O‘zbekistonning ma’muriy-hududiy chegaralarini aniqlashtirish va huquqiy jihatdan mustahkamlash ishlari davom etmoqda. Bu borada Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlari o‘rtasidagi chegara chizig‘ini belgilashga qaratilgan qaror loyihasi ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida Surxondaryo viloyatining Qashqadaryo viloyati bilan ma’muriy-hududiy chegaralarini tasdiqlash to‘g‘risidagi qaror loyihasi ko‘rib chiqilib, deputatlar tomonidan qabul qilindi.

Loyihada ikki viloyat o‘rtasidagi umumiy uzunligi 209,15 kilometr bo‘lgan chegara chizig‘ini tasdiqlash nazarda tutilgan. Chegaralarni belgilashda zamonaviy kartografik materiallar, aerosuratlar va topografik xaritalardan foydalanilgan.
Chegara chiziqlari yaylov va lalmi yer maydonlarining yaxlitligini saqlash, shuningdek, hududning tabiiy relyefini hisobga olish asosida ishlab chiqilgan.
Mazkur qarorning qabul qilinishi yer hisobi va kadastr ma’lumotlarini aniqlashtirish, yerdan foydalanish bilan bog‘liq tushunmovchiliklarning oldini olish hamda hududiy chegaralarning huquqiy aniqligini ta’minlashga xizmat qiladi.

