Erta tongdan davlat xizmatlari markazi eshigi yonida fuqarolar to‘planib olishgan. Tasavvur qilganingizdek, haydovchilik guvohnomalarini yangisiga almashtirish muddati tugab bormoqda. Soat 9 dan oshganiga qaramay, fuqarolar kiritilmayapti. ularning e’tirozlarini eshitishni istamagan mutaxassis navbati yozilgan cheklarni olomon ustiga sochib yubordi. Bir tasavvur qiling-a, qanday holat yuzaga kelishini. Inson qadri ulug‘lanayotgan bir paytda yetmaganida davlat xizmatlarini ko‘rsatadigan mutaxassis shunday yo‘l tutsa… Muammo kattalashishidan hayiqishdi shekilli, eshiklar ochildi. Xizmat ko‘rsatish boshlandi. Haydovchilik guvohnomalari uchun xizmat ko‘rsatadigan operator bitta. Fuqarolar navbatida yozilganlar soni esa 300 dan oshiq. Ular to‘lovni amalga oshirgach, keyingi bosqichga, haydovchilik guvohnomalarini olish uchun navbat kutishga o‘tishadi. Ulardan biri:
— Navbat olish uchun kechasi 2 dan beri shu yerdaman. Ro‘yxatga o‘zimni kirgizib, ishimni ertaroq tugatay degandim. Ammo, hozir soat 16 dan oshyaptiki, hali navbatim kelgani yo‘q, markaz boshlig‘iga operatorlar sonini oshirishni so‘radik, foydasi bo‘lmadi, desa,
— Uch kundan beri kunni kech qilaman, ish vaqti tugab qolib, haydovchilik guvohnomasiga yeta olmay qaytib ketayotgandim. Oxiri kechasi moshinamda shu yerda tunab qoldim. Navbatga yozilib, kutib o‘tiripman, deydi.
2010-yilgacha bo‘lgan davrda berilgan haydovchilik guvohnomalari va avtotransport vositasini ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomalar joriy yilning 31-martiga qadar yangisiga almashtirilishi lozim. Ammo, 2010-, 2012-yillarda olganlar ham bor. Navbatga yopirilib turganlarning barini o‘z sabablari bor. E’tiborlisi, kun bo‘yi tik oyoqda navbat kutayotganlar ayollar, imkoniyati cheklangan fuqarolarni navbatsiz o‘tkazyapti. Odamiylikni, ezgu fazilatlarni unutmaganidan xursand bo‘lasan kishi.
Aslida davlat xizmatlari markazi tez va sifatli xizmat ko‘rsatishi bilan aholiga yengillik yaratishi, ularning vaqtini tejab, navbat kutib qolish holatlarini kamaytirishi kerak emasmi? Holat bo‘yicha davlat xizmatlari markazi rahbari Nuriddin Ashurovdan tushuntirish so‘raganimizda, “viloyatning barcha tumanlaridan fuqarolar ayni haydovchilik guvohnomasini yangisiga almashtirish uchun kelayotganini, davlat xizmatlari agentligi tomonidan respublikadan bitta operator ajratilganini, tuman bo‘limlarini esa viloyat ichki ishlar boshqarmasi apparat bilan ta’minlab bersa, ishlar yo‘lga qo‘yilishini, bir kunda 150-200 tagacha haydovchilik guvohnomalarini almashtirib berish imkoniyati borligini” aytdi. Aks holda bunday navbat kutishlar yil davomida bo‘laverishini qo‘shimcha qildi.
Shundan so‘ng, davlat xizmatlari agentligiga sim qoqib, holat haqida ma’lumot berib, yechim izladik. Operator esa haydovchilik guvohnomalari va avtotransport vositasini ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomalarni yangisiga almashtirish ishlarini ichki ishlar boshqarmalari tashkil etadi. Ular tomonidan berilgan haydovchilik guvohnomalari tayyorlab chiqarib beradigan apparatga qarab xizmat ko‘rsatish tashkil etiladi”, qabilidagi javobni oldik.
Viloyat IIB JXX YHXB Axborot xizmati boshlig‘i, leytenant Elnur Abrayev esa shunday dedi:
— Haydovchilik guvohnomalarini yangisiga almashtirish masalasi, navbat kutish holatlari yil davomida kuzatiladigan holat deyish mumkin. Sababi fuqarolar haydovchilik guvohnomalari va avtotransport vositasini ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomalarni yangisiga almashtirishni berilgan davriga qarab, joriy yilning 31-martiga, 30-iyun, 30-sentyabr va 31-dekabrga qadar almashtirib olishlari kerak. Almashtirish ishlari Surxondaryo viloyat IIB YHXB tumanlararo ro‘yhatdan o‘tkazish va imtihon olish bo‘linmalarida, ya’ni Denov, Sherobod, Sho‘rchi hamda Termiz shahridagi viloyat bo‘limida tashkil etilgan. Hamda viloyat davlat xizmatlari agentligida ham filialimiz xizmat ko‘rsatib kelyapti. Surxondaryo viloyatiga Ichki ishlar vazirligidan haydovchilik guvohnomasi tayyorlab beradigan 5 dona apparat berilgan. Kerakli shart-sharoitlarni yaratib, fuqarolarga yengillik yaratish maqsadida ana shu apparatlardan o‘rinli foydalanish uchun bo‘limlarimizda xizmat ko‘rsatilayotir. Tan olish kerak fuqarolar navbat kutib qolyapti. Muddat oxiriga yetganda emas, oldinroq harakat boshlanganida bunday holatlar kuzatilmasdi.
Shu o‘rinda xizmat ko‘rsatilishidan nolishimiz turgan gap. Ammo, tan olish kerakki, fuqarolarga haydovchilik guvohnomalarini yangisiga almashtirishlari lozimligi o‘tgan yildan beri bot-bot takrorlanib kelyapti. Shunga qaramay, o‘tgan yillar davomida birorta ham haydovchilik guvohnomalarini almashtirishni so‘rab murojaat qilinmagan kunlar, hatto oylar ham bo‘lgan. Shunchaki, so‘nggi muddat tugayotganidan keyingina ichimizga qurt tushgandek g‘imirlab qolganimiz esa bor gap.
Muammo yechim topishi uchun muddatni uzaytirish kerakdir yoki mutaxassislarni zarur apparatlar bilan ta’minlashning chorasi ko‘rilar… nima bo‘lganda ham umid qilamizki, berilgan muddatlarda barcha guvohnomalar almashtirib olinadi. Aks holda ko‘rsatilgan muddatlarda almashtirilmagan guvohnomalar haqiqiy emas deb hisoblanadi va fuqaro avtomaktablarda malakasini oshirib, qaytadan imtihon topshirishiga to‘g‘ri keladi.
Sayyora ALLAYEVA