Bugungi kunda energiya resurslaridan oqilona foydalanish, elektr ta’minoti barqarorligini ta’minlash va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish iqtisodiy taraqqiyotning muhim shartlaridan biridir. Quyoshli kunlari ko‘p, gidroenergetik salohiyati yuqori bo‘lgan Surxondaryo viloyatida bu borada keng imkoniyatlar mavjud. Ulardan samarali foydalanish esa nafaqat yangi quvvatlarni ishga tushirish, balki qonuniylikni ta’minlash va resurslar sarfi ustidan nazoratni kuchaytirishni ham talab etadi.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, viloyatda gidroenergetik quvvatlar so‘nggi to‘qqiz yilda to‘qqiz barobar oshib, 273,4 MVtga yetgan. Ayni paytda 13 ta gidroelektr stansiyasi faoliyat yuritib, yillik elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 800 million kilovatt-soatni tashkil etmoqda. Yuqori To‘polang daryosida umumiy quvvati 80 MVt bo‘lgan Kishtut GESlar kaskadi loyihasining amalga oshirilishi ham hududning energetik imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Quyosh energetikasi yo‘nalishida ham amaliy ishlar olib borilmoqda. Bosh prokuraturaning rasmiy axborotida Termiz shahar suvoqova korxonasi hududidagi 10 gektar maydonda oltita oliy ta’lim muassasasining elektr energiyasi ehtiyojini qoplashga mo‘ljallangan 5,5 MVt quvvatli quyosh panellarini o‘rnatish jarayoni o‘rganilgani qayd etilgan. Shuningdek, Termiz shahridagi “Bog‘ishamol” mahallasi, Qumqo‘rg‘on tumanidagi “Qumteks” klasteri va Termiz podstansiyasidagi ishlar bilan tanishilgan. Bunday loyihalar energiya xarajatlarini kamaytirish va elektr ta’minotini yaxshilash uchun imkoniyat yaratadi. Biroq kutilgan samaraga erishish uchun loyihalarning belgilangan tartibda amalga oshirilishi, resurslardan maqsadli foydalanish va energiya isrofining oldini olish ham muhim.
Aynan shu jarayonda prokuratura organlarining qonun bilan belgilangan vakolatlari doirasidagi nazorati alohida ahamiyat kasb etadi. Davlat dasturlari ijrosini o‘rganish, qonunbuzilishlarga huquqiy baho berish va ularni bartaraf etish choralarini ko‘rish sohada qonuniylikni mustahkamlashga xizmat qiladi. Bunda prokuratura nazoratining maqsadi faqat kamchiliklarni aniqlash emas, balki ularning sabablarini bartaraf etish va takrorlanishining oldini olishdan ham iborat. Energetika obyektlarining texnik holati va elektr xavfsizligi esa tegishli maxsus vakolatli organlar tomonidan nazorat qilinadi.
2024-yil 7-avgustda qabul qilingan O‘RQ-940-son “Energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish to‘g‘risida”gi Qonun ushbu yo‘nalishdagi ishlarning muhim huquqiy asosidir. Uning talablariga rioya etish davlat tashkilotlari, korxonalar, tadbirkorlar va aholining umumiy mas’uliyatini nazarda tutadi.
Surxondaryoning quyosh va gidroenergetik imkoniyatlaridan samarali foydalanish yangi loyihalarni amalga oshirish bilan birga, energiya tejamkorligi madaniyatini rivojlantirish va qonuniylikni ta’minlashga ham bog‘liq. Zero, energetik salohiyatning haqiqiy samarasi nafaqat ishlab chiqarilgan energiya hajmi, balki undan qay darajada oqilona, tejamkor va qonuniy foydala-nilayotganida namoyon bo‘ladi.
Botir Yusupov,
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi boshqarma katta prokurori

