Ona tili — millatning tarixiy xotirasi, ma’naviy qiyofasi va kelajakka eltuvchi ko‘prigidir. Uni sevish faqat bayram kunlari tilga olish bilan emas, har bir so‘zni o‘rinli qo‘llash, fikrni ravon ifodalash va kundalik muloqotda tilimizga hurmat bilan munosabatda bo‘lish orqali namoyon bo‘ladi.
O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishi milliy o‘zligimizni anglash yo‘lidagi muhim tarixiy qadam bo‘ldi. Mahmud Koshg‘ariy, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi buyuk ajdodlarimiz asrlar davomida tilimizning boyligi va imkoniyatlarini namoyon etib kelgan. Ayniqsa, Navoiyning turkiy tilning qudratini asoslab bergan ijodi bugun ham ona tilimizga bo‘lgan mas’uliyatni eslatadi.
Bugun bu mas’uliyat, avvalo, yoshlar zimmasida. Chunki ular ertaga turli sohalarda faoliyat yuritib, jamiyat bilan muloqot qiladi, bilim va tajribasini boshqalarga yetkazadi. Xususan, jismoniy tarbiya yo‘nalishida tahsil olayotgan bo‘lajak murabbiylar uchun ham nutq madaniyati kasbiy mahoratning muhim qismidir. Murabbiyning aniq ko‘rsatmasi, o‘rinli so‘zi va samimiy muomalasi shogirdning ishonchi hamda tarbiyasiga ta’sir ko‘rsatadi.
Shu bois ona tilini qadrlash bilan birga, uni puxta o‘rganish, so‘z boyligini oshirish, imlo va nutq madaniyatiga e’tibor berish muhim. She’riyat kechalari, insholar tanlovi, notiqlik bellashuvlari va tilga oid bilimlarni mustahkamlovchi tadbirlar yoshlarning bu boradagi qiziqishini oshirishga xizmat qiladi.
Tilning ravnaqi faqat uning boyligi bilan emas, undan qanday foydalanishimiz bilan ham belgilanadi. Ona tilimizga hurmat har birimizning so‘zimizda, yozganimizda va boshqalar bilan muloqotimizda aks etsin. Zero, tilni asrash — milliy o‘zlikni asrash, uni e’zozlash esa kelajak oldidagi mas’uliyatdir.
Sherxon Mirzayev,
Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti talabasi

