Farzandining qonunga xilof ishini yashirishga uringan ota oqibatda o‘zi ham jinoiy javobgarlikka tortildi. Bu voqea har qanday muammoni pora orqali hal qilishga urinish og‘ir oqibatlarga olib kelishini ko‘rsatadi.Karim Norov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) 60 yoshni qoralagan, sakkiz nafar farzandi bor, nafaqaxo‘r. Uning yashash xonadoni va yordamchi xo‘jaliklari tezkor xodimlar tomonidan xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida, o‘g‘li Narimon Norov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) yangi qurilayotgan uyi poydevoridagi gultuvakda 2 tup hamda poydevor va tomorqa orasidagi yo‘lak chetida, gullar orasida 10 tup ko‘knor o‘simligiga o‘xshash o‘simliklarni ekib, parvarishlab kelayotgani aniqlangan. O‘simliklar belgilangan tartibda hujjatlashtirib olingan.
Shundan so‘ng Karim Norov farzandining qilmishini yashirish va ishni ijobiy hal qilish maqsadida Uzun tumani ichki ishlar bo‘limi mas’ul xodimiga murojaat qiladi. U rasmiylashtirilgan hujjatlarni yo‘q qilib yuborish evaziga 5 ming AQSH dollari miqdorida pora taklif etadi.
Xodim pora berish va olish jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishini tushuntirganiga qaramay, Norov o‘z taklifidan qaytmaydi. Xodimning bildirgisi asosida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida u 1 ming AQSH dollarini pora sifatida berayotgan vaqtida ushlanadi. Pullar ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtiriladi.
Sudda ish holatlari batafsil o‘rganilib, Karim Norovning yoshi va oilaviy ahvoli inobatga olingan holda unga 2 yil 6 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.
Ushbu holatdan ko‘rinib turibdiki, yaqin insonni himoya qilish istagi qonunni buzish yoki pora taklif qilish uchun asos bo‘la olmaydi. Qonun talablariga rioya qilish har bir fuqaroning burchi bo‘lib, jinoiy qilmishni yashirishga urinishning o‘zi ham jiddiy javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin.
Farxod MIRZAKULOV,
jinoyat ishlari bo‘yicha Uzun tuman sudi raisi

