Qishloq xo‘jaligida yangi g‘oya, zamonaviy bilim va tashabbuskorlik tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu borada o‘z faoliyati bilan namuna ko‘rsatayotgan yosh fermerlarning yutuqlari esa sohaga kirib kelayotgan yangi avlod salohiyatini namoyon etadi.
Toshkent shahrida o‘tkazilgan “Yosh fermerlar” chempionatida mamlakatimizning turli hududlaridan kelgan yosh dehqon va fermerlar, agrosoha vakillari hamda agroblogerlar o‘z bilim va tajribalarini sinovdan o‘tkazdi.
Quvonarlisi, musobaqada Surxondaryo viloyati, Sherobod tumani Boyqishloq mahallasida faoliyat yurituvchi Zilola Abdurashid qizi Abrayeva “Yilning eng yosh dehqoni” nominatsiyasida ikkinchi o‘rinni egallab, 30 million so‘m pul mukofoti bilan taqdirlandi.
Bu natija yosh fermerning izlanishi va mehnatiga berilgan munosib e’tirof bo‘lish bilan birga, qishloq xo‘jaligida yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash muhimligini ham ko‘rsatadi.

