Mahallalarda yashil hududlarni ko‘paytirish nafaqat atrof-muhitni obodonlashtirish, balki aholi uchun sog‘lom va qulay yashash muhitini yaratishda ham muhim ahamiyatga ega. Shu bois Surxondaryo viloyatida ko‘kalamzorlashtirish ishlari yangi bosqichda davom ettirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 23-sentabrdagi PF–206-son Farmonida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida kuzgi mavsumda viloyatdagi 723 ta mahallada ko‘kalamzorlashtirish tadbirlarini amalga oshirish, 30 ta mikroo‘rmon, 30 ta soyali sayr ko‘chasi hamda 30 ta jamoatchilik bog‘ini barpo etish rejalashtirilgan.
Ushbu tashabbus doirasidagi amaliy ishlardan biri Sherobod tumanidagi “Gulchinor” mahallasida olib borilmoqda. Xususan, mahallaning Chinobod ko‘chasida ajratilgan 8 sotix yer maydonida mikroo‘rmon tashkil etilmoqda.
Bunday yashil hududlar daraxtlar sonini ko‘paytirish bilan birga, havodagi chang miqdorini kamaytirish, yozning issiq kunlarida salqin muhit yaratish va biologik xilma-xillikni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi. Eng muhimi, mikroo‘rmonlar vaqt o‘tishi bilan mahalla aholisi sayr qilishi, tabiat qo‘ynida hordiq chiqarishi va bolalarda tabiatga mehr uyg‘otishi mumkin bo‘lgan maskanlarga aylanadi.
Demak, bugun ajratilgan 8 sotix yerda boshlangan ish ertaga mahalla ekologiyasiga qo‘shilgan munosib hissa bo‘lishi mumkin.

