Yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat, harbiy xizmatga hurmat va yurt himoyachisi bo‘lishga intilishni shakllantirishda amaliy uchrashuvlarning o‘rni muhim.
Shu maqsadda Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi Kakaydi garnizonida Qumqo‘rg‘on va Jarqo‘rg‘on tumanlaridagi umumta’lim maktablarining “Jasorat” sinfi o‘quvchilari uchun “Ochiq eshiklar kuni” tashkil etildi.
Tadbirda o‘quvchilar harbiy xizmatchilarning kundalik faoliyati, xizmat sharoitlari va harbiy qism hayoti bilan yaqindan tanishdi. Zamonaviy harbiy texnika va qurol-aslaha namunalari namoyishi ularda katta qiziqish uyg‘otdi. Shuningdek, harbiy qism kutubxonasi, muzeyi va sport inshootlari bilan tanishish orqali harbiy kasbning o‘ziga xos jihatlari haqida tasavvurga ega bo‘lishdi.
Bunday uchrashuvlar yoshlarning milliy armiyamizga qiziqishini oshirish, ularda Vatanga sadoqat, mardlik va fidoyilik tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qiladi.

