Termiz shahrining qoq markazida joylashgan Prezident maktabidamiz. Ta’limdan najot istab, Yangi O‘zbekistonni yangi bir bosqichga olib chiqishni o‘z oldiga maqsad qilib tahsil olayotgan 144 nafar o‘quvchiga qanday ta’lim-tarbiya berilib, o‘quv jarayonlari qanday tashkil etilganiga qiziqdik.
Prezident maktabiga kirishingiz bilan shahar ichida mo‘jazgina bir olamga tushib qolgandek bo‘lasiz. Maktabning o‘ziga xos jihati – o‘z konstitutsiyasiga ega ekanida. Maktab faoliyati, dars jarayonlari, to‘garak mashg‘ulotlaridan tortib, o‘qituvchilarning pedagogik faoliyati ayni shu konstitutsiyaga muvofiq olib boriladi.
Ta’lim jarayonida boshqa maktablardan farqli ravishda Steam texnologiyasidan keng foydalanishida ekan. Maqsad esa har bir yigit-qizning darsda olgan bilimlarini amaliyotda qo‘llash va hayotga tadbiq etishda imkoniyat yaratish. Steam – nafaqat o‘qitish usuli, balki fikrlash tarzi hamdir.
-Steam ta’lim muhitida bolalar bilimga ega bo‘ladilar va darhol undan foydalanishni o‘rganadilar, – deydi Prezident maktabi ijrochi direktori G‘.Tog‘ayev. – Maktabimiz yoshlari mustaqil hayotga qadam qo‘yganida qandaydir muammoga duch kelganida, bu muammo atrof-muhitning ifloslanishi yoki global iqlim o‘zgarishi bo‘ladimi, har qanday murakkab masalalarni o‘z bilimlariga tayanib, hal etish mumkinligini tushunadilar. Biz ana shunday har tomonlama yetuk yoshlarni tayyorlashni maqsad qilganmiz.
Bugun ingliz tili tillar sinfida yetakchi. Ilm-fan yo‘lini tutib, olimlikka davogar bo‘ladigan bormi, albatta, bu tilni mukammal darajada o‘zlashtirishi shart. Prezident maktabida ham fan tili – ingliz tilidir. Shu maqsadda mahalliy o‘qituvchilar bilan bir qatorda 6 nafar xorijlik malakali xorijlik malakali mutaxassislar ingliz tili, fizika, matematika, global perspective fanlaridan zamonaviy standartlarga ega haytek texnologiyalaridan foydalangan holda nazariy hamda amaliy bilimlar berib kelishayotir.
Darslar soat 8:30 dan 15:30 ga qadar davom etadi. Har bir sinfga kiraverishda esa timetable – electron monitorda dars jadvali mavjud. Zamonaviy jihozlangan 3 ta laboratoriya, 2 ta kompyuter xonasi, 17 ta “smart board” bilan ta’minlangan o‘quv xonalari eng ilg‘or va zamonaviy ta’lim olishda o‘ziga xos ilm va ma’rifat o‘chog‘i bo‘lib xizmat qilayotir.
Darsdan so‘ng o‘quvchilar soat 18:05 gacha 28 ta fan va madaniy, jismoniy to‘garaklar ichidan o‘zlari istagan va qiziqishi baland bo‘lganlarini tanlab, mashg‘ul bo‘ladilar. Ayniqsa, e’tiborimizni tortgani robototexnika xonasi va undagi mikrorobotlar bo‘ldi. Bu xona va mashg‘ulotlarga biz kabi o‘quvchilar ham eng qiziqish bildirishgan ekan. Nega deysizmi, axir o‘zi yuradigan, ranglardan, buyruqlardan turli amallarni bajaradigan kichik robotlar kimni ham qiziqtirmaydi deysiz?
-Ilk mashg‘ulotlar kuni o‘quvchilar kelishi bilan jihozlarga, robot modellariga qiziqib qolishdi, – deydi muhandis dasturchi V.Bulanov. – Ularni ushlab, foydalanib ko‘rishlariga ruhsat berdim. Bizda Lego education, keysstudio, makeblack firmalarining modellari mavjud bo‘lib, o‘quvchilar ularni mustaqil ravishda terib, dastur va sxemalarini o‘rganishyapti.
