Tabiatni asrashning samarasi faqat ekilgan daraxtlar soni bilan emas, balki ularning tuproqni yemirilishdan himoya qilishi, chang tarqalishini kamaytirishi va aholi uchun sog‘lom yashash muhitini yaratishi bilan o‘lchanadi. Surxondaryo viloyatida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida kuzgi ko‘chat ekish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Joriy yilda millionlab ko‘chat ekish, mahallalarni ko‘kalamzorlashtirish, yangi yashil hududlar tashkil etish va ko‘chat yetishtirish imkoniyatlarini kengaytirish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, chiqindilarni bartaraf etish, ekologik huquqbuzarliklarning oldini olish va aholi murojaatlari bilan ishlash ham dolzarb vazifalardan bo‘lib qolmoqda.
Viloyatda bu borada qanday ishlar amalga oshirilmoqda? Rejalarning amaliy natijasi nimalarga bog‘liq? Shu savollar bilan Surxondaryo viloyati Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi boshlig‘i Bahodir Urunovga murojaat qildik.
— Surxondaryo sharoitida yashil hududlarni kengaytirish nafaqat obodonlashtirish, balki chang bo‘ronlari va shamol eroziyasining oldini olish uchun ham muhim. Bu yilgi kuzgi mavsumda qanday ishlar rejalashtirilgan?
— Joriy kuzgi mavsumda viloyat bo‘yicha 11 million tupdan ortiq ko‘chat ekishni rejalashtirganmiz. Bu borada nafaqat ko‘chatlar soniga, balki ularning hudud iqlimiga mosligi, parvarishlanishi va uzoq muddatda ekologik samara berishiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.Hozirda ekish maydonlarini tayyorlash, tuproq holatini yaxshilash va zarur sharoitlarni yaratish ishlari olib borilmoqda. Angor tumanidagi “Ilg‘or” mahallasidagi 179 gektar maydonda kuzgi mavsumga tayyorgarlik jarayoni boshlab yuborilgan.
Maqsadimiz — daraxtlar va butalardan iborat yashil hududlarni kengaytirish orqali shamol ta’sirini yumshatish, tuproq zarrachalarining ko‘chishini cheklash va chang tarqalishini kamaytirish. Buning uchun har bir maydonning tabiiy sharoitidan kelib chiqib ish yuritish zarur.
— Yashil belbog‘lar barpo etishda avvalgi tajriba qanday natija berdi? Yangi mavsumda bu tajribadan qanday foydalaniladi?
— Avvalgi mavsumda Qoraqir massivida 108 gektar maydonda yashil belbog‘ barpo etilib, tomchilatib sug‘orish tizimi yo‘lga qo‘yilgan edi. Bu tajriba ko‘kalamzorlashtirish ishlarida suv resurslaridan oqilona foydalanish va ko‘chatlarni muntazam parvarishlash qanchalik muhimligini ko‘rsatadi.
Yashil belbog‘lar shamol tezligini pasaytirish, tuproqning unumdor qatlamini saqlash va changning tarqalishini cheklashga yordam beradi. Biroq bunday natijaga erishish uchun ko‘chat ekishning o‘zi kifoya qilmaydi. Ularning tutib ketishini ta’minlash, sug‘orishni to‘g‘ri tashkil etish va qurib qolgan nihollarni o‘z vaqtida aniqlash zarur.
Shu bois mavjud yashil hududlarni saqlash bilan birga, yangi maydonlarda ham parvarish ishlarini izchil yo‘lga qo‘yishga e’tibor qaratyapmiz.
— Ko‘ka-lamzorlashtirish ishlari faqat yirik maydonlardagi yashil belbog‘lar bilan cheklanmaydi. Aholi yashash hududlarida qanday o‘zgarishlar kutilmoqda?
— Joriy mavsumda 723 ta mahallada ko‘kalamzorlashtirish ishlarini amalga oshirish, shuningdek, 30 ta mikroo‘rmon, 30 ta soyali sayr ko‘chasi va 30 ta jamoatchilik bog‘ini tashkil etish rejalashtirilgan.
Bu tashabbuslar aholi yashaydigan hududlarda yashil maydonlarni ko‘paytirish, odamlar dam olishi uchun qulay maskanlar yaratish va mahallalarning ekologik holatini yaxshilashga qaratilgan. Bunda faqat yangi daraxtlar ekish emas, balki mavjud hududlarni asrash, sug‘orish va parvarishlash tizimini to‘g‘ri tashkil etish ham muhim.
Shahar va qishloqlardagi yashil maydonlar aholining kundalik hayotiga bevosita ta’sir qiladi. Shuning uchun ularni barpo etishda joyning ehtiyoji, suv imkoniyatlari va kelgusidagi parvarish masalalari oldindan hisobga olinishi kerak.
