Har bir bolaning o‘ziga xos qobiliyati bor. Muhimi, uni yuzaga chiqarish, rivojlantirish va munosib rag‘batlantirish uchun imkoniyat yaratishdir. Termiz shahridagi 26-umumta’lim maktabida “Men ham shu Vatan bunyodkoriman” shiori ostida o‘tkazilgan “Sen iste’dodlisan” tanlovining Surxondaryo viloyat bosqichi ana shu maqsadga xizmat qildi.
Alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar o‘rtasida tashkil etilgan tanlovda viloyatning turli hududlaridan 40 nafar o‘quvchi ishtirok etib, san’atning turli yo‘nalishlarida o‘z iste’dodini namoyon etdi. Ishtirokchilarning chiqishlari ijro mahorati, sahna madaniyati, badiiy ifoda va ijodiy yondashuv mezonlari asosida baholandi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, estrada-vokal va an’anaviy ijrochilik yo‘nalishida Qiziriq tumanidagi 23-umumta’lim maktabi o‘quvchilari Shamshodbek Qo‘zimurodov va Suhrobbek Bozorov, tasviriy san’at yo‘nalishida esa Sherobod tumanidagi 56-umumta’lim maktabi o‘quvchilari Muxlisa Iskandarova va Jasmina Akramova birinchi o‘rinni egalladi.
G‘oliblar respublika bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi. Faol qatnashgan o‘quvchilar ham tashkilotchilarning tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Tanlov bolalarning ijodiy salohiyatini namoyon etish bilan birga, o‘z kuchiga ishonchini mustahkamlash, jamiyat hayotida faol ishtirok etishiga rag‘bat beradigan muhim maydon bo‘ldi.

