotilgan. Platformada viloyatdagi barcha yer uchatkalarining ro‘yxati shakllantirilgan bo‘lib, tadbirkor elektron saytga kirib, o‘zi istagan yer uchastkasini tanlab, auksionda ishtirok eta oladi. Tanlov g‘oliblari esa o‘z navbatida savdoga chiqarilgan yer uchastkalari uchun investitsiya kiritish va yangi ish o‘rinlari yaratish kabi ijtimoiy majburiyatlarni oladi.
Aytaylik, “E-auksion.uz” elektron savdo maydonchasida chiqarilgan bino yoki yer maydonlari auksionga chiqarilgach, narh keskin ko‘tarilib ketdi. Tadbirkorning imkoniyat darajasidan ortib ketsa-da, shu yer yoki bino kerak, tizimda shunday qulaylik yaratildiki, auksion g‘olibi 5 ish kunida emas, to‘lanishiga kerak bo‘lgan mablag‘ni 30 kun mobaynida 2 ga bo‘lib to‘lash imkoniyati yaratildi. Bunday imkoniyatlarning yaratilgani respublikamizda xorijiy investorlarni jalb etish, sarmoya kiritilishi uchun ham ajoyib imkoniyat. Bu borada shaffoflikni ta’minlash, inson ishtirokini kamaytirish va korrupsiya kabi illatlarning oldini olish tizimdagi asosiy vazifa sanaladi. Natijada tadbirkor va fuqarolar o‘zlari istagan yer maydoniga yanada tez va ortiqcha xatti-harakatlarsiz ega bo‘ladilar. Bu boradagi ishlar Surxondaryo viloyatida ham risoladagidek tashkil etilgan. Ayni jarayon qanday tashil etilgani bilan tanishtirish maqsadida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi viloyat hududiy boshqarmasi tomonidan press-tur tashkil etildi. Ommaviy axborot vositalari xodimlari, bloger hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etgan press-turda ishtirokchilar savdo platformasining ishlash jarayoni bilan tanishish bilan bir qatorda Termiz shahridagi omborxona bino-inshootlari, Termiz tumanidagi 100 o‘rinli tugallanmagan bog‘cha binosi hamda Angor tumanidagi avtomobillarga siqilgan gaz bilan to‘ldirish kompressor stansiyalariga tashrif buyurdilar.
Shaffof va oshkoralik tamoyillari asosida ishlayotgan onlayn savdo platformasi turli korrupsion holatlarning oldini olish bilan birga raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishda ham muhim ahamiyat kasb etayotir.
N.Muhibulloyev