Konstitutsiyada belgilangan inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, fuqarolarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda ularning muammolariga yechim topish huquqiy davlatning muhim mezonlaridan biridir. Boysun tumanida shu mavzuda “Konstitutsiya – inson huquqlari va qonuniy manfaatlarining mustahkam kafolati” mavzusida “Ombudsman maktabi” ochiq muloqoti va sayyor qabul tashkil etildi.
Tadbirda tuman hokimi Boxodir Shukurov, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) o‘rinbosari Bekzod Narimanov, Ombudsmanning viloyatdagi vakili Abdirashid Artiqov, Migratsiya agentligining hududiy filiali vakili Rustam Choriyev, Oliy Majlis Senati a’zosi, viloyat Xalq qabulxonasi mudiri Dilbar Suvonova, shuningdek, deputatlar va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Ochiq muloqotda Ombudsmanning inson huquqlarini himoya qilishdagi o‘rni, tibbiy yordam va xizmatlardan foydalanish tartibi, tibbiy sug‘urta imkoniyatlari haqida so‘z yuritildi. Shuningdek, xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish, tashqi mehnat migratsiyasi, xorijda ishlash istagidagi fuqarolarni kasb-hunar va xorijiy tillarga o‘qitish masalalari muhokama qilindi. Ishtirokchilarga noqonuniy migratsiyaning oqibatlari hamda 2-noyabr kuni Prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda belgilangan vazifalar yuzasidan tushuntirishlar berildi.
Tadbir yakunida sayyor qabul o‘tkazilib, fuqarolarning murojaatlari tinglandi. Ko‘tarilgan masalalar yuzasidan tegishli tushuntirish va tavsiyalar berildi.