Bugun tadbirkorlikka e’tibor katta. Issiqxona biznesi yaxshigina ommalashib, daromad manbai bo‘lib xizmat qilyapti. Issiqxonada issiqlikni bir me’yorda tutish, belgilangan vaqtda suv berib, namlikni ushlab turish hosildorlikni oshiradi. Kichik sensorli qurilmalar yordamida barini amalga oshirish mumkin. Bunda aqlli mexanizmlar o‘z funksiyasini bajarib, ortiqcha vaqt sarflashning oldini oladi. Inkubatorlarda esa asosan qo‘l mehnati, doimiy nazoratimiz darkor. Shunday sxema mexanizmlar borki, bu ishimizni yengillashtiradi. Kim ham o‘z uyining eshigini ochib, kirishi bilan chiroqlar yoqilib, isitish yoki sovutish qurilmalari ishga tushib ketishini istamaydi. Ayni zamonda esa aqlli qurilmalar yordamida mana shunday aqlli uylarda yashash imkoniyati bor. Prezident maktabining yosh izlanuvchilari ayni paytda ana shunday qurilmalar ustida bosh qotirishmoqda.
O‘zgacha dizaynda qad rostlagan bino, shart-sharoitlar har kimni ham mahliyo etishi aniq. Yo‘lingiz kutubxonaga tushsa, Steam fanlarni o‘qitishda 1600 dan ortiq xorijdan keltirilgan o‘quv darsliklari, 1850 dan ortiq mahalliy o‘quv darsliklari va 3000 ga yaqin badiiy adabiyotlar o‘ziga ohanrabodek tortadi. Eng muhimi kutubxonada o‘z uyingizdagidek erkin va hotirjam mutolaa bilan mashg‘ul bo‘lish mumkin. Xuddi shunday o‘quvchilarni mutolaa ustida uchratdik, zal bo‘ylab yurganda ham barcha nimadir bilan band. Kimdir noutbukda ishlayotgan, sport, san’at ishtiyoqmandlari ham o‘z mashg‘ulotlari bilan band. Horijlik o‘qituvchi janob … bilan o‘quvchi qizlar mavzu yuzasidan bahslashyapti.
O‘quv bo‘limlaridan yo‘lingiz yotoqxonaga ulanadi. Hech bir 5 yulduzli mehmonxonadan qolishmaydigan sharoitlar yaratilgan yotoqxonada pedagog hamda navbatchi tarbiyachilar nazorati yo‘lga qo‘yilgan. Ular o‘quvchilarni darslarga qatnashuviga, to‘garaklarga yo‘naltirishga mas’ul. Qolaversa, tungi 22:00 ga qadar uyga berilgan topshiriqlarni bajarishda nazariy hamda amaliy yordam berib keladi.
O‘quvchilar qanday yumush bilan shug‘ullanmasin, o‘rnatilgan radiouzel orqali maktab hayoti, ta’lim-tarbiya va ijtimoiy muhim mavzulardagi lavhalar, suhbatlarni ham tinglab, yangiliklardan xabardor bo‘lib borishlari mumkin. Barcha chiqish va lavhalar iste’dodli o‘quvchilar tomonidan tayyorlanib boriladi.
Tomosha taassurotlaridan zavqlanib, ajoyib bayram kechasi ustidan chiqib qoldik. Shoira Zulfiyaxonim tavalludiga bag‘ishlab tayyorlangan tadbirda o‘quvchi-yoshlar o‘z iqtidorlarini namoyish etdilar. Shoiraning ibratli hayot yo‘li, ijodidan namunalar, ajoyib sahna ko‘rinishlari Zulfiyaxonimni yanada yaxshiroq anglashga, tanishga turtki bo‘ldi.
Yaratilgan shart-sharoitlardan, imkoniyatlardan ko‘zimiz quvnadi, bahri-dilimiz ochildi. Kutilayotgani esa natija.
Sayyora ALLAYEVA