Hududlarda aholi turmush sharoitini yaxshilash, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni kambag‘allikdan chiqarish hamda qish mavsumini barqaror o‘tkazish bir-biri bilan chambarchas bog‘liq vazifalardir. Ularning ijrosi esa joylarda mavjud holatni chuqur o‘rganish va har bir masalaga aniq yechim topishni taqozo etadi.
Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Muzrabot tumani Guliston mahallasidagi 40-sonli umumta’lim maktabida bo‘lib, viloyatdagi barcha tuman va shaharlar rahbarlari ishtirokida Zoom platformasi orqali yig‘ilish o‘tkazdi.
Unda hududlarning kunlik ko‘rsatkichlari, aholini xatlovdan o‘tkazish jarayonlari va qishloq xo‘jaligi sohasidagi dolzarb masalalar muhokama qilindi. Belgilangan vazifalar ijrosi, mavjud muammolar va ularning yechimlari yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.

Shundan so‘ng, viloyat rahbari Guliston mahallasida Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar bilan uchrashdi. Muloqotda xonadonlarning ijtimoiy ahvoli, muammolari, qiziqishlari va imkoniyatlari o‘rganilib, fuqarolarning murojaat hamda takliflari tinglandi.
Davlat ta’minotidagi, shuningdek, kambag‘allikning qizil va sariq toifalariga kiritilgan oilalar bilan alohida suhbatlar o‘tkazildi. Har bir xonadonning sharoiti va salohiyatidan kelib chiqib, fuqarolarni doimiy daromad manbaiga ega qilish, tadbirkorlikka yo‘naltirish va bandligini ta’minlash bo‘yicha individual rejalar belgilandi. Ularning ijrosi uchun mas’ul rahbarlarga aniq vazifalar yuklatildi.
Tashrif davomida qish mavsumiga tayyorgarlik masalalari ham e’tibordan chetda qolmadi. Maktab hududida kommunal soha, boshqaruv servis kompaniyalari hamda Favqulodda vaziyatlar bo‘limi mas’ullari ishtirokida o‘tkazilgan muhokamada elektr energiyasi, issiqlik va ichimlik suvi ta’minoti, kommunal xizmatlar ko‘rsatish borasidagi ishlar va kelgusi rejalar yuzasidan axborot berildi.
Viloyat hokimi aholini energiya resurslari bilan uzluksiz ta’minlash, kommunal xizmatlar sifatini oshirish, yong‘in, is gazidan zaharlanish va boshqa favqulodda holatlarning oldini olish bo‘yicha mas’ullarga aniq topshiriqlar berdi. Vazifalar ijrosi uchun muddatlar belgilandi.

