O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, eksport hajmini oshirish va transport-logistika imkoniyatlaridan samarali foydalanish ikki tomonlama muloqotning muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatilla Irgashev hamda Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov boshchiligidagi delegatsiya Afg‘onistonning Balx viloyati markazi Mozori Sharif shahriga tashrif buyurdi. Delegatsiya a’zolarini Hayraton chegara postida Balx viloyati hokimi o‘rinbosari Nurulhodi Abu Idris boshchiligidagi rasmiylar kutib oldi.
Tashrif doirasida delegatsiya dastlab Mozori Sharif shahrida O‘zbekiston muhandislari loyihasi asosida barpo etilayotgan Alisher Navoiy yodgorligi qurilishi bilan tanishdi.
Shundan so‘ng Balx viloyati hokimligida Afg‘oniston qishloq xo‘jaligi, irrigatsiya va chorvachilik vaziri Ataullo Umariy hamda viloyat hokimi Muhammad Yusuf Vafo bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda ikki mamlakatning tegishli idoralari vakillari va tadbirkorlar ham ishtirok etdi.
Muloqotda Afg‘onistonda yetishtirilayotgan ho‘l va quruq mevalarni O‘zbekiston bozoriga olib kirish, mamlakatimiz orqali uchinchi davlatlarga eksport qilish, mahsulotlarni saqlash va tashish imkoniyatlari muhokama qilindi. Bunda temiryo‘l va avtomobil transporti salohiyatidan foydalanish, chegara va bojxona xizmatlari faoliyatini muvofiqlashtirish, yuklarni rasmiylashtirishni tezlashtirish hamda chegara punktlarida 24 soatlik ish rejimini yo‘lga qo‘yish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, Amudaryo qirg‘oqlarini mustahkamlash, daryo o‘zani o‘zgarishi bilan bog‘liq xavflarning oldini olish va qirg‘oqbo‘yi hududlar xavfsizligini ta’minlash yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuvda ilgari surilgan takliflar ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo aloqalarini kengaytirish, tadbirkorlar uchun yangi imkoniyatlar yaratish va amaliy hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.