— Ko‘chatlarni yetishtirish va parvarishlash imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha ham rejalar bor. Bu yo‘nalishda qanday yangiliklar kutilmoqda?
— Viloyatda ko‘chat yetishtirish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida o‘rmon xo‘jaliklari tomonidan Belarus tajribasi asosida 8 gektar maydonda zamonaviy ko‘chatxona tashkil etish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, o‘simlik qoldiqlaridan samarali foydalanish, tuproqni asrash va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini takomillashtirishga qaratilgan kompostlash, mulchalash hamda shox-shabbani maydalash yo‘nalishidagi tashabbuslar ham ko‘zda tutilgan.
Bunday yondashuv daraxt ekish bilan bog‘liq ishlarni tizimli tashkil etishga yordam beradi. Zero, sifatli ko‘chat yetishtirish, hududga mos turlarni tanlash va ularni parvarishlash imkoniyatlari qanchalik yaxshi yo‘lga qo‘yilsa, ekish mavsumidagi mehnatning samarasi ham shunchalik yuqori bo‘ladi.
— Ekologik barqarorlikni ta’minlashda chiqindilar bilan bog‘liq muammolar ham dolzarb. Bu boradagi ishlar qanday tashkil etilmoqda?
— Hududlarning tozaligi va sanitariya holatini yaxshilash ekologik ishlarning muhim qismi hisoblanadi. Joriy yilning oktyabr oyigacha, viloyatda “Tozalik va ozodalik oyligi” doirasidagi tadbirlarga 167 ta maxsus texnika va 251 nafar xodim jalb etildi. Natijada 522 tonna chiqindi olib chiqilib, 179 ta mahallada tozalash ishlari amalga oshirildi.
Shu bilan birga, chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlash holatlarining oldini olish bo‘yicha nazorat tadbirlari ham o‘tkazilmoqda. 7-oktyabr holatiga ko‘ra, 8 ta huquqbuzarlik aniqlanib, qonunchilikda belgilangan tartibda jami 4 million 400 ming so‘m jarima qo‘llanilgan.
Biroq ekologik muammolarni faqat tozalash tadbirlari va jarimalar orqali hal etib bo‘lmaydi. Chiqindilarni o‘z vaqtida olib chiqish, belgilangan joylarga tashlash tartibiga rioya etish va aholining ekologik mas’uliyatini oshirish ham birdek muhim.
— Boshqarmaga kelib tushayotgan murojaatlar aholini tashvishga solayotgan muammolarni aniqlashda qanday ahamiyat kasb etmoqda?
— Fuqarolar murojaatlari hududlardagi ekologik holatni o‘rganish va mavjud muammolarga yechim topishda muhim manba hisoblanadi. 2026-yilning to‘qqiz oyi davomida jismoniy va yuridik shaxslardan 771 ta murojaat kelib tushgan. Ularning 551 tasi qanoatlantirilgan, 181 tasi bo‘yicha tushuntirish berilgan, 15 tasi tegishli tashkilotlarga yuborilgan. Sakkizta murojaat ko‘rmasdan qoldirilgan yoki rad etilgan, 16 tasi bo‘yicha o‘rganish ishlari davom etmoqda.
Har bir murojaat ortida muayyan hudud yoki fuqaroni tashvishga solayotgan masala bor. Shuning uchun ularni ko‘rib chiqishda faqat rasmiy javob berish bilan cheklanmay, muammoning sababini aniqlash va vakolat doirasida amaliy chora ko‘rishga intilamiz. Takroriy murojaatlar esa ayrim masalalarni tizimli hal etish zarurligini ko‘rsatishi mumkin.
— Ekologik barqarorlikni ta’minlashda eng muhim vazifa nimadan iborat deb hisoblaysiz?
— Eng muhim vazifa — boshlangan ishlarning barqaror natijasini ta’minlash. Bu ekilgan ko‘chatlarning tutib ketishi, “yashil belbog‘”larning samarali faoliyat yuritishi, mahallalar tozaligi va ekologik qoidalarga rioya etilishida namoyon bo‘ladi.
Bu jarayonda davlat tashkilotlari bilan bir qatorda, mahalla faollari, ta’lim muassasalari, tadbirkorlar va aholining ham ishtiroki muhim. Tabiatni asrashni faqat muayyan mavsumda o‘tkaziladigan tadbir sifatida emas, kundalik mas’uliyat deb qabul qilishimiz kerak.
Ekologik barqarorlik bir kunda shakllanmaydi. U izchil mehnat, to‘g‘ri rejalashtirish va umumiy mas’uliyatni talab qiladi. Bugun barpo etilgan yashil hududlar ertaga tuproqni himoya qilishi, changni kamaytirishi va aholi uchun qulay muhit yaratishi uchun ularni ekish bilan birga asrashni ham unutmasligimiz lozim.
S.Allayeva suhbatlashdi

