21-oktyabr — O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan Termiz shahrida tantanali tadbirlar boshlandi. Ona tilimizning beqiyos jozibasi, boy tarixi va milliy o‘zligimizni ifodalovchi qudratiga bag‘ishlangan bayram ko‘tarinki ruhda o‘tdi.
Bayram tantanalari buyuk mutafakkir va so‘z mulkining sultoni Alisher Navoiy haykali poyiga gulchambarlar qo‘yish marosimi bilan boshlandi. Unda davlat va nodavlat tashkilotlar vakillari, tilshunos olimlar, shoir va yozuvchilar, ta’lim muassasalari o‘qituvchi hamda talabalari, harbiylar ishtirok etib, ona tilimizga ehtirom bajo keltirdi.

Tadbir davomida Surxondaryo viloyati hokimining O‘zbek tili bayrami munosabati bilan voha ahliga yo‘llagan tabrigi Termiz davlat universiteti rektori Abduqodir Toshqulov tomonidan o‘qib eshittirildi.
So‘zga chiqqanlar o‘zbek tilining asrlar qa’ridan kelayotgan boyligi, betakror jozibasi va xalqimiz ma’naviy hayotidagi beqiyos o‘rni haqida so‘z yuritdi. 1989-yil 21-oktyabrda o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgani milliy o‘zlikni anglash, ona tilimizning jamiyat hayotidagi mavqeyini mustahkamlash yo‘lidagi muhim tarixiy voqea sifatida e’tirof etildi.

Shuningdek, tilimizning nufuzini oshirish, uning qo‘llanish doirasini kengaytirish va kelajak avlodga boy ma’naviy meros sifatida yetkazish mas’uliyati ta’kidlandi. Ayni paytda bayram tadbirlari San’at saroyi majmuasida davom etmoqda.

Ona tilimiz — xalqimizning tarixi, qalbi va tafakkurini o‘zida mujassam etgan bebaho ma’naviy xazinadir. Uni e’zozlash — o‘zligimizni e’zozlash, ravnaqi uchun xizmat qilish esa kelajak avlod oldidagi sharafli burchimizdir.

